“Erkabulan, qayerdasan?” — Oktagon mag‘lubiyat maydonimizga aylanmasin
Yoshligimizda ko‘chada yoki maktab atrofida bir manzara ko‘p takrorlanardi. Yoshi sal kattaroq, qitmirroq bolalar o‘zidan kichiklarni yoniga chorlab, bosh barmog‘ini tik tutar, ovozini ingichka qilib: “Kim xo‘roz? Kim makiyon?” — deb gijgijlovchi qiliqlar qilardi.
Go‘yo o‘sha barmoqni ushlamasang — makiyon, ushlasang — xo‘rozsan. Bolalik g‘ururi, soddalik, uyatdan qochish, ko‘p oldida “qo‘rqoq” bo‘lib qolmaslik hissi bilan ikki tomon ham chaqiriqni qabul qilardi. Shundan keyin so‘z talashish, turtkilash, janjal boshlanib ketardi. Bu janjaldan esa naf ko‘radigan, rohat oladigan uchinchi taraf, ya’ni o‘sha gijgijlovchilar bo‘lar edi. Urishganlar yo jarohat olardi, yo ruhan singan holda qolaverardi.
Oktagon ligasini tomosha qilar ekanman, beixtiyor o‘sha bolalik voqealari yodimga tushadi. Faqat bugun sahna almashgan, ishtirokchilar ulg‘aygan, ammo mohiyat deyarli o‘zgarmagan. Oktagon ligasi — bu faqat sport emas. Bu katta o‘yin sahnasi, axborot makoni va moddiy manfaatlar maydoni. Har bir harakat, har bir so‘z, har bir jang tasviri shunday yoritiladiki, tomoshabin ekrandan uzila olmaydi, uning his-tuyg‘ulari boshqariladi.
Shu sababli bu musobaqa katta auditoriyani o‘ziga tortadi. G‘alaba — eyforiya, mag‘lubiyat — tushkunlik. Bu jarayon ortida katta targ‘ibot va manipulyasiya ham yashiringan. Kechagi OCTAGON 84 musobaqasida Shahzod “Gold”dan hamma g‘alaba kutdi. Nega? Chunki ijtimoiy tarmoqlar uni sportchi sifatida emas, mif sifatida yaratdi. Kameralar, baland ovozli intervyular, tahdidli so‘zlar — barchasi obraz yaratish uchun xizmat qildi.
Lekin ring obrazga ishonmaydi. Ring reklamaga aldanmaydi. U faqat tayyorgarlikni, aqlni, texnikani va intizomni sinaydi. Qanchalik ko‘p “qahramon” qilib ko‘rsatmang, ringda kuchlilar g‘alaba qiladi.
Albatta, Oktagon ligasi sportning sof shakli emas. Bu media-shou. Bu reyting, pul va shuhrat savdosi uchun qurilgan ulkan sahna. Bu yerda ayrim “jangchi”lar haqiqiy jang uchun emas, shov-shuv uchun yaratiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda “sen o‘liksan” deb yozadi, kamera oldida baqiradi, lekin ringga chiqqan zahoti birinchi zarbaga ham chiday olmaydi. Ammo millionlab ko‘z oldida millat bayrog‘ini ko‘tarib chiqadi. Ana shunday soxta “qahramon”larga bizda rostdan ham ehtiyoj bormi?!
Bizga kerak bo‘lgani — baqiroq emas, kamtar, lekin chinakam kuchli sportchilar. Yillar davomida ter to‘kib tayyorgarlik ko‘rgan, intizomni hayot tarziga aylantirgan, mikrofonda emas, ringda gapiradigan insonlar. Oldida yo‘q raqibiga “qayerdasan?” deb qichqiravermay, jimgina g‘alaba qozonadiganlar.
Endi shunchaki “Gold”lar emas, balki haqiqatan ham oltin qiymatiga ega bo‘lganlar — mehnat, aql va intizom bilan bayrog‘imizni ko‘tarsin. Aks holda Oktagon mag‘lubiyat maydoniga aylanib, sportimizning “yomon kunlari” ko‘payib boraveradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter