«Sijjak» oromgohi triatlon federatsiyasi ixtiyoriga o‘tadi. O‘tgan yili bu maskan O‘FAga berilgandi

Vazirlar Mahkamasining O‘zbekistonda triatlon sportini rivojlantirishga qaratilgan qarori muhokamaga qo‘yildi.
Qaror loyihasida «Sijjak» dam olish maskani ichidagi barcha jihozlari bilan O‘zbekiston triatlon federatsiyasiga tekin foydalanishga berilishi belgilangan.
«Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Sijjak» dam olish maskani va undagi sudning qarori bilan davlat foydasiga undirilgan barcha jihozlarni O‘zbekiston triatlon federatsiyasiga tekin foydalanishga berish haqidagi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Bosh prokuratura qoshidagi MIB va O‘zbekiston triatlon federatsiyasining taklifi inobatga olinsin», – deyiladi hujjat loyihasida.
Oromgoh negizida federatsiyaning o‘quv-mashg‘ulot bazasi tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bunga 15 mlrd so‘m ajratilishi ko‘rsatilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, ayni paytda mazkur dam olish hududida mehmonxona binosi, bir nechta basseyn, amfiteatr, kottej, suv minorasi va boshqa inshootlar, shuningdek, turli mol-mulklar (quloqchinlar, Wi-Fi router, changyutgichlar, televizorlar, idish-tovoqlar va boshqalar) mavjud. U jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017-yil 10-fevraldagi hukmi bilan hibs qilingan. Ushbu mol-mulklarni ham federatsiya tasarrufiga berish rejalashtirilgan. Agar hukm bekor qilinsa yoki o‘zgartirilsa, u holda federatsiya ularni egasiga (uning kimligi ko‘rsatilmagan, ayrim manbalarga ko‘ra, mulk o‘z vaqtida Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgani aytiladi) qaytarishi yoki uning qiymatini to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi etib prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari Otabek Umarov saylangan edi.
Yana bir e’tiborli jihat shundaki, Prezidentning o‘tgan yil mart oyida e’lon qilingan «Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida «Sijjak» dam olish maskanini O‘FA ixtiyoriga o‘tkazish belgilangandi.
«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mablag‘lari va Toshkent viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalarini moliyalashtirish manbasi etib belgilagan holda, sud tomonidan davlat daromadiga o‘tkazilgan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Sijjak» dam olish maskani negizida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin», deyilgandi qarorda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter