Dunyodagi eng qimmat atom elektr stansiyasini qanday qurish mumkin?
O‘tgan yili dunyodagi eng yirik yer usti krani — «Bahaybat Karl» (Big Carl) «Hinkli-Poynt C» AESning 245 tonnali gumbazini o‘rnatdi.
«Atom energetikasi oltin asrining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqdamiz» — mamlakatning yangi reaktorlar qurilishiga xususiy sarmoyalarni jalb qilish rejalarini ilgari surgan Buyuk Britaniya energetika vaziri Maykl Shenks shunday degandi.
Biroq uning optimizmi tezda so‘ndi. Buyuk Britaniyaning so‘nggi 30 yilda qurilayotgan birinchi yangi atom elektr stansiyasi o‘tgan hafta tarixdagi eng qimmat AES maqomini oldi. Bu AQSh atom energetikasi sohasida o‘z quvvatlarini oshirayotgan bir pallada, Buyuk Britaniyaning «oltin asr»ga qo‘shgan hissasi bunday megaloyihalar qanchalik qimmatga tushishidan ogohlantiruvchi hikoya bo‘lishi mumkin.
Eng yaxshi prognozlar ham Angliya janubidagi «Hinkli-Poynt C»ni ishga tushirish muddatlari kechikishini ko‘rsatmoqda: aslida 2025-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan AES, endigi rejaga ko‘ra, 2030-yilda foydalanishga topshiriladi (loyiha 2016-yilda tasdiqlangan). Ikki reaktorli 3,2 GVt quvvatga ega obyektning hozirgi qiymati 49 milliard funt sterlingga baholanmoqda (66 milliard AQSh dollari atrofida). Vaholanki, 2016-yilda loyihaning umumiy qiymati 18 milliard funt sterlingni tashkil etgandi.
Xalqaro energetika agentligi ma’lumot berishicha, hatto AQShning Jorjiya shtatidagi «Vogtl» (Vogtle) atom elektr stansiyasi qo‘shimcha 16 mlrd dollar xarajat, yetti yillik kechikish va yirik bankrotlik oqibatlari bilan ham bundan ancha arzonga tushgan.
«Hinkli-Poynt»dagi muammolar barvaqt yuzaga chiqdi. 2019-yilda loyihani amalga oshirayotgan EDF (Fransiya davlat energetika kompaniyasi) «murakkab tuproq sharoitlari»ni vaj qilib, xarajatlarni 2,9 milliard funt sterlinggacha oshirdi. Britaniya me’yoriy standartlariga muvofiq, loyihaga minglab o‘zgarishlar kiritildi va natijada EDFga dastlab mo‘ljallanganidan ko‘ra ko‘proq po‘lat va beton kerak bo‘ldi.
2024-yilda qariyb 13 milliard funt sterling miqdoridagi mablag‘ hisobdan chiqarilganidan so‘ng, loyihaning navbatdagi kechikishi sababli EDF taxminan 1,5 milliard funt zarar ko‘rgan. Kompaniya o‘tgan hafta «moliyaviy ehtiyojlarni qoplash uchun yechimlar izlashda davom etayotganini» ma’lum qildi.
Uning hamkori — Xitoyning China General Nuclear Power Group kompaniyasi 2023-yilda moliyalashtirishni to‘xtatgan. Bu Buyuk Britaniya hukumati xavfsizlik nuqtai nazaridan EDF «Sizewell C» loyihasidagi Xitoy kompaniyasining ulushini sotib olganidan keyin sodir bo‘ldi.
Qator noxush xabarlarga qaramay, Buyuk Britaniya hukumati yangi reaktorlardan kecha-yu kunduz past uglerodli energiya bilan ta’minlovchi eng muhim manba sifatida umidini uzgani yo‘q.
Kelajakda kechikishlar va ortiqcha xarajatlarning oldini olish uchun rasmiylar normativ bazani soddalashtirish niyatida. O‘tgan yili The Journal nashri «Hinkli-Poynt» qurilishida yuzaga kelgan bir mojaro haqida yozgan edi: quruvchilar ekologiya talablarini bajarishga, jumladan, baliqlarni sovitish tizimiga tushishdan himoya qilish rejasini amalga oshirishga majbur bo‘lgan. Buning uchun bir necha o‘n million dollarga tushgan «baliqlar diskotekasi» (fish disco) deb nomlangan qo‘rqitish moslamasidan foydalanildi.
Kengayishmi yoki muvaffaqiyatsizlik?
Buyuk Britaniya kichik hajmdagi reaktorlar parkini qurishni rejalashtirmoqda: nazariy jihatdan bu ishlab chiqarish va qurilishni optimallashtirish orqali xarajatlarni kamaytiradi.
Shu bilan birga, britan hukumati EDF vaziyatni o‘nglay olishiga ham umid qilmoqda. Kompaniyaning ta’kidlashicha, «Hinkli-Poynt»dagi ikkinchi reaktor qurilishi tezroq va samaraliroq kechmoqda. Qolaversa, EDF o‘z muhandislarini reaktorlarni tezroq qurishni o‘rganish uchun Xitoyga yuborayotgan ekan.
«Vogtl» AES har qancha qimmatga tushsa-da, Tramp ma’muriyatining yadroviy ambitsiyalari negizini tashkil etgani kabi, britaniyaliklar ham muvaffaqiyatsizliklar qimmatli tajribaga aylanishiga umid qilishmoqda. O‘rtaga katta narsa tikilgan: «Sizewell C» loyihasi o‘tgan yili tasdiqlandi va bu safar, agar xarajatlar budjetdan oshib ketsa, yuklamaning asosiy qismi soliq to‘lovchilar zimmasiga tushadi.
Manba: The Wall Street Journal


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter