Maktab hovlisida qolgan umr sadosi yoxud 25-mayning aytilmagan hikoyasi
1990-yil. O‘rta maktabni bitirdik. 29 nafar sinfdosh edik. O‘shanda 24 may kuni edi. Sinfdoshlar 25-may kuniga «So‘nggi qo‘ng‘iroq»ni belgilashgan. Kim yangi kiyimlar sotib olish uchun bozorma-bozor yugurgan, kim bayramda muallimlarni xursand qilish uchun guldastalar tayyorlashga kirishgan, kim bayram dasturxonini to‘ldirish uchun pishir-kuydir bilan ovora...
Maktab hovlisida esa 10-15 sinfdosh ertangi kunga tayyorgarlik ko‘rish: yig‘ishtirish, supir-sidir ishlari uchun qolganmiz. Kim maktabni bitirayotganidan xursand, yana kimdirning ko‘zida yosh. Men esa aynan, o‘sha kuni Toshkentga — o‘qishga kirish uchun poyezdga chipta olganman.
— Sinfdoshlar!!!
Idiboy ismli sinfdoshimiz qarsak chalib, hammamizning e’tiborimizni o‘ziga qaratdi:
— Hammamiz Layloning o‘qish uchun Toshkentga ketishini bilamiz, to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri!
— Ha, bilamiz!
— Bu yaxshi-ku!
— Ammo, yomon tomoni: uning poyezdga bileti bugun ekan, — biroz norozinamo so‘z qotdi Idiboy.
To‘rt tarafdan sinfdoshlar sal qolsa, yoqamga yopishishdi:
— Bir kun ming kun emas-ku!
— O‘zi har safar shu: nimadir boshlasak, Laylo o‘zining nimasinidir boshlab qo‘yadi!
— Yaxshi qilmayapsan, ertaga 25 mayni o‘tkazib, keyin ketishing kerak edi!
— E-e, ko‘rding, Laylo, ketmasang, yaxshi bo‘lardi, bu kunni qaytib topib bo‘lmaydi. Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q! — so‘zladi Idiboy.
Bu gapga Ikrom va Odil ham qo‘shildi.
— E-e, qo‘ysanglar-chi, bunaqa sovuq gaplarni! Xudo xohlasa, yaxshi kunlarda ko‘p-ko‘p ko‘rishaylik. Endi ilojsizman, bilasizlar, Toshkentda o‘qish uchun o‘zi otamni zo‘rg‘a ko‘ndirganman, hozir biletni bekor qilsak, shu bilan tamom... qaytib ruxsat bermaydi! Undan ko‘ra, yaxshi niyatda duo qilinglar! — dedim xuddi iltijo qilgandek.
Sinfdoshlar «O‘qishlarga kir, omadingni bersin, lekin, baribir, bir kunginaga qolsang yaxshi bo‘lardi...», — deyishdi.
Mana bugun 25-may. Maktabni bitirganimizga 36 yil bo‘libdi. Ammo, shu kun meni hali-hanuz azoblaydi. «Nega o‘sha kun «So‘nggi qo‘ng‘iroq»ni tashlab keldim?», — degan o‘y ezadi.
«So‘nggi qo‘ng‘iroq» o‘z nomi bilan bolalikka, yoshlikka qo‘yilgan so‘nggi jarang ekan.
«Jaranglab chalinsa, «So‘nggi qo‘ng‘iroq»,
Eng so‘ngi onlarga qo‘yilur nuqta.
Umrning 10 yili o‘tibdi, biroq,
Nelarga ulgurdi, qiloldik udda... »
Qaysidir shoir qalamiga mansub shu she’r 36 yilki, tilimdan ketmaydi.
Bundan 36 yil ilgari: «Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q», — degan Idiboy sinfdoshim, «Yaxshi qilmayapsan, ertaga 25 mayni o‘tkazib, keyin ketishing kerak edi!», — degan Barot sinfdoshim bugun oramizda yo‘q.
Ularning aynan, shu gaplari hamon qulog‘imda jaranglaydi. Ularning ovozi, xafa holda so‘zlagan hazilomuz gaplari, maktab hovlisining changi, may oyining iliq shamoli — hamma-hammasi xotirada tirikday.
Bugun men inson har doim ham «keyin»ni tanlash imkoniga ega emasligini anglab yetdim. Har bir «bugun»ning o‘z bahosi, o‘z taqdiri bo‘lar ekan. Va ba’zan bitta poyezd chiptasi butun bir umrlik xotiralar yo‘lini belgilab qo‘yar ekan.
«So‘nggi qo‘ng‘iroq» o‘sha kuni men uchun bolalik bilan vidolashuv emas, yurakda xotiralarning muhrlanishi ekanini, dard ekanini keyinroq tushundim. Bu dard yurakdan ketmaydi: u faqat shakl almashadi, odam bilan birga kattalashib boraveradi.
Bugun ham 25-may. Maktab hovlisidagi jaranglar yo‘q, o‘sha ovozlar yo‘q.
***
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda turli qarashlarda talqin qilinayotgan «So‘nggi qo‘ng‘iroq» — faqatgina maktab hovlisida chalingan temir qo‘ng‘iroq emasligini unutmasligimiz kerak. Yuqorida aytganimizdek, u bolalikning so‘nggi sadosi. Kim uchundir orzularga ochilgan eshik, kim uchun vidolashuv va kim uchundir yangi tashvishlar boshlanishi.
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, may oyining oxirlari kelishi bilan mamlakatning har bir maktabida o‘ziga xos ruh paydo bo‘ladi. Odatda, shovqin-suronga to‘la bo‘lgan sinfxonalar sokinlashadi. O‘quvchilar kulgisidayam g‘alati mahzunlik paydo bo‘ladi. Chunki, bu darslar, bu parda, bu derazayu-jovonlar, qo‘ng‘iroqlar... ortda qoladi.
Bir vaqtlar darsga chiqishni istamagan bola ham yillar o‘tib, aynan, o‘sha kunlarni sog‘inib yashaydi. Bir paytlar yoqtirmagan o‘qituvchisining qattiqqo‘lligi ortida mehr borligini keyinroq anglaydi. Har kuni ko‘rib, bir-biridan zerikkan sinfdoshlar ham yillar o‘tib, eng qadrli insonlarga aylanadi.
Ma’lumot o‘rnida: «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tarixiga nazar tashlansa, uning sobiq ittifoq davrida shakllangani ma’lum. Tarixchilarning qayd etishicha, ilk bunday tadbir 1948 yilda sobiq Ittifoq hududida o‘tkazilgan ekan. Uni birinchi bo‘lib rus pedagoglaridan biri Fyodor Bryuxovetskiy yo‘lga qo‘ygani haqida ma’lumotlar bor.
Shundan keyin «So‘nggi qo‘ng‘iroq» asta-sekin an’anaga aylangan. Oradan yillar o‘tdi, davlatlar o‘zgardi, tizim o‘zgardi, ta’lim tizimi yangilandi, ammo, bu marosim saqlanib qoldi. Xalqona an’anagayam aylanib ulgurdi.
Har yili 25-may kuni maktab hovlilarida bitiruvchilar saf tortadi. Yelkasida qo‘ng‘iroq ushlagan birinchi sinf o‘quvchisini ko‘tarib chiqqan bitiruvchi davrani aylanadi. Mana shu tasvirning o‘ziyam juda chiroyli taassuroti bilan xotiralarni qayta-qayta tiklaydi.
Buxorolik 68 yoshli Hamid aka 1975 yilda maktabni bitirgan:
— O‘sha paytlarda xuddi bugungidek dabdababozliklar bo‘lmasdi. Maktab hovlisida saf tortardik. Direktor tabriklardi. O‘qituvchilar omad tilardi. Keyin esa sinfdoshlar bilan rasmga tushib, tarqalishardik. Hashamati oz bo‘lsa ham hozirgilaridan ko‘ra, samimiyroq bo‘lardi. Sababi o‘shanda biz qimmat liboslar, restoranlar, ortiqcha dabdaba, ijtimoiy tarmoq uchun sahnalashtirilgan videolar ko‘rsatish uchun emas, xayrlashuvni his qilish uchun to‘planishardik, — dedi.
Bugungi bitiruvchilar esa boshqacharoq fikrlaydi.
— Bu kun biz uchun muhim. Bolalik hayotimizning yakuni. Hamma narsa esda qolardi bo‘lishi kerak: liboslar, rasmlar, vals.., — deydi bitiruvchi qiz.
Ha, har bir avlodning his qilish tarzi boshqacha. Kechagi bitiruuvchi xotirani yurakda saqlagan bo‘lsa, bugungi bitiruvchi uni telefon galareyasida saqlaydi.
Hatto, ota-onalar ham ikki tarafga bo‘linganini yashirmaslik kerak. «Kimning ko‘ylagi qimmat, kimning restorani zo‘r...» musobaqaga aylanyapti. Iqtisodiy jihatdan yetishmovchiligi bor ota-onalar esa qiynalib qolishyapti.
Aslida, bahsning ildizidagi muammo «So‘nggi qo‘ng‘iroq»da emas, uning mazmuni o‘zgarib borayotganida. Shuningdek, maktablarda «vals» ham bahslashuvlarga sabab bo‘lmoqda.
Albatta, maktab rahbarlari va mas’ullar esa bu masalada ehtiyotkor. Vazirlik tomonidan ham ortiqcha dabdaba, restoranlarda bitiruv kechalari, pul yig‘ish, qimmat liboslar va xavfli sayrlarga qarshi qat’iy cheklovlar belgilangan. Bu qarorlar bejiz emas, har yili istamasak-da, «So‘nggi qo‘ng‘iroq»dan keyin turli ko‘ngilsiz hodisalar kuzatiladi. Bayram xuddi qimmat liboslaru, go‘zal chehrali qiz-yigitlar namoyishga aylanib ketadi.
Muhokamayu bahslarda, hatto, «So‘nggi qo‘ng‘iroq» kerakmi?» degan savolni tashlashga ham ulgurishibdi. To‘g‘ri, bu savolga aniq va bir xil javob yo‘q. Ammo, bir haqiqat borki, inson hayoti ramzlarga ham muhtoj. Nikoh, tug‘ilgan kun, harbiy xizmatga kuzatish, nafaqaga chiqish va hokazo... bularning barchasi hayotiy bosqichlarni belgilaydi.
Gap uni bekor qilishda emas, ma’noli va mazmunli o‘tkazishda. Agar bu tadbir orqali ota-onalar bolalar ko‘z o‘ngida «boy-kambag‘al»ga ajratilsa, «So‘nggi qo‘ng‘iroq», shubhasiz, ahamiyatini yo‘qotadi, o‘zidan bezdiradi. Yuqorida 68 yoshli Hamid aka aytganidek, asosiy urg‘u ustozlarga rahmat aytish va sinfdoshlar bilan xayrlashishga qaratilsa, an’ananing umri davomli bo‘ladi.
***
Oradan yillar o‘tar. 30 yil. 50 yil. Bugungi bitiruvchilar xuddi biz kabi sochiga oq tushgan holda maktab hovlisidan o‘tar, ammo, bolalik sog‘inchi o‘zgarmaydi. «Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q!», — degan og‘riq xotiralar qalblarni bu qadar o‘rtamaydi...


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter