Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hisobdan adashsang ham, do‘stdan adashma...» O‘zbekistonning YeOIIga kuzatuvchi sifatida qo‘shilishi borasida mulohazalar

«Hisobdan adashsang ham, do‘stdan adashma...» O‘zbekistonning YeOIIga kuzatuvchi sifatida qo‘shilishi borasida mulohazalar

O‘zbekiston hukumati ortidan ergashishga o‘rgangan va o‘rgatilgan aksariyat deputatlar ham YOIIga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishga rozi bo‘ldi. Ozgina ko‘ngilni ilitgan holat parlamentda jonlanish paydo bo‘lgani, bu g‘oyaga qarshi bo‘lgan va betaraf qolgan deputatlar sonining ham salmoqli ekanidir. Milliy tiklanish partiyasi bu g‘oyaga qarshi ekanini ochiq bayon ham qildi, chunki millat va milliyat taqdiri haqida so‘z bormoqda. Umuman olganda, xalq va millat taqdiriga oid bunday qaror referendumga olib chiqilishi, parlamentda oddiy ko‘pchilik bilan emas, uchdan ikki ovoz bilan o‘tishi, ovoz berish ochiq bo‘lishi va muhokamalar bevosita efirda berilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Darhaqiqat, «do‘stga dushman bo‘lish oson, dushmanga do‘st bo‘lish qiyin».

To‘g‘ri, kuzatuvchilik maqomi O‘zbekistonga katta xalqaro huquqiy majburiyatlarni yuklamaydi, tashkilot faoliyatini imkon qadar ichdan o‘rganish imkonini berishi ham mumkin. Mamlakatni tashkilotga jalb etish uchun «holva va qamchin» usuli ham qo‘llanila boshlashi, ya’ni a’zolikka kiritish uchun qulayliklar yaratish yoki «kirsanglar – osonlashtiramiz» deb qiyinchiliklar yuzaga keltirilishi tahlikasi bor. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi nechta davlat ishtiroki asosida kengaysa ham, unda bitta davlatning ustunlik qilishi, bu davlat siyosatni bir tijorat deb bilishi bor voqelikdir.

Darhaqiqat, «eshak eti go‘sht bo‘lmas, savdogar hech do‘st bo‘lmas».

Bir davraga kirganda, salmog‘iga, shamoyiliga, fe’lu atvoriga qaraladi. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida yetakchi o‘ringa ega bo‘lgan Rossiya bugungi kunda dunyoda «katta og‘a»chilik, imperiyaparastlikka moyilligi uchun yakkalanib qolgan, yaqin-uzoqdagi davlatlarning yerlarini bosib olayotgan, urush o‘choqlarini yaratayotgan va bu uchun dunyo va tarqqiyotdan ihotalanayotgan, faqat odam o‘ldirish qurollari bilan maqtana oladigan, o‘ta markazlashgan va korrupsiyalashgan davlatdir.

Ikkinchi tomonda – biz Jahon savdo tashkilotiga kirishimiz mumkin. JSTning qoidalari, amaliyoti, qoidalari, nizolarni hal qilish institutlari muammal shakllangan. Zero, uning dunyoda 160tadan ortiq a’zosi bor. Dunyo iqtisodining 90 foizidan ortig‘ini qamrab olgan. Unga kirmasdan bor-yo‘g‘i biri – hukmron va istagan payti qoidasini o‘zgartiradigan, ikkinchisi – bir navi, yana uchtasi zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan 5ta davlat ittifoqiga kiramizmi?! JSTga kirishimiz ham iqtisodiy tomondan, ham huquqiy jihatdan O‘zbekistonning manfaatlariga mos keladi. Do‘st tanlaganda kuchlisini, oqilini, so‘zida turadiganini tanlash kerak.

Darhaqiqat, «o‘rtog‘ing boyo‘g‘li bo‘lsa, turishing — vayrona...».

Sir emas, YeOII davlatlari va ularning tevaragi hali postsovet tafakkuridan qutilgan emas. Bu davlatlarda hali ko‘p ishlar qonunga yo xalq irodasiga emas, ularning tepasidagi shaxsiyatlarga, ularning istaklari va irodalariga bog‘liqdir. JSTI yoki Yevropa Ittifoqi desak, ko‘z o‘ngimizga ularning rahbari, raisi yoki tashkilot prezidenti kelmaydi, ammo YeOII deganda, uning tashabbuskori Putin keladi va bu tashkilotda uning aytgani-aytgandir. Shaxslar esa o‘tguvchidir, biz o‘zimizni barqaror tizimga, qonunga bog‘lashimiz kerak.

Darhaqiqat, «jonga kuygan jonday do‘st, jonga kuymas qanday do‘st?!».

YeOII Rossiyadagi oligarxlarning, umuman barcha a’zo davlatlardagi monopol korporatsiyalar va lobbistlarning manfaatlariga xizmat qiladigan iqtisodiy tizimdir. Undan bozor iqtisodini joriy etish va jahon iqtisodiga integratsiyalashni kuta olmaymiz, aksincha, bu tashkilotga a’zolik bizning bevosita dunyoga chiqishimizga oshkora va zimdan qarshilik qiladi. Chunki bu yerda birodarlik, do‘stlik, halollik va adolat anglami yo‘q, tijorat, ya’ni savdogarlik bor.

Darhaqiqat, «yulg‘unning o‘ti bo‘lmas, savdogarning — do‘sti».

YeOIIga kirish uchun hamma tomondan aytiladigan bosh «dalil» sifatida u yerda mehnat qilayotgan va bir-ikki tanga pul topayotgan yurtdoshlarimizning taqdiri keltiriladi. Shu munosabat bilan bir-ikki so‘zimiz bor.

Birinchidan, YeOIIga a’zo davlat fuqarolari bo‘lgan qirg‘iz va tojik birodarlarimizni «OMON»chilar kaltaklagani, tinimsiz deportatsiya qilinayotgani, bu yurtlarga ham o‘lib, tobutlari kelayotgani haqida statistika va xabarlardan nega ko‘z yumamiz?! Bu a’zolik ularni asrab qolmayapti-ku.

Ikkinchidan, Rossiya demografiyasi shu holdaki, aholi tarkibida nafaqaxo‘rlar ko‘p va ishlash yoshidagilar kam, zero ruslar ichyapti, kech turmush quryapti yoki umuman oila qurmayapti, tug‘sa, kam tug‘adi. Iqtisod shuki, ishlovchilar to‘lagan soliqdan nafaqaxo‘rlar nafaqa oladi va yashaydi. Keksalar ko‘payib, yoshlar ozaysa, davlat bankrot bo‘ladi. Shuning uchun pensiya yoshini oshirish tashabbusi chiqqandi.

Rossiya migrantlarsiz iqtisodini yurita olmaydi, Yevropa ham. Agar o‘z iqtisodini eplasa, birorta migrantni bir kun ham Rossiyada qoldirmasdi. Ularning fe’li sir emas. Qolaversa, patentdan tushayotgan ulkan mablag‘ ham mavjud.

Uchinchidan, agar biz «gastarbayterlar» tufayli YeOIIga kirsak, bizni hali bu «qarta» bilan siyosiy o‘yinlarda ko‘p shantaj qila olishadi. Tashqaridan iqtisodiy qamalda qolayotgan Rossiyada pul topish qiyinlashyapti.

To‘rtinchidan, biz boshqa davlatlar «mardikorlar» qartasi bilan shantaj qilmasligi uchun va yurtdoshlarimiz faqat «qora ishlar»ga o‘ralashib qolmasligi uchun, chetga ishlaydiganlarni bitta davlatga emas, ko‘proq davlatga yuborishimiz (yuborsak), til o‘rgatishimiz va imkon qadar yuksak texnologiyali rivojlangan Yevropa, AQSh, Yaponiya, Arab Amirligi va, mana, ochiq Turkiyaga yuborishimiz kerak. Ya’ni, bu masalada bir davlatga qaramlikdan qutilishimitz kerak. Shunda rahbarlarimizning qo‘li va tili yechiladi.

Darhaqiqat, «yomon do‘stdan qirda yotgan tosh yaxshi...».

YeOII iqtisodi haqida aytsak, Rossiyadan boshqa a’zo davlatlarning savdo balansi manfiydir. Bu ittifoqdan Rossiyadan boshqa iqtisod foyda ko‘rgan emas. Belarus prezidentining Rossiya ularning mahsulotini kiritmayotganidan yozg‘irishlarini eshitamiz-ku mudom. Qozog‘iston ham hududiy yaxlitligini saqlash uchun muomala qilishga majburdir.

Rivojlanish dunyo bilan savdo qilishda va integratsiyalashuvdadir. 2001 yilda JSTga a’zo bo‘lgan Xitoy 2005–2006 yillarga kelib yuksak rivojlangan. «Xitoy JSTga a’zolikdan keyin ikki jihatdan yutdi: o‘ziga kirib kelayotgan xomashyo arzonlashdi, o‘zi sotayotgan mahsulot ham arzonlashdi. Eksportni ko‘paytirish natijasida ko‘proq ish o‘rinlari yaratildi va ko‘proq daromad qilishni boshladi», – deganda xorijda ishlayotgan vatandoshimiz Valijon To‘raqulov haqdir. Qolaversa, JST a’zosiga YeOIIga a’zo bo‘lishga izn beradi, YeOII esa bunga yo‘l qo‘ymaydi, to‘siq bo‘lib qoladi. Iqtisodda YeOIIning yuz millionlik bozoridan dunyoning milliardlik bozori afzaldir. Bu Ittifoq va’da qilayotgan afzalliklarni unga a’zo bo‘lmasdan ham olish mumkin, buning uchun tashqi hamkorlikka qo‘yiladigan to‘siqlar va aksizu bojlarni tartibga solish hamda ikki tomonlama teng sheriklik kifoyadir. Bu to‘siqlar esa aynan bizni Ittifoqqa kirgizish uchun yaratilgan.

Darhaqiqat, «dushman eshigini qoqqandan ko‘ra, do‘st uyini qoqlagan yaxshi».

Qozog‘istonlik Qanot Oltinboyevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarini o‘z ichki bozoriga kiritilishiga chegara qo‘yadi. YeOII a’zo davlatlari tadbirokrlari bu haqda bong urgan. «Raxat» qandolat mahsulotlarini Rossiyada doimo musodara qiladilar va sudlovga tortadilar deb xabar qilgan korxona rahbari Konstantin Fedorets. Uning so‘zlariga ko‘ra, rus bozorida bir foiz ham bo‘lmagan bu mahsulotlarni kiritmaslik uchun rus komapniyalari hukumatdagi tanishlarini ishga soladi.

«Rossiya bozorga xos bo‘lmagan mexanizmlarni, Rospotrebnadzor kabi tashkilotlarni ishga solmoqda», – deydi boshqa bir tadbirkor. Mana, ularning xulosasi: «Barcha faktlar YeOII iqtisodiy tashkilot emas, Rossiyaning status-kvo o‘rnatishga qaratilgan siyosiy loyihasidir!». O‘zbekiston o‘ziga bosim o‘tkazishlariga yo‘l qo‘yib bermasligi kerak. Siyosatchi va senator Sodiq Safoyevning so‘zlaridan umidlanamiz: «Jahon savdo tashkiloti va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bir-biriga zid emas, O‘zbekiston JSTga kirish istagida qat’iydir, YeOIIga a’zolik savol ostidadir».

Darhaqiqat, «ablah do‘st dushmandan yomon, ne hiyla bilsa, ishlatar oson».

Haqqoniy mohiyatiga ko‘ra YeOII dunyodan o‘zini ajratib olib, qal’asida qamalga tushgan va bu qamal holatini davlat siyosatiga aylantirgan tuzumning geosiyomiy loyihasidir, Rossiya mamlakati va xalqi bilan do‘stona aloqalarda bo‘lgan holda, uni bu kuyga solgan tuzum bilan Ittifoq bo‘lish o‘zini zulmga tutib berishdir. Qolaversa, ortimizda yuz ellik yillik mustamlakachilik tarixi bor – to‘pga tutilgan Buxoro, dorga osilgan Toshkent himoyachilari, Jizzax qo‘zg‘olonidan so‘ng 1916 yilda osilgan juvonmardlar, o‘ldirilgan Behbudiylar, Qodiriylar, Cho‘lponlar, nimtalangan adabiyotimiz, xo‘rlangan va endi tiklanayotgan tilimiz bor. Mustaqilligimiz, davlatchilik da’voyimiz, xalqimiz, millatimiz va dinimizga sohibligimiz bor bor. Masalaga shundoq yondoshish kerak va boshqacha bo‘lishi mumkin emas.

Darhaqiqat, «ishkambadan go‘sht bo‘lmas, dushman aslo do‘st bo‘lmas», «suv to‘xtar, dushman to‘xtamas».

Karim Bahriyev,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring