Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda noqonuniy qurilgan bino va inshootlarda «snos» kuchaydi (video)

«Bu qonuniy hatti-harakatlarimiz ayrim tadbirkor va odamlarning noroziligiga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq, bugun o‘zboshimchalik va qonuniylikka ko‘z yumib o‘tilsa, ertaga shaharsozlik normalarining buzilishiga, ko‘pmingsonli odamlarning bunyodkorlik ishlaridan talofat ko‘rishiga sabab bo‘lib qolamiz...», Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari.

«Bir kun muhlat bering, hech bo‘lmasa, do‘kon ichidagi mulklarimizni yig‘ishtirib olaylik!»

«O‘zimga o‘t  qo‘yaman!»

«O‘zimni kran ostiga tashlayman. Yo‘limni to‘smang, qoching!»

«Shu payt sobiq hokimlar tirik bo‘lganida, bu hatti-harakatlaringga yo‘l qo‘ymas edi»

«To‘g‘ri, qurilishim noqonuniy. Ko‘p bor qattiq ogohlantirilganman. Ammo, buzib tashlanishiga ishonmay kelganmiz. Vaqt borida hujjatlarimni to‘g‘rilamay, qonuniylikka qo‘l siltab kelganimdan pushaymonman»....

Kuni kecha Buxoro viloyatida o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy barpo etilgan  yer maydonlarida tiklangan bino va inshootlar bartaraf etilayotgan paytda tadbirkorlarning bu so‘zlari uzoq vaqtdan buyon ogohlantirishlarga qaramay, holatga e’tiborsiz qo‘l siltab kelganlaridan darak berdi.

Jurnalistlar: Noqonuniy ob’yektlar bartaraf etilishiga ishonmaymiz. Bu shunchaki «piar»...

Buxoroda joriy yilning 20 oktyabrdan boshlab, prokuratura, majburiy ijro byurosi, viloyat qurilish va uy-joy kommunal sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi va boshqa tegishli xizmatlar hamkorligida hududdagi noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish amaliy chora-tadbirlari viloyatning barcha hududlarida boshlandi, deya xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri.

Ushbu jarayon oldi jurnalist, blogerlar, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilgan.

Matbuot anjumani ishtirokchilari tomonidan bugungi kunda shaharsozlik me’yorlariga javob bermaydigan yuzlab noqonuniy sub’yektlar mavjudligi, o‘zboshimcha qurilgan bino va inshootlar shahar ko‘rkini buzayotgani, «snos»lar haqidagi vajlar esa quruq gap ekanini, shu paytgacha ham  bu shunchaki «piar» uchun aytib kelingani, oqibatda shaharsozlik normalari izdan chiqib, o‘zboshimcha va noqonuniy qurilmalar safi kengayib borishiga xizmat qilib kelgani qattiq tanqid ostiga olingan.

Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Jalol Arashov.

«Yo‘q! «snos»ga ketadi!»

«Yo‘q, bartaraf etiladi. Noqonuniy, o‘zboshimcha qurilmalar borki, «snos»ga ketadi. O‘ziga xos qurilish-bunyodkorlik maydoniga aylangan shahar va tumanlarimizda bu sohada tartib o‘rnatish zarur. So‘nggi yillarda noqonuniy qurilgan bino va inshootlar tufayli turli salbiy holatlar yuzaga kelayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. O‘rganuvlar natijasida aniq bo‘ldiki, juda ham ko‘p kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Viloyatning barcha shahar-tumanlar hududlarida maishiy va tijorat binolariga ega bo‘lgan ko‘plab fuqarolar va tadbirkorlarning hujjatlari ham, tiklagan qurilmalari ham shaharsozlik me’yorlariga nomuvofiq. Mulkni sotib olayotganda ehtiyot bo‘lishmagan, tegishli idoralar bilan maslahatlashishmagan. Kerakli ruxsatnomalarni olmasdan yoki arxitektura hamda qurilish normalari va qoidalarini sezilarli darajada buzgan holda bino va inshootlar tiklab kelaverishgan. O‘rni kelganda, aytish mumkinki, o‘rinsiz va’dalarga ishonib kelishgan. Oqibatda turli salbiy holatlar yuzaga kelayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi», — dedi Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Jalol Arashov.

«Tan olish kerak, bunday o‘zboshimchaligu, noqonuniy qurilmalarning oshib ketish holatlarining yuz berishiga davlat organlari, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat, shu jumladan, yer kadastri, arxitektura va qurilish sohasidagi vakolatli organlarning beparvoligi ham sabab bo‘lgan. Yuqorida aytilganidek, noqonuniy bino, inshoot egaslari bunday quruq so‘zlarga, «qur, orqangda men borman!» degan va’dalarga ishonib ham kelishgan. Bu mutasaddilarning qariyb, 70-80 foizi bugun lavozimda emas...», — deya savol yo‘lladi «Xabar.uz» muxbiri.

Hokim o‘rinbosari savolga javoban shunday e’tiborsizliklar oqibatida qonunbuzilishlar soni oshib ketgani, bunday kamchiliklar qayta takrorlanmasligi uchun qat’iy choralar belgilanayotgani, bugun o‘ziga xos qurilish-bunyodkorlik maydoniga aylangan Buxoroda bu sohada tartib o‘rnatish zarurligi, qurilish sohasida kompleks yondashuvga talab oshganini bildirgan.

Darhaqiqat, uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga, ijtimoiy infratuzilma ob’yektlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim, tibbiyot va madaniyat muassasalari, istirohat bog‘lari va xiyobonlar, sport maskanlarini bunyod etishda shaharsozlik qoida va me’yorlariga alohida e’tibor qaratish taqozo qilmoqda. Buning uchun har qanday mezonda ham noqonuniy qurilmalarni qonunan bartaraf etishga to‘g‘ri keladi.

Ta’kidlanishicha, birgina Buxoro shahar hududida yer qonunbuzilish holatlarini aniqlash va oldini olish borasida joriy yilning 9 oyi davomida jismoniy shaxslar tomonidan jami 98 ta holatda 1,28 gektar yer maydonlarining o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlangan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barovarga oshgan. Aniqlangan qonunbuzilishlarning 6 ta holatida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlari dastlabki holatiga qaytarilgan. Qolgan 92 ta holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilib, shundan 61 ta holatda da’vo arizalar qanoatlantirilgan.

Buxoro shahrida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘zlariga tegishli bo‘lgan yer maydonlarida 44 ta holatda shaharsozlik talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Hozirgi kunda mazkur ob’yektlar amaldagi talablarga javob bermasligi va mazkur binolardan foydalanuvchilarning hayotini xavfga qo‘yishi sababli ularni yiqitish uchun sud organlariga da’vo arizalari kiritilgan.

«Hozirda, vakolatli organlarning o‘zboshimchalik bilan egallagan yer maydonlarini qaytarish hamda noqonuniy qurilgan bino va inshootlarni bartaraf etish bo‘yicha da’vo arizalarning 74 tasi, shundan 13 ta turar, 61 ta noturar joy majburiy ijro etishga qaratilgan», —dedi Jalol Arashov.

«Buzilishlarga ishonmay, qo‘l siltab kelgan ekanman...»

Buxoro shahridagi Ibn Sino ko‘chasi yoqasida joylashgan o‘ziga tegishli noturar binoning yon tomonida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun o‘zboshimchalik bilan noqonuniy tiklangan bino oldida «snos» texnik vositalarining yetib kelgani tadbirkorni shoshirib qo‘ydi. Qurilmani bartaraf qilish to‘g‘risidagi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud hal qiluv qarori mavjud. Mulk egasi Fazliddin G‘oyipov joriy yilning aprel oyida ogohlantirilgan. Qonunan va majburan buzib tashlanishi haqida shu kunning o‘zida ham bildirilgan.

«Haqiqatan ham tadbirkorlik sub’yektimga yondosh hududda noqonuniy qurilma qurganman. Rad eta olmayman. To‘g‘risi, buzilishlarga ishonmay, qo‘l siltab kelgan edim. O‘z vaqtida ogohlantirishlarga e’tibor qilmay, «baribir, yiqitilmaydi» deb kelaverganimdan, o‘z muammoimni o‘z vaqtida bartaraf etmaganimdan pushaymonman...», —dedi Fazliddin G‘oyipov.

«Marhumlar yotgan manzil chegarasidan chiqish – og‘riqli»

Kadastr agentligi Buxoro shahar bo‘limi da’vosida o‘zboshimchaligi bilan qurilgan bino-inshootning bartaraf etilishi javobgar Nasiba Muhammedovaga ham qimmatga tushdi. Buxoro shahridagi  «Muxtor Ashrafiy» MFYdagi «Hazrati Imom» qabristoni yon tomonida joylashgan ob’yektlarning fayzli va bejirimligi e’tiborni tortmay qo‘ymaydi. Afsuski, 280 kvadrat metrli maydonda qurilgan inshootlarda qonun chegarasi buzilgan.

«Rossiyada ishlab kelib, borimni tikdim shu ob’yekt uchun. To‘g‘ri, noqonuniy qurilish qurganman. Besh yildan oshdi, boshqa ishlarga chalg‘idimmi, xullas, hujjatlarni o‘z vaqtida to‘g‘rilashni paysalga solibman. Va belgilangan yer maydonlari chegarasidan o‘tib, loyihadan tashqari noqonuniy qurilmalar tikladim. Ammo, binoning old tomonidan emas, orqa tarafidan. Old tomonida esa noqonuniylik yo‘q. Iltimos, qurilish mollarimni yig‘ishtirib olishimga muhlat beringlar!» — deydi yosh tadbirkorlardan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, yosh tadbirkor yengil konstruksiyali tadbirkorlik ob’yektlari qurish o‘rnida mustahkam va og‘ir yukli inshootlar tiklagan.

«Shundoq Hazrati Imom qabristoniga yondosh bu ob’yektning orqa tarafida, qabriston chegarasiniyam buzib o‘tib, marmar ishlab chiqarish sexini tashkil etgan. O‘ziga qonunan belgilangan yer maydoni atrofini o‘zboshimchalik bilan, yetmaganiga, marhumlar yotgan manzil chegarasiniyam buzib o‘tish bu – og‘riqli-da, endi...» — deydi mutasaddilardan biri yosh tadbirkorning noqonuniy qurilish ishlari haqida so‘zlar ekan.

Ma’lum bo‘lishicha, yosh tadbirkor ilgarigi mutasaddilarning va’da va «quraver» degan ishoralariga tayanib, qonunsizlik etagidan tutgan va bugun pushaymonlikda qolgan. Biroq, yosh tadbirkorga nisbatan «snos»chilar tomonidan yana o‘zbekona tamoyil qo‘llanildi. Uch kun muhlatda o‘ziga tegishli ob’yektlarning noqonuniy qismlarini bartaraf etishi va ob’yektdan tegishli mol-mulkini chiqarishi talabi qo‘yildi.

«O‘zimni kran ostiga tashlayman. Yo‘limni to‘smang, qoching!»

Buxoro shahridagi «Chorbaxossa» MFY, Talija ko‘chasidagi 110 metr kvadrat maydon hech qanday tegishli hujjatlarsiz bunyod qilingan. Aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari binosini majburiy buzdirish uchun maxsus texnika va kuchlar vositalari jalb qilindi.

 «O‘zimga o‘t  qo‘yaman!», «O‘zimni kran ostiga tashlayman. Yo‘limni to‘smang, qoching!», «Karim Kamolov bilan O‘ktam Barnoyevlar tirik bo‘lganida, senlarni shunday qoldirmas edi» deya vaj-karson keltirib, bartaraf etish ishlariga to‘sqinlik qilishga, avtotexnikalar oldiga chiqishga urinishlar ham bo‘ldi.

To‘g‘ri, chetdan holatni kuzatayotgan kishilar: «4-5 so‘m tirikchiligini qilayotgan bu fuqarolarning do‘konini buzish shartmi, mana-man, degan kattakonlarning noqonuniy binolarini yiqitishsin», — deya norozilik ham bildirishdi. Ammo, shaharsozlik me’yorlari va ko‘rkini buzib turgan bunday noqonuniy binolardan voz kechish vaqti allaqachon kelgan.

Ma’lum bo‘lishicha, javobgar Alisher Ahmedov Buxoro shahridagi Talija ko‘chasidagi o‘zi yashash xonadonining 530,0 kvadrat metr yer maydonida bino-inshoot qurib, noqonuniy egallab olgan. Shundan 55,0 vadrat metrida yerto‘la, 140, kvadrat metrida bigo-inshoot, 31,0 kvadrat metrida ayvon binosi hamda uzunligi 25,0 metr, balandligi 2,8 metr bo‘lgan devor tiklagan. Bu ob’yektlarning o‘z hisobidan buzdirilishi haqida joriy yilning fevral oyida sud qarori chiqqan. Biroq, fuqaro o‘zboshimchalikda davom etib kelgan.

Bartaraf etish chog‘ida esa bu manzilda noqonuniy qurilmalar mavjudligi, aslida, og‘a-inilar o‘rtasida mulk mojarosi sabab boshlangani ma’lum bo‘ldi. Bildirilishicha, to‘rt og‘a-inilar o‘rtasidagi janjal tufayli ularning o‘zboshimcha egallab olingan yer maydonlaridan noqonuniy foydalanib kelishayotgani yuzaga chiqqan.

110 metr kvadrat maydon hech qanday tegishli hujjatlarsiz bunyod qilingan. Qurilish mollari savdo do‘konlari binosi, shuningdek, umumiy 530 metr kvadratga teng maydondagi o‘ndan ortiq savdo do‘koni, yerto‘la va ayvonlar buzib tashlanib, yer maydonini asl holiga keltirish yuzasidan mas’ullar va javobgar tomonlariga tavsiya va topshiriqlar berildi.

Buxoro markazidagi «Shergiron» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan turar joy  binosi oldida 40,0 kvadrat maydonda  nonvoyxona qurgan Ikrom Sirojiddinovning ham «mulki» e’tibordan chetda qolmadi. Noqonuniy qurilma buzib tashlandi.

Xalqimiz obodlikni qadrlaydi va doim shunga intiladi. Puli ko‘paysa, darrov chiroyli imoratlar qurishga, qator binolar tiklashga chog‘lanadi. Biroq, ko‘plab tadbirkorlar ham borki, ba’zan qurilishning qonuniy talablari haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Sir emas, uy-joyga ega bo‘lish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo‘lishiga qaramasdan, minglab fuqarolar ko‘p yillar davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yakka tartibda uy-joylarni ham noqonuniy barpo etishgan. Birgina Buxoro shahrining o‘zida 44 ta holatda ko‘p qavatli uylarda qonunga xilof ravishda noqonuniy qo‘shimcha qavatlar «ulangan»i ma’lum qilindi.

«Galdagi texnik vositalar «yurishi» shularga qaratiladi. Bu qonuniy hatti-harakatlarimiz ayrim tadbirkor va odamlarning noroziligiga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq, bugun o‘zboshimchalik va qonuniylikka ko‘z yumib o‘tilsa, ertaga shaharsozlik normalarining buzilishiga, ko‘pmingsonli odamlarning bunyodkorlik ishlaridan talofat ko‘rishiga sabab bo‘lib qolamiz. Tegishli tashkilot va boshqarmalardan olingan ma’lumotga binoan, har bir tegishli hujjatsiz va o‘zboshimchalik bilan qurilgan binoni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish ishlari jadal davom etadi. Barcha shahar-tumanlarda noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish amaliy harakatiga kirishildi. Shu o‘rinda, Buxoro shahri, qolaversa, barcha shahar-tumanlar hududida maishiy va tijorat binolariga ega bo‘lgan fuqarolarni mulk hujjatlarining shaharsozlik me’yorlariga muvofiqligini yana bir bor sinchiklab tekshirishga, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy tiklangan bino-inshootlarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etishga chaqiramiz», — dedi Jalol Arashov.    

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring