«Vikinglar» Husanovni ham ayashmadi
Yevropa Chempionlar ligasi 7-turida Norvegiyaga safar qilgan «Manchester Siti» «Budyo-Glimt»dan mag‘lubiyatga uchradi.
Gvardiola jamoasi o‘yinni ishonchli boshlagan, to‘p nazoratini saqlayotgandek tasavvur uyg‘otayotgandi. Ammo mezbonlar ikki daqiqa ichida (22 va 24-daqiqalar) muvozanatni butunlay o‘zgartirib yuborishdi va birinchi bo‘limni ikkita gol farqi bilan yakunlashdi.
Ikkinchi taymda «Budyo-Glimt»ning hujumlari kuchaydi va 58-daqiqada tablodagi yozuv 3:0 holatiga keldi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, Sherki farqni qisqartirdi.
Mehmonlar sardori Rodri 62-daqiqada ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatilganidan so‘ng amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Shu paytgacha Chempionlar ligasining bu mavsumida 6 o‘yinda atigi 3 ochko to‘plagan norvegiyaliklar ilk g‘alabali uch ochkoni «Siti»dan tortib olishdi.
O‘yinda Abduqodir Husanov maydonda to‘liq harakat qildi.
«Budyo-Glimt» o‘z maydonida raqibning nomi, murabbiyining kimligiga qarab o‘tiradigan jamoa emas. Yevropa konferensiyalar ligasining 2021-yil oktyabrida bu jamoa Joze Maurinio boshchiligidagi «Roma»ni 6:1 hisobida qaqshatqich mag‘lubiyatga uchratgan edi. O‘shanda Eldor Shomurodov rimliklar safida ikkinchi taymda to‘liq harakat qilgandi.
Mag‘lubiyatdan so‘ng «Manchester Siti» hisobida 13 ochko bor (jadvalda pasayishi aniq), «Budyo-Glimt» esa 6 ochko bilan hozircha 26-o‘ringa ko‘tarildi.
YChL. 7-tur
Budyo-Glimt – Manchester Siti 3:1
Gollar: Hog 22, 24, Haug 58 – Sherki 60
Manchester Siti: Donnarumma, Lyuis, Abduqodir Husanov, Alleyn, Ait-Nuri, Rodri, Reynders, O’Rayli, Foden (Marmush, 70), Sherki, Holand.
Chetlatish: Rodri 62 (ikkinchi sariq kartochka).


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter