Ijtimoiy tarmoqlarning sönggi kunlari...
Esingizdami, Facebook ayni gurillagan 2015-2020-yillar? Öşanda odamlar ijtimoiy tarmoqlarda köproq tuğilgan kunlar, oilaviy davralar, sayohatlar, döstlar bilan uçraşuvlar haqida yozar, jamiyatda sodir bölayotgan voqealarni muhokama qilardi. Kimdir farzandining yutuğidan quvonib surat joylar, boşqasi biror voqeaga munosabat bildirardi. Qisqasi, ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning öz hayoti va atrofidagi voqelik aks etardi.
Biroq vaqt ötişi bilan ijtimoiy tarmoqlarning vazifasi ham özgara boşladi. Bugun ularda odamlarning hayoti aks etgan oddiy postlar bilan bir qatorda sunʼiy intellekt yaratgan tasvirlar, soxta akkauntlar, takrorlanaveradigan videolar va eʼtiborni jalb qilişga möljallangan turli kontentlar köpaydi.
Noema naşrida eʼlon qilingan «Ijtimoiy tarmoqlarning sönggi kunlari» maqolasi aynan şu özgarişlar haqida. Muallif, Kork universitetining ingliz tili va raqamli gumanitar fanlar yönalişi öqituvçisi Jeyms O‘Sallivan ijtimoiy tarmoqlarning biz yaxşi bilgan modeli inqirozga yuz tutayotganini taʼkidlaydi. U sarlavhada taʼkidlaganidek, ijtimoiy tarmoqlar butunlay yöqolib ketişini nazarda tutmaydi, balki gap platformalarning qanday işlaşi, odamlar bilan qanday munosabat örnatişi va foydalanuvçining diqqatidan qanday foydalanişidagi özgarişlar haqida ketmoqda.
Odamlar örnini kontent egallaganda...
Muallifning fikriça, bugun ijtimoiy tarmoqlarda odamlardan köra kontent, yaʼni sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan postlar, soxta tasvirlar, şubhali xabarlar va sizni havola ustiga bosişga undaydigan sarlavhalar köpaymoqda. Baʼzi materiallar bir-biridan şu qadar kam farq qiladiki, ularni turli akkauntlar tarqatayotganini ham payqaş qiyin. Muammo nafaqat soxta materiallarning köpayişi, balki kontekstning sunʼiylaşişi va ranglar, şovqinlarga bölgan iştiyoqimiz qondirilgani, haqiqat endi ahamiyatsiz ekanligini qabul qilişdadir. Zamonaviy ijtimoiy media kontenti köpinça madaniy xotiradan, şaxslararo almaşinuvdan yoki umumiy suhbatdan uzilgan. Baʼzan odamlar voqeaning özidan köra, uni ijtimoiy tarmoqda qanday körsatiş haqida ham öylaydi. Töy, sayohat yoki oilaviy uçraşuv nafaqat yaqinlar bilan ötkaziladigan voqea, balki tasvirga olinib, montaj qilinib, köpçilikka namoyiş etiladigan materialga aylanmoqda. «Ijtimoiy media töliq şakllangan bölsa-da maʼnosiz, öziga xos semantik loyqalikni, tilga öxşab körinadigan, ammo deyarli heç narsa demaydigan postlarni yaratadi. Biz bu yöqlikda çökib ketyapmiz», deydi muallif.
Insonmi yoki bot?
Avvallari biror rahbar yoki taşkilot haqida tanqidiy xabar çiqsa, uning ostida darhol maqtovga töla izohlar paydo bölardi. Bir neça «özining odami» kirib, rahbarning yaxşi işlarini sanab ketar, tanqidçilar bilan bahslaşardi. Öşa paytlarda bunday foydalanuvçilarni köproq trollar deb ataşardi. Bugun esa bu vazifani maʼlum maʼnoda botlar va muvofiqlaştirilgan soxta akkauntlar ham bajarmoqda. Ular bir xil mazmundagi fikrlarni tarqatişi, izohlar ostida sunʼiy ravişda qöllab-quvvatlaş kayfiyatini yaratişi mumkin. Natijada öquvçi köpçilik şu fikrda ekan, degan taassurotga borişi ehtimol. Bunday akkauntlarning hammasi bir xil emas, ayrimlari haqiqiy odamlar tomonidan boşqariladi, boşqalari soxta yoki sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan bölişi mumkin. Ularning umumiy jihati şundaki foydalanuvçining eʼtibori va qiziqişidan daromad olişga intiliş.
Bu jarayonda yana bir qiziq holat yuzaga kelmoqda: botlar odamlarga öxşaşga harakat qilsa, odamlar ham botlar kabi işlaşga majbur bölyapti. Yaʼni kontent yaratuvçilar köproq köriniş uçun postlarini algoritm talablariga moslaştiradi, izohlarga avtomatik javoblar tayyorlaydi, auditoriya bilan munosabatni ham muayyan boşqaruv asosida yölga qöyadi.
Natijada insonning samimiy munosabati bilan oldindan rejalaştirilgan muloqot örtasidagi farqni anglaş qiyinlaşadi. Biz kim bilan gaplaşayotganimizni, uning yozgan fikri ortida haqiqiy qiziqiş bor-yöqligini har doim ham bila olmaymiz.
Eʼtibor köp, muloqot kam
Muallif ijtimoiy tarmoqlardagi faollik va işonç körsatkiçlariga ham murojaat qiladi. U 2025-yilda keltirgan maʼlumotlarida Facebook va X platformalaridagi örtaça özaro taʼsir körsatkiçi 0,15 foiz atrofida ekani, Instagram da esa bu körsatkiç bir yil içida 24 foizga pasayganini qayd etadi. TikTokda ham ösiş surʼati sekinlaşgan. Bugun köpçilik ijtimoiy tarmoqqa kirib, tasmani uzoq vaqt aylantiradi. Biroq bu jarayon doim ham maʼlumot oliş yoki kim bilandir gaplaşiş ehtiyojidan kelib çiqmaydi. Baʼzan odam zerikkanidan, dam oliş uçun yoki şunçaki odat bölib qolgani sababli telefonni oçadi. Bir videodan keyin ikkinçisi, undan keyin yana biri paydo böladi. Vaqt ötganini sezmay qoliş ham mumkin. O‘Sallivan bu holatni inson diqqatining iqtisodiy resursga aylanişi bilan boğlaydi. Platformalar uçun foydalanuvçining qança vaqt qolişi, nimani körişi, nimani bosişi va qanday reaksiya bildirişi muhim. Çunki aynan şu maʼlumotlar reklama va daromad tizimining asosini taşkil qiladi.
Diqqatdan çarçoqqa
Ijtimoiy tarmoqlar yigirma yildan söng odamlarda çarçoqni keltirib çiqara boşladi. «Internet detoksi» va «raqamli kun» degan atamalar paydo böldi. Amerika Psixiatriya Assotsiatsiyasining söroviga köra, AQŞda 18 yoşdan 34 yoşgaça bölganlarning katta qismi 2024 yilda ijtimoiy tarmoqlardan ataylab tanaffuslar qilişgan va ruhiy salomatlikni afzal körişgan. Şunga qaramay, platformalarda ötkaziladigan vaqt yuqoriligiça qolmoqda, odamlar zavqlangani uçun emas, balki qanday qilib töxtaşni bilmaganlari uçun sahifalarni aylantiradilar.
Baʼzi ijodkorlar ham asta-sekin tarmoqlarni tark etmoqdalar. Heç qaçon uxlamaydigan sunʼiy intellekt bilan raqobatlaşişni bemaʼnilik deb bilişadi. Axir endi sunʼiy intellekt çiroyliroq selfi yaratişi mumkin bölsa, nega selfi joylaştiriş kerak? ÇatGPT matnni tezroq yaratişi mumkin bölsa, nega miyani işlatib uzundan uzoq matn yoziş kerak?...
Ijtimoiy tarmoqdan çiqib ketiş hamma uçun oson emas
Ijtimoiy tarmoqlardan çarçagan odamlarga odatda telefonni çetga qöyiş, bir muddat internetdan uziliş yoki «raqamli parhez» qiliş tavsiya etiladi. Ammo Jeyms O‘Sallivan bu yeçim hamma uçun birdek işlamasligiga eʼtibor qaratadi.
Çunki ijtimoiy tarmoqlar bugun faqat vaqt ötkaziş vositasi emas. Kimdir iş topiş uçun LinkedIndan foydalanadi, tadbirkor öz mahsulotini Instagram orqali sotadi, kontent yaratuvçi daromadining asosiy qismini ijtimoiy tarmoqdan oladi. Yoşlar uçun esa ayrim platformalar tengdoşlari bilan aloqada böliş va ularning qiziqişlaridan xabardor turiş vositasiga aylangan. Şunday vaziyatda ijtimoiy tarmoqdan butunlay voz keçiş insonni maʼlum imkoniyatlardan mahrum qilişi mumkin. Muallif buni raqamli hayotdan özini çetga suriş, yaʼni «özini özi ijtimoiy muhitdan ajratib qöyiş» xavfi sifatida köradi.
Demak, masala faqat insonning irodasi yoki telefondan kamroq foydalanişida emas. Ijtimoiy tarmoqlar hayotning turli sohalariga kirib borgan şaroitda odamlarga ulardan foydalanişning boşqa, soğlomroq usullari ham kerak.
Algoritmni kim tanlaydi?
Muallifning fikriça, ijtimoiy tarmoqlardagi asosiy özgarişlardan biri foydalanuvçining tanlaş imkoniyatini kengaytiriş bilan boğliq bölişi kerak. Hozir köpçilik platformalarda odam nimani körişi, qaysi post birinçi çiqişi yoki qaysi videoning tavsiya qilinişi asosan algoritmlar orqali belgilanadi. Foydalanuvçi tasmani oçadi va unga platforma maʼqul deb hisoblagan kontent taqdim etiladi.
Mutaxassis esa odamlarga algoritmni özlari tanlaş imkoniyati berilişi kerak, deb hisoblaydi. Masalan, kimdir faqat döstlari va yaqinlarining postlarini körişni, boşqasi esa xabarlarni joylaştirilgan vaqti böyiça kuzatişni istaşi mumkin. Yana bir foydalanuvçi öz hududidagi voqealar yoki muayyan qiziqişlariga oid materiallarni birinçi örinda körişni xohlaydi. Bunday tanlov imkoniyati ijtimoiy tarmoqlarning inson ehtiyojlariga köproq moslaşişiga yordam berişi mumkin. Muallif buni yaşirin sozlama emas, balki foydalanuvçining huquqi sifatida köriş lozimligini taʼkidlaydi. U, şuningdek, Are.na kabi reklamasiz, algoritmik tasma va çeksiz aylantiriş mexanizmiga tayanmaydigan platformani misol keltiradi. Bunday muhitda maqsad foydalanuvçini imkon qadar uzoqroq uşlab turiş emas, balki ğoya va ijodiy materiallarni töplaş, ular örtasida boğliqlik topiş va fikr almaşişdir
Ijtimoiy tarmoqlar jamiyat oldida ham masʼul bölişi kerak
Muallif platformalar faoliyati oçiqroq bölişi, algoritmlar qanday işlaşi haqida foydalanuvçilarga tuşunarli maʼlumot berilişi va ularning manfaatlari ham hisobga olinişi kerakligini aytadi. Uning fikriça, ijtimoiy tarmoqlar faqat reklama daromadi va foydalanuvçilar sonini oşirişga emas, jamoat manfaatiga ham xizmat qilişi lozim. Bu borada Yevropa Ittifoqining raqamli bozorlar va raqamli xizmatlar töğrisidagi qonunlari — Digital Markets Act va Digital Services Act kabi hujjatlar tilga olinadi. Ular katta raqamli platformalar faoliyatini tartibga soliş, ularning masʼuliyati va şaffofligini oşirişga qaratilgan.
Muallif mahalliy jamoalar uçun möljallangan raqamli platformalar, taʼlim va axborot almaşinuviga xizmat qiladigan jamoat maydonlari taşkil etiş imkoniyatini ham körib çiqadi. Masalan, kutubxonalar yoki taʼlim muassasalari bilan boğliq raqamli muhitlar odamlarga tijoriy manfaatlardan nisbatan mustaqil axborot maydonini taqdim etişi mumkin.
Albatta, bunday tizimlar ham xavflardan xoli emas. Platformalar davlat nazoratiga ötib qolsa, senzura yoki siyosiy taʼsir vositasiga aylanişi mumkin. Şuning uçun muallif mustaqil nazorat, oçiqlik va jamoatçilik iştirokining ahamiyatini alohida taʼkidlaydi.
Ijtimoiy tarmoqlar yöqolmaydi, ammo özgarişi kerak
Jeyms O‘Sallivan maqolasida ijtimoiy tarmoqlardan butunlay voz keçişga çaqirmaydi. Uning asosiy fikri, bugungi platformalar modeli odamlarning haqiqiy ehtiyojlariga tobora kamroq xizmat qilayotgani va uni özgartiriş zarurligida.
Muallif taklif qilayotgan kelajakda kiçikroq jamoalar, işonçli muloqot, algoritmlarni tanlaş huquqi, oçiqlik va raqamli savodxonlik muhim örin tutadi. Bunda asosiy mezon layklar, körişlar yoki obunaçilar soni emas, balki odamlar örtasidagi işonç va suhbat sifati bölişi lozim.
Ha biz bilgan ijtimoiy media yöqolib bormoqda, ammo biz uning vayrongarçiliklariga qöşilib vayron bölişga mahkum emasmiz. Biz raqamli özaro taʼsir uçun yaxşiroq, kiçikroq, sekinroq, maqsadliroq va masʼuliyatliroq, algoritmlar jamiyatni özgartiriş örniga unga xizmat qiladigan makonlarni yaratişga qodirmiz.
Ijtimoiy tarmoqlarning sönggi kunlari insoniyroq voqelikning ilk kunlari bölişi mumkin. Biz bu tizimlarni yaratdik va, albatta, yaxşiroqlarini ham yaratişimiz mumkin. Muallif berayotgan savol şundaki, biz buni amalga oşiramizmi yoki çökib ketişda davom etamizmi?
Barno Sultonova


Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting
Kiriş
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter