Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Janob daydining shon-shuhrati, muhabbati va mag‘lubiyatlari

Janob daydining shon-shuhrati, muhabbati va mag‘lubiyatlari

Mashhur rejissyor, ssenariynavis, teatr va kino aktyori Raj Kapur o‘z vatanida barcha mukofot va nishonlarni olib bo‘lgan. U vafotidan so‘ng – bugungi kunda ham taqdirlanmoqda. Raj Kapur «Hind Charli Chaplini», «Hind kinosining otasi» va «Sharqning moviy ko‘zli qiroli» nomlari bilan mashhur edi. Uni, shuningdek, «Janob Daydi» ham deyishgan. O‘zbekistonga bir necha marta tashrif buyurgan Raj Kapur o‘zbek xalqining yaqin do‘sti edi...

Suvga uloqtirilgan bolakay

Ranbir Raj Kapur 1924 yil 14 dekabrda Peshovarda (hozirgi Pokistonning Haybar-Paxtunxva viloyatida) tavallud topgan. U taniqli aktyor va teatr arbobi Pritxviraj Kapur va uy bekasi Ramsarni Kapurning to‘ng‘ich farzandi edi. Rajdan so‘ng Bindi va Devi tug‘ildi. Ularning umri qisqa ekan, Bindi to‘rt yoshida margimush yutib qo‘yib, vafot etdi. Oradan ko‘p o‘tmay, zotiljam tufayli uchinchi o‘g‘il Devi ham hayotdan ko‘z yumdi.

Ukalarining o‘limi Rajga qattiq ta’sir qildi. Unda asab buzilishi ro‘y berib, keragidan ortiq yeydigan bo‘ldi va semirib ketdi. Onasi har kuni barvaqt turib badantarbiya qiladigan otasini Rajga o‘rnak qilib ko‘rsatardi. Bolakay suzishni bilmas, suvdan o‘lgudek qo‘rqardi. Bir kuni u ota-onasi bilan dengiz bo‘yida bo‘lganida otasi Rajni dast ko‘tarib, suvga otdi. Qo‘rqib ketgan onasi o‘g‘li cho‘kib ketishi mumkinligini aytib qichqira boshladi. Bola bor kuchi bilan suzib, sohilga chiqdi. Shundan so‘ng uning suvdan qo‘rqishi batamom yo‘qoldi.

Keyinroq Rajning ukalari Shammi, Shashi va singlisi Urmila dunyoga keldi. Bu vaqtda oila Bombeyga ko‘chib o‘tgan edi. Pritxviraj birinchi hind ovozli filmida suratga tushdi. U «Pritxvi-tietrs» teatrida rejissyor sifatida faoliyat ko‘rsatardi.

Raj otasining teatrida rol ijro etar, iste’dodi, hissiyoti va improvizatsiyaga moyilligini namoyon qilardi. Biroq uning orzusi kino edi. Ilk rolini 1935 yili o‘n bir yoshida «Inqilob» filmida o‘ynadi. Mazkur film rejissyori Kidar Sharma otasining do‘sti edi. Bir kuni u kinotasmani chiqitga chiqargan Rajga tarsaki tushirdi. Ertasi kuni esa bolakayni chaqirib, kechirim so‘radi va jiddiy rol berdi. Keyinroq Kidar Sharma Rajga shunday dedi: «Men sening ko‘zlaringda og‘ir nigoh va dardni ko‘rdim».

Oliy ma’lumotli bo‘lishni istamagan Raj «Bombey tokiz» studiyasida rejissyor yordamchisi sifatida ishlay boshladi. Shu tariqa kinematografiyada mahoratini oshirib, sharq kinosi texnik yutuqlarini ham o‘rgana boshladi.

1947 yili Hindistonda ro‘y bergan tub burilish Raj Kapurning taqdirida keskin o‘zgarish yasadi. U bir nechta bosh rollarni o‘ynab ishlab topgan pullarini o‘zining birinchi filmi «Tizginlangan ehtiros» filmiga tikdi. Boshlovchi teatr rejissyorining mazkur kartinasida o‘ziga xos xususiyatlar: nur va soyaning oq-qora rangdagi mutanosibligi, avtobiografik chizmalar, go‘zallik falsafasi namoyon bo‘ldi. Raj Kapurning aktrisa Nargis bilan hamkorligi shu filmdan boshlandi (ular birgalikda 16 ta filmda suratga tushishdi).

Birinchi filmining kamtarona muvaffaqiyatidan so‘ng, 1948 yili Raj Kapur o‘zining «R.K.Filmz» studiyasiga asos soldi va yirik ko‘lamli «Yomg‘irlar mavsumi» kartinasi ustida ish boshladi. O‘sha paytlarda Raj Kapur nafaqat Hindistonda, balki dunyo miyoqsida ham eng yosh rejissyor edi. «Yomg‘irlar mavumi» muvaffaqiyat qozonib, «Kapur jamoasi»ning shakllanishini boshlab berdi. Hind dunyosini idrok etish va madaniy an’analar filmlarda musiqaga alohida yondashishni talab qilardi. Eng yaxshi bastakorlar bilan hamkorlik hamda Kapurning musiqiy iqtidori «R.K.Filmz» filmlarida sifatli kuy-qo‘shiqlarning yangrashiga olib keldi. Xususan, «Yomg‘irlar mavsumi»da yangi bastakorlar Shankar – Jaykishan dueti hind kinosi tarixidagi eng yaxshi saundrek hisoblanadi. Xuddi o‘sha yili hind kinotomoshabinlari ajoyib aktyorlar triosi – Raj Kapur–Nargis–Dilip Kumar  ijrosidagi «Obro‘-e’tibor» (ikki afsonaviy aktyor birgalikda o‘ynagan yagona kinoasar) filmini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldilar.

Mashhur juftlikka... nuqta!

Raj Kapur o‘z filmlarining nafaqat rejissyor va prodyuseri, balki bosh rol ijrochisi ham edi. «Yomg‘irlar mavsumi»da uning Nargis bilan romantik juftligi hind kinosida noan’anaviy bo‘lgan qizg‘inlik, jo‘shqinlik va tabiiyligi (shivirlash, sirli ohangdorlik) tufayli ajralib turardi. Ajoyib musiqa, kuchli syujet, boshqa filmlardan farq qiluvchi favqulodda lavhalar film muvaffaqiyatini ta’minlagan edi.

O‘tgan asrning elliginchi yillari Kapurning shuhratini yoyib, tomoshabinlar muhabbati bilan mustahkamladi. Raj Kapur aktyor sifatida Dilip Kumar, Dev Anand bilan birga Bombey kinoindustriyasidagi kuchli uchlikni tashkil etardi. U rejissyorlik bobida muvaffaqiyat qozonsa-da, o‘zining filmlari uchun mablag‘ topish maqsadida avvalgidek suratga tushardi. Shubhasiz, Raj Kapur iste’dodli aktyor bo‘lib, har qanday qahramonni mohirona o‘ynab bera olardi. Eng yaxshi rollarini esa o‘zining filmlarida ijro etdi. Ayniqsa, 1951 va 1955 yillarda suratga olingan mashhur «Daydi» (Kann kinofestivalida ishtirok etgan) hamda «Janob 420» o‘ziga xos kartinalar bo‘ldi. Mazkur filmlar Kapur iqtidorini to‘la-to‘kis ochib berdi. Charli Chaplinga xos qahramon Raj Kapurning o‘ziga xos aktyorlik niqobiga aylandi. U mazkur niqobni so‘nggi bor salkam olti yil vaqtini olgan to‘rt soatlik «Mening ismim masxaraboz» filmida taqdi.

Kapur tasmalari nafaqat Hindistonda, balki Janubiy Osiyo, Eron, Turkiya, arab mamlakatlari, Koreya, Sharqiy Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyoda ham mashhur bo‘ldi. «R.K.Filmz» tomonidan suratga olingan «Daydi», «Poyafzal tozalovchilar», «Janob 420»ni ko‘rish uchun tomoshabinlar turnaqator bo‘lib navbatda turishardi. Ayniqsa, Kapurning Nargis bilan juftlikda ijro etgan rollari shuhrat qozondi. Ekranda aks etgan haqiqiy, yorqin muhabbat juda ko‘plarning mehrini qozondi.

1957 yili Raj Kapur va Nargisning ijodiy ittifoqiga nuqta qo‘yildi: aktrisa faoliyatining cho‘qqisi bo‘lgan «Ona Hindiston» filmida suratga tushdi. Keyin esa turmushga chiqdi va kinoni tark etdi. Kapur uchun Nargis uzoq vaqt ilhom parisi – filmlarining muvaffaqiyat manbalaridan biri bo‘lib keldi. Ularni sevishganlar deb gap tarqalgan, biroq rejissyor ham, aktrisa ham buni inkor etishardi. Agar kadr ortida o‘rtalarida nimadir yuz bergan bo‘lsa, bu umrbod sirligicha qoldi. Kapur allaqachon ammavachchasi Krishnaga uylangan, besh nafar farzandi bor edi. Rajdan Nargis haqida so‘rashganida u doimo shunday javob berardi: «Krishna – xotinim va bolalarimning onasi, Nargis esa filmlarimning volidasi». Krishna erining ishqiy sarguzashtlari borasida mish-mishlarni o‘qiganida yoki eshitganida ham churq etmasdi. Umuman, u Rajning biror ishiga aralashmasdi. Krishna namunali hind ayoli edi: itoatgo‘y, umr yo‘ldoshining aytganlariga ko‘nadigan, ko‘ngilchan. «Ideal xotin erining do‘sti bo‘lishi, umr yo‘ldoshi qiyinchilikka uchraganida yo‘l ko‘rsatishi kerak, – deb takrorlardi Kapur. – Erning ahvoli yomonlashganida rafiqa tinchlantirishi, betob bo‘lganida qarashishi shart. Krishna hammasini uddaladi».

Nargis kinodan ketgach, Raj Kapur ijodiy tanaffus oldi va sakkiz yil mobaynida rejissuraga qo‘l urmadi. U turli studiyalarda turfa aktrisalar bilan suratga tushdi va omma hamda tanqidchilarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Jumladan, Mina Kumari bilan «Sharda», «To‘rt yurak, to‘rt yo‘l», Mala Sinxa hamkorligida «Tarbiya», «Taqdir o‘yinlari», Madxubala juftligida «Ikki xo‘jayin» filmlarida rollar ijro etdi.

Nihoyat, «R.K.Filmz» «Ganga oqayotgan mamlakat» filmini suratga oldi. Raj Kapur unda prodyuser va bosh rol ijrochisi sifatida namoyon bo‘ldi. Navbatdagi film esa olamshumul «Sangam» hisoblanadi. Mazkur kinoasar qirq yoshli rejissyorning birinchi rangli filmi edi. «Sangam» bir yil mobaynida ekranlardan tushmadi va barcha kassa rekordlaridan o‘zib ketdi. Raj Kapur ilk bor maishiy mavzularni chetlab o‘tib, oilaviy masalalarga sho‘ng‘igan edi. Uch nafar do‘stning ehtiroslari, rashki, do‘stligi va fojiasi shon-shuhrat topdi.

Asabbuzarlik, kasallik va o‘lim

1970 yili Raj Kapur «Mening ismim masxaraboz»ni ekranlarga chiqardi. Kapurning olti yillik umri, ko‘p kuchini olgan ushbu kartina – turli qahramonlardan iborat uch bosqichli film. Uning qahramoni – oddiy sirk artistini ayollar mavqe-martaba tufayli tashlab ketadilar. Filmning har bir qismi oxirida Kapur qahramoni tomoshabinlarga «Mening yo‘qotgan yuragim sizlarda emasmi?» deb murojaat qiladi. Raj Kapur mazkur filmga butun jon-dilini berdi. Ssenariy materiali besh qismga cho‘zilishi kerak edi, biroq rejissyorning umidlari puchga chiqdi. Omma Kapurning maqsadini anglamadi – bir chiziqli, yengil syujetga ko‘nikkan aksariyat tomoshabinga oddiy masxaraboz tarixi g‘alati, tushunarsiz va cho‘zilib ketgandek tuyuldi. Muxlislar iste’dodli rejissyorning orzularini anglamadilar. Film prokatda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Suratga olish uchun katta pullar tikilgani bois, bu o‘pirilish Kapur kompaniyasini salkam xonavayron qildi. Filmning davomi qog‘ozda qolib ketdi. Kapur bir necha oy mobaynida jamoatchilikka ko‘rinmadi. U nihoyatda ozib, ko‘zlari kirtayib qoldi. Qattiq asabiylashgani sababli astmaga duchor bo‘ldi.

Kapur shu holatda yana bir nechta filmlarni suratga oldi. Biroq kasallik o‘z ishini qilib bo‘lgan edi. 1975 yili Kapur yurak xuruji bilan shifoxonaga tushdi – vrachlar uni salkam narigi dunyodan sug‘urib oldilar.

Raj Kapur kinoda suratga tushishni davom ettirdi. Mashhur rejissyor boshqa hamkablarining loyihasida ishtirok etardi: «Jinoyat va ...» «Dunyo bo‘ylab», «Orzular sotuvchisi»... Raj Kapur faqat pul uchun suratga tushmagan, albatta. Masalan, u do‘sti, safdoshi, shoir Shaylendrning «Uchinchi qasam» filmida gonorarsiz ishtirok etdi.

Moliyaviy yo‘qotishlar tez orada Kapurning rejissyorlik ishi – sevishgan o‘smirlar hayoti aks etgan «Bobbi» bilan qoplandi. Film ssenariysini uning azaliy do‘sti Xo‘ja Ahmad Abbos yozdi. Yetakchi rollarni ham do‘stlari Pran va Premnatx ijro etdilar. Bosh qahramonlarni yosh va go‘zal juftlik Rishi Kapur – Dimpl Kapadia o‘ynadi. «Bobbi», shubhasiz, tomoshabinlarga manzur bo‘ldi, biroq maishiy mavzu va falsafiy yuklama ko‘tarilmagan deb hisoblagan tanqidchilarga yoqmadi. Raj Kapur tanqidni munosib qabul qildi va uzoq vaqtdan beri o‘ylab yurgan «Haqiqat, muhabbat va go‘zallik» falsafiy kartinasiga qo‘l urdi. Unda ichki va tashqi go‘zallik, insonparvarlik tarannum etildi. Ammo bosh qahramonni aktrisa Zinat Omon o‘ynagan mazkur kartinadagi haddan ziyod ochiq sahnalar va timsollar tomoshabinga yoqmadi. Film prokatda zavolga yuz tutdi.

Agar oxirigacha kurashmasa, Kapur Kapur emas edi. Uning ikki filmi – «Ishq dardi» (1982) va «Gang, suvlaring loyqalangan» (1985) blokbasterlarga aylandi va prokatda peshqadamga aylandi. Kapurning boshqa filmlari kabi mazkur kinoasarlar ham murakkab va noodatiy badiiy yechimga ega edi. «Ishq dardi»da beva ayolning qayta nikohlanishi (induizm an’analari bo‘yicha taqiqlangan), ya’ni g‘ayriinsoniylik mavzusi ko‘tarilgandi. Ikkinchi film taqdiri vahshiy va shafqatsiz odamlar tomonidan izdan chiqarilgan tog‘ qizi Ganga haqida edi. Rejissyor mashhur Ganga daryosining tog‘da musaffo ekanligi, quyi irmoqlarda esa favqulodda iflosligini ramziy ma’noda ochib bergandi. Har ikkala filmda ham bosh qahramonlar ayollar bo‘lib, ularni yosh aktrisalar Padmini Kolxapure va Mandakini ijro etdi. Erkaklar roli esa o‘g‘illari Rishi, Rajiv va ukasi Shashi tomonidan o‘ynaldi. 1984 yili esa Raj Kapur Britaniyaning «Kim» serialida kichik rol ijro etdi.

Raj Kapurning oxirgi va tugallanmagan filmi «Henna» – pokistonlik musulmon qiz (Zebo Baxtiyor) va uni qutqarib sevib qolgan «narigi qirg‘oq»dagi hind yigiti (Rishi Kapur) haqida edi. Mazkur kartina ham Xoja Ahmad Abbos ssenariysi asosida suratga olinayotgandi. Kapur nafaqat hind mintaqasining madaniy-tarixiy muhofazasi haqida, balki hozirda Pokistonda bo‘lgan kichik vatani Peshovar xususida ham so‘z yuritmoqchi edi (bu ishni o‘g‘li mustaqil ravishda tugatdi va film 1991 yili ekranlarga chiqib, ulkan muvaffaqiyat qozondi).

Umrining so‘nggi yillarida Kapur ko‘chaga kamerasi bilan chiqib, shahar manzaralari va oddiy hindlar hayotini suratga olib yurdi. O‘tkinchilardan kamdan-kam kishi darmoni qurigan ulug‘ rejissyorni tanirdi.

Ko‘ksov (astma) xastaligidan aziyat chekkan Raj Kapur «Dadasaheb Phalke Award» mukofoti bilan taqdirlanish chog‘ida yiqilib tushdi. Tezda shifoxonaga yetkazildi, ammo shifokorlar 63 yoshli Raj Kapurni qutqarib qola olmadilar. Daho rejissyor vafot etdi. O‘shanda 1988 yilning 2 iyuni bo‘lib, Hindistonda milliy motam e’lon qilindi.

Raj Kapur meros sifatida nafaqat ko‘plab filmlarni, balki besh nafar farzand – uch o‘g‘il – Randxir, Rishi, Rajiv va ikki qiz – Rita va Rimani ham qoldirgan. Uning o‘g‘illari ham kinoni tanlashdi. Sulolani nevaralar ham davom ettirishdi. Kapur o‘z avlodidan ayollar aktrisa bo‘lib chiqishini xohlamagandi. Bu taqiqni birinchi bo‘lib nabirasi Karishma buzdi. Uning singlisi Karina ham aktrisalikni tanlab, mashhurlikka erishdi.

Akbar Fathullayev

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring