Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Aqlli tibbiyot»: Shifokor huzuriga borib o‘tirmaysiz, dorilarni esa uyda 3D-printerda chiqarib olaverasiz

«Aqlli tibbiyot»: Shifokor huzuriga borib o‘tirmaysiz, dorilarni esa uyda 3D-printerda chiqarib olaverasiz

Foto: «Running Pony»

Bugun rivojlanishning innovatsion modellari va «aqlli» texnologiyalarni hayotga keng tatbiq etayotgan mamlakatlarda eng muvaffaqiyatli va barqaror rivojlanish kuzatilmoqda.

Bunday mamlakatlar taraqqiyoti, ularning jahon bozorlarida raqobatbardoshligi tabiiy resurslarni eksport qilish va jismoniy mehnatdan foydalanishga emas, balki innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarga asoslanadi. Ushbu mamlakatlarda innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha davlat strategiyasining ijrosi shartli ravishda «kelajak vazirliklari» deb nomlanuvchi maxsus idoralar tomonidan amalga oshiriladi.

Bugungi maqolamizda «Aqlli tibbiyot» haqida, bu borada jahon sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar xususida hikoya qilamiz.

Raqamli tibbiyot asri

Hozirda inson faoliyati ko‘rsatkichlari, xususan, yurak pulsi, nafas tezligi, jismoniy faollik, umumiy holati, dori-darmonlar qabul qilish va boshqalar haqida axborot to‘plash imkonini beruvchi juda ko‘plab turli qurilmalar mavjud. Ushbu qurilmalar (ko‘chma elektronika) orqali yig‘ilgan ma’lumotlar bemorlarning o‘zi uchun ham, ularni davolovchi shifokorlar uchun ham juda katta ahamiyatga ega. Mazkur ma’lumotlar asosida tashxis qo‘yish, bemorlarga ular hayot faoliyatidagi o‘zgarishlar haqida tavsiyalar berish, noxush holatlarni o‘z vaqtida va kasalliklar rivojlanishining boshlang‘ich bosqichidayoq aniqlash mumkin.

Narsalar internetiga ulangan ko‘chma texnologiyalar bugun jarayonlarni avtomatlashtirish va vaqtni tejashga katta yordam bermoqda. Bemor — shifokor an’anaviy usuli sezilarli o‘zgarishlarga yuz tutdi. Qurilmalar va datchiklar raqamli tibbiyotda yangi asrni boshlab berdi.

Onlayn jarrohlik asboblari

«Chimaera» qurilmasi 3D-tasvirning efirga uzatilishi sharofati bilan jarrohlik sohasida real vaqt tartibida operatsiyalarni o‘tkazish imkonini beradi. Bu asab tolalari va qon tomirlari bo‘yicha juda aniq yondashuvni ta’minlay oladi.

Uyda ham sog‘lig‘imiz nazoratda

Barchasi bemorlar salomatligini nazorat qilib turishga ko‘maklashadigan va ayni damda to‘la-to‘kis gadjetlarga aylangan aqlli brasletlardan foydalanishdan boshlangan. Narsalar interneti uyda turib tashxis o‘tkazish va vaqtni tejashni ta’minlaydi.

Foto: «Mpo-mag.com»

«Cambridge Consultants» kompaniyasi qondagi qand va xolesterin miqdorini nazorat qilish, shuningdek, qon bosimini o‘lchashga mo‘ljallangan «Flow Health Hub» qurilmasini yaratdi. Gadjet shifokorlar bilan bog‘lanadi va o‘zidagi ko‘rsatkichlar haqida xabar beradi. So‘rovnomada qatnashgan Buyuk Britaniya aholisining 91 foizi bugun uyda o‘tirib diagnostikadan o‘tishga rozi bo‘lgan bo‘lsa, qon bosimi va pulsni o‘lchashga xayrixohlar mos ravishda 72 va 65 foizni tashkil qilmoqda.

Tana qurilmalari

Qadamlarni hisoblash va uyquni nazorat qilish qurilmasi pulsni o‘lchash va nafas chastotasini kuzatish gadjetlarida juda tez rivojlanib ketdi. Har ikki ko‘rsatikichni «First Response Monitor» hisoblaydi. Uni «Cambridge Design Partnership» mutaxassislari ishlab chiqqan. Qurilma turli darajada shikastlangan, tabiiy ofatlar yoki harbiy harakatlardan jarohatlangan bemorlar holatini kuzatishga mo‘ljallangan.

Kelajak ko‘chma texnologiyalari

Bugun ishlab chiquvchilar ma’lumotlar yig‘ish texnologiyalarini yaratishgan, lekin kelajakda tibbiy xodimlar va bemorlar uyda bemalol foydalana oladigan innovatsiya qurilmalari va dasturlar ishlab chiqish ustida izlanishlar olib borishmoqda. Ya’ni, sun’iy intellekt sohasi jadal rivojlanishda. Masalan, «Plextek Consulting» kompaniyasidan Kollet Jonson inson ko‘krak qafasiga yopishtiriladigan va organizmni suv bilan qondirishni aniqlaydigan plastirlar paydo bo‘lishi haqida so‘zlaydi.

Gadjet yurak ish faoliyati, qon bosimi va tana harorati haqidagi ma’lumotlarni o‘qiy oladi. Bundan tashqari, u semizlikni davolovchi gadjet yaratib, odamlar tanovvul qilgan ovqatlar ular sog‘lig‘iga qanday ta’sir qilishini o‘rganmoqchi.

«CareClip» qurilmasi bemorga yurak hurujida vahimani yengishga yordam beradi. Uning aytishicha, aqlli sensorlar batareyasiz — biologik energiya, radioto‘lqin va tebranishlar asosida ishlaydi. Ular smartfon va planshetlarga «Bluetooth» yoki NFC simsiz aloqa kanali orqali ulanadi.

IoT-sensorlar kelajak uylarining bir qismiga aylanadi

«Nominet» mutaxassislari xotira yo‘qolishidan qiynalayotganlar uchun PIPS tugmachalarini ishlab chiqdilar. Agar bemor-foydalanuvchi harakat faoliyatini unutib qo‘ysa, tugmacha atrofdagilar e’tiborini bu shaxsga jalb qila oladi. Shuningdek, sensorlar ruhiy kasallikka chalingan bemorlarni nazorat qilish imkonini beradi. Bu kabi qurilmalar bozori besh yil ichida 47,4 mlrd. dollarga baholanishi taxmin qilinmoqda.

Foto: «Forbes»

Narsalar interneti profilaktik tibbiyot va surunkali kasalliklarni davolashda yangiliklar taqdim qilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, smart-shaharlarning global bozori hajmi 2020 yilgacha kengayadi va 1,4 trillion dollarni tashkil etadi. Ma’lumki, «aqlli shahar»lar maqsadi — shahar infratuzilmasini yaxshilash, xarajatlarni kamaytirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish hamda aholi yashash sifatini oshirish hisoblanadi. Bu vazifalarga «aqlli tibbiyot» ham qo‘shiladi. «Frost & Sullivan» taxminicha, 2020 yilga borib, «aqlli tibbiyot» «aqlli shaharlar» umumiy bozorining 15 foizini egallaydi.

Fadi ShANAAH, «Orange Business Services» — MENATning «Aqlli shahar» va sog‘liqni saqlash uchun biznesni rivojlantirish direktori:

— Narsalar interneti sog‘liqni saqlash uchun ideal yechim bo‘lib, «aqlli shahar» konsepsiyasini to‘ldiradi. Tarmoq qurilmalari va ko‘chma texnologiyalar shaharliklarni shifokor bilan masofaviy bog‘laydi va ularni konsultatsiya qilishga imkon beradi. Jarayon juda ham shaffof, iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lib, bemorlar uchun qulaylik tug‘diradi. Ta’kidlash joizki, yangi fikr yangi tibbiyotga yo‘l ochadi. Masalan, mening ona shahrim Dubayda bu shaharni tibbiy turizm markaziga aylantirishga qaratilgan tashabbus ilgari surilyapti. 2021 yilga borib, 1,3 million shunday sayyohlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan, so‘nggi besh yil davomida esa bu borada 13 foizlik o‘sishga erishiladi. Dastur doirasida Orange shifoxonalar uchun turli dasturiy ta’minot va datchiklarni yagona ekotizimga birlashtirishga yordam beradigan raqamli yechimlar taklif qiladi.

«Tibbiyot inqilobi»

Intellektual sog‘liqni saqlashda «aqlli tibbiy» uskunalar rivojlanishini rag‘batlantirish uchun «eHealth» (elektron sog‘liqni saqlash) va «mHealth» (mobil sog‘liqni saqlash) sohalarining eng yangi mobil va raqamli yutuqlaridan foydalanilmoqda. Tibbiyotga ham yondashuv o‘zgaryapti: aqlli trekerlar sharofati bilan shifokorlarda tibbiyot muassasalaridan tashqarida ham bemorlar holatidan doimiy xabardor bo‘lib turish, kasalliklardan ogohlantirish imkoniyati sezilarli oshib ketdi. Asosan «aqlli shahar» xizmatlaridagi qurilmalar o‘rtasidagi aloqa tibbiy xizmat ko‘rsatishga ham yangicha yondashuvlarni ochib bermoqda.

Foto: «Hempel Digital Health Network»

IoT-yechimlar «tibbiyot inqilobi»da muhim rol o‘ynaydi. Datchiklar bo‘yicha masofadan turib monitoring qilish tizimlari, masalan, mijoz qonidagi glyukoza miqdorini ko‘rsatadi va bu ma’lumotni darhol tahlil va prognoz uchun shifokorga yuboradi. Ushbu ma’lumot asosida mutaxassislar bemorga muolaja tayinlashadi va kerakli dori-darmon yozib berishadi. Dorilar esa 3D-printerda chop etiladi. Bularning bari — bemorning shifokor huzuriga kelishi, navbat kutishi va dorixonama-dorixona yurish mashaqqatiga chek qo‘yadi.

Maxfiylik birinchi o‘rinda

Tibbiy ma’lumotlar — o‘ta shaxsiy hisoblanadi, shu bois bemorning maxfiylik siyosati o‘ta muhim muammodir. Lekin ma’lumotlar kimga tegishli ekanligini mavhumlashtirish mumkin. Shu tarzda ma’lumotlar butligi va maxfiyligiga erishiladi. Bu ma’lumotlar innovatsiyalarni joriy etish hamda yetkazib beruvchi va hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash uchun juda foydalidir. Shuningdek, «aqlli shahar» tibbiyotiga, xususan, butun dunyo bo‘ylab shifokorlar o‘rtasida bilimlar almashinuviga foyda beradi.

  • Nihoyasiga yetgan yil respublikamizda «kelajak vazirligi»ga asos solingani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi — 29 noyabrda «O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida»gi Prezident farmoni imzolandi. Farmonda vazirlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, xususan, sog‘liqni saqlash tizimini, shu jumladan, kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilishni ta’minlaydigan ilg‘or texnologiyalarni, «Aqlli tibbiyot» va «Yagona tibbiyot axborot markazi» konsepsiyalarini joriy etish orqali jadal rivojlantirishga, shuningdek, aholining uzoq umr ko‘rishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga ko‘maklashish vazifalari belgilab berildi.

O‘ylaymizki, ushbu maqolamiz «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi rezidentlari uchun yangidan-yangi g‘oyalarni taqdim etadi va mamlakatimizda «Aqlli tibbiyot»ni rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring