Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Samarqanddagi qurilish-buzilishlar: kalavaning uchi qayerda?

Samarqanddagi qurilish-buzilishlar: kalavaning uchi qayerda?

Фото: «123ru.net»

«Uy olishga qo‘rqib qoldik...»

Samarqandda qurilgan va qurilayotgan qator ko‘p qavatli uylar buzilayotgani, bunga asos qilib nufuzli YuNESKO xalqaro tashkilot hujjatlari pesh qilinayotgani ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Yillar davomida tejab-tergab yiqqan puli, banklardan katta foiz evaziga olingan qarzlari evaziga uyli bo‘lgan fuqarolarning haqli e’tirozlari o‘z yo‘liga, ammo shahardagi «qur-buz mojarolari»dan katta-katta mutasaddilar ham lol, ular orasida bosh changallaganlari ham topiladi.

Madaniyat vazirligi madaniy meros ob’yektlari (MMO)ni muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Samarqand va Jizzax viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo davlat Inspeksiyasi o‘zining g‘alati qarorlari bilan Samarqandni o‘z mulki qilib olgandek go‘yo... Inspeksiya o‘zi istagan binoni – masjid, maqbara, Chor Rossiyasi bosqinidan keyin qurilgan inshootlar, hatto biror joyiga besh-o‘nta «Nikolay g‘ishti» terilgan zamonaviy choyxona va oshxonalarni ham «madaniy meros ob’yekti» (MMO) deya e’lon qilib, ularni davlat muhofazasiga olinishi shartligi to‘g‘risida hokimiyatlarga tavsiyalar kiritmoqda. Viloyat va shahar hokimlari ular istagan qarorni chiqarib bermoqda. Natijada, MMO deb tan olingan bino alohida martabaga ega bo‘ladi, muhofazaga olinadi, unga tegilmaydi. Eng muhimi, bu bino va unda faoliyat olib borayotgan ishbilarmonlar soliq to‘lamaydi.

Samarqandda Inspeksiya shunchalik nufuzga ega bo‘ldiki, biror uy qurilishi uchun qurilish firmalari rahbarlari, avvalo, shu idora ruxsatini oladigan, shusiz hokimlar qaror chiqarmaydigan bo‘ldi. Albatta, bunaqa nufuz idora rahbarining damini o‘tkir qilishi tabiiy...

Xullas, MMOning muhofaza hududini Vazirlar Mahkamasi yoki YuNESKO emas, Inspeksiya belgilamoqda. Inspeksiya bugungi kunda deyarli butun boshli shaharni muhofaza hududiga kiritgan. Bu idoraning juda ulkan hududni muhofaza maydoni deya qizilga bo‘yab olgan xaritasi bor. U Samarqandga kiraverishdagi Cho‘ponota qirlaridan boshlanib, shaharning eski shahar qismini butunlay, yangi shaharning esa kattagina qismini egallagan. 2004-yilda chizilgan «YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand shahrining tarixiy-me’moriy qo‘riqxonasi chegaralari xaritasi» deb atalgan bu chizmaning girdiga «Tasdiqlayman», deya o‘sha paytdagi madaniyat vaziri, «Kelishilgan», deya vazirlik qoshidagi MMOni muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi boshlig‘i, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori hamda Inspeksiya boshlig‘ining o‘zi qo‘l qo‘yib, muhr urishgan. Bugun aynan Inspeksiya tepaga olib chiqayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqandda binolar mulohazasiz buzilmoqda. Ajablanarlisi, qurilganiga ancha bo‘lgan, besh-olti yildan beri aholi yashab kelayotgan uylar buzilmoqda.

Uylarning necha qavat bo‘lishi kerakligini ham Inspeksiya belgilab bermoqda. «Nimaga asosan, bunga ularning qanday haqqi bor?» deydigan kishi topilmayapti. Inspeksiya esa, istagan quruvchiga o‘zi istagan balandlikda uy qurishga ruxsat bermoqda. Nimaning evaziga, bu boshqa masala...

Inspeksiya belgilab bergan hududdagi uylar buzilishi kerak ekan, avvalo, Samarqandning markazida, shundoqqina Registon maydoni biqinida qad ko‘targan viloyat hokimligi binosi, unga tutash inshootlar, qator-qator mehmonxona, bank binolari buzilishi kerak emasmi? Yo‘q,  Inspeksiya hokimiyat binolari buzilmasligining yo‘lini topib bergan: ularni ham MMO deb qaror chiqargan. Rost-da, Samarqand shahar hokimiyati binosi boricha «Nikolay g‘ishti»dan tiklangan bo‘lsa, yana uni kimsan general-gubernator Abramov janobi oliylari qurdirgan bo‘lsa, MMO bo‘ladi-da. «Afrosiyob» mehmonxonasini Hindistondan kelgan quruvchilar qurganidan keyin MMO bo‘ladi-da! Qiziq, XVII asr obidasi, Namozgoh masjididan 50 qadam beriga yaqindagina qurilgan hashamatli bino-chi? Uyam MMOmikan?

Qonunda nima deyilgan?

O‘zbekistonda 2001 yildayoq «Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida» Qonun qabul qilingan. Unda MMOni Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritishni tavsiya qilish vakolatigina Madaniyat vazirligi va unga tegishli Inspeksiyaga berilgan. MMOning muhofaza hududini belgilash esa, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga yuklatilgan (6-modda). Shuningdek, mazkur qonunda Madaniyat vazirligi va uning huzuridagi nazorat idoralarining vazifalari ham aniq qilib belgilab berilgan: «Madaniyat vazirligi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi. Bu boradagi davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi. Bu ob’yektlarni konservatsiya qilish, ta’mirlash, hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish bo‘yicha ishlab chiqiladigan dasturlarda qatnashadi. Shu ob’yektlarning ma’naviyatimiz durdonalari ekanini o‘z tadbirlarida targ‘ib qiladi» (7-modda).  Mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlari ham ko‘rsatilgan: «O‘z hududlaridagi MMOni aniqlaydilar, hisobga oladilar, asraydilar, foydalanadilar» (9-modda).

Ko‘rib turganingizdek, mahalliy hokimiyat organlari va Inspeksiyaga bundan ortiq vakolat, ya’ni MMOning muhofaza hududini belgilash, shaharda qurilayotgan uylarning balandligini chegaralab berish, uylarni buzdirish, tekislash vakolatlari berilmagan.

G‘ayriqonuniy qarorlar va ... ijrolar

O‘zlari katta vakolatlarni berib qo‘ygan, uy qurilishi, joyi, necha qavat bo‘lishigacha shu idoradan tavsiyanoma olib kelinishini talab qilgan viloyat va shahar hokimlarini Inspeksiya rahbari o‘z maqomiga solib olganday.

Birgina Samarqand shahar hokimining qarori bilan qurilishiga noqonuniy qaror berilgan 200 dan ortiq ko‘p qavatli uylarning taqdiri shubha ostida qoldi. Bugungi kunda prokuratura organlari ana shu uylarning 100 dan ortig‘iga oid qarorlarning qonuniyligi borasida tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Natijada bir qancha qurilish firmalari  rahbarlari ustidan jinoyat ishlarni qo‘zg‘atildi, ular qurgan ko‘p qavatli uylarning buzilishiga oid sud qarorlarini chiqarishga ham muvaffaq bo‘ldilar.

Samarqandlik tajribali huquqshunoslar O‘zbekiston Prezidentiga, O‘zbekiston Bosh prokurori va Madaniyat vaziriga murojaat qilib, tarkibiga qonunlarni yaxshi tushunadigan, bilimli, salohiyatli fan, madaniyat arboblari va jamoatchilik vakillari kiritilishi lozim bo‘lgan nufuzli komissiya tashkil etishni so‘ramoqdalar. MMOni muhofaza qilish borasidagi qonunlar ijrosi qanday ahvolda ekaniga xolis baho berib, bu boradagi qonunbuzarliklarni taftish qilish lozimligini ta’kidladilar. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi, Madaniyat vazirligi MMO muhofazasi borasidagi tartibsizliklarni bartaraf etish yuzasidan qilinishi ko‘zda tutilayotgan ishlar xususida tushuncha berishni talab qildilar. Inspeksiya bergan ma’lumot asosida Samarqand shahridagi 1600 ta inshoot madaniy meros ob’yekti sifatida davlat muhofazasiga olingani, u ro‘yxat yana ortib borayotganiga izoh  so‘radilar. Vazirlar Mahkamasining Samarqanddagi MMO atrofidagi muhofaza hududlarini aniq chegaralab berishini, ulardan foydalanish qoidalarini ta’riflab berishini talab qildilar. Ular bu boradagi qonunlar ijrosini ta’minlamagan mutasaddilar faoliyatiga huquqiy baho berilishini ham so‘radilar.

Afsuski, bu talablar e’tiborsiz qoldi. Respublika Bosh Prokuraturasi, Madaniyat vazirligi, mahalliy hokimiyat rahbarlarining mazmuni bir xilda bo‘lgan, umumiy gaplardan nariga o‘tilmagan javoblarida Samarqandda bo‘layotgan tartibsizliklarga jiddiy ahamiyat berilmadi, masalaga oydinlik ham kiritilmadi. Ularning bu harakatini tushunish qiyin. Aslida, ularning bu harakati, to‘g‘rirog‘i, harakatsizliklarini izohlab ham bo‘lmaydi.

Inspeksiya chizib olgan, o‘zlaricha alohida qo‘riqlanadigan hudud va undan kattaroq bo‘lgan yana bir himoya hududi – «bufer zonasi» degan tushunchaning xayoliy bir narsa ekani aldovdan boshqa narsa emas! Eng qizig‘i, «Qo‘riqlanadigan hudud» va «Bufer» degan atamalar faqatgina Samarqandda, Inspeksiyada bor. Bunaqa atamalar Buxoroda ham, Xivada ham uchramaydi. Umuman, «bufer» dagan atama O‘zbekiston qonunchiligida ham yo‘q!

Qiziq faktlar

Soha mutaxassislari guvohlik berishicha, Samarqanddagi 100 dan ortiq uylar, kafe, restoran, do‘kon, kinoteatr va boshqa inshootlar MMO sifatida davlat muhofazasiga olingan. Aslida, ularning birortasi na tarixiy, na madaniy, na me’moriy qimmatga ega. Umumjahon MMO ro‘yxatiga sira ham kirmaydi. Bu ro‘yxatga Samarqanddagi sanoqli binolar kirganini hamma bilgani holda, viloyat hokimi Inspeksiya taqdim qilgan ro‘yxatga asosan, 1600 ob’yekt madaniy meros ob’yekti ekanini tasdiqlab, muhr urgan. Vaholanki, bunga uning na haqi bor, na vakolati!

Inspeksiya mahalliy rahbarlar ongiga bir narsani quygan: «Nikolay g‘ishti» ishlatilgan har qanday bino – tarixiy obida! Unga tegib bo‘lmaydi!» Samarqandliklar o‘sha binolarning faqat yuziga o‘sha g‘ishlar terilgani, hammasining orqa tarafi xom g‘isht, paxsa devor ekanini yaxshi biladi.

Yana bir qiziq fakt: Samarqanddagi binolarni MMO deb topishni Inspeksiya boshlig‘i o‘zi tuzib, o‘zi tasdiqlagan, rahbar qilib o‘zini tayinlagan, tarkibiga eri va boshqa yaqin qarindoshlarini kiritgan Ekspert Kengashi hal qiladi.

Yuqoridagi Qonunning 17-moddasiga ko‘ra, «MMOning o‘zgartirish mumkin bo‘lmagan o‘ziga xos xususiyatlarini va uning tarixiy muhitini saqlab qolish maqsadida unga tutash hududda muhofaza tegralari, imoratlar qurish va xo‘jalik faoliyatini tartibga solish tegralari, qo‘riqlanadigan tabiiy landshaft tegralari beligilab qo‘yiladi». Bu vazifa  Inspeksiyaning emas, Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiradi.

Afsuski, o‘z vakolatlari doirasidagi vazifalarni bajarmagan idoralarning hammasining ishlarini birvarakayiga o‘z gardaniga olgan Inspeksiya bu vazifani qoyilmaqom qilib uddalagan va YuNESKO nomini qalqon qilib, uning 1972-yilda qabul qilingan «Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi konvensiya yo‘riqnomalarini, shahar Umumjahon MMO ro‘yxatiga «Samarqand – madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan kiritilganini pesh qilib, butun boshli shaharni muhofaza hududiga kiritib qo‘ygan.

Uyi buzilishi masalasida murojaat qilgan har qanday fuqaro oldiga mahalliy rahbarlar Inspeksiyaning xaritasini tashlab, «Qayerga borsang bor, shu idoraning gapi gap!» deya javob bermoqda. Ammo takror aytaman: bu xaritani kim chizgan? Nimaga asosan chizgan? Kim uni tasdiqlagan? Uni O‘zbekiston hukumati ma’qullaganmi? Afsuski, bu savollarni beradigan ham, unga javob topadigan odam ham hozircha yo‘q!

Inspeksiya tomonidan o‘ylab topgan «Muhofaza hududi» va «Bufer hududi»ga kirib qolgan binolarning taqdiri birgina Inspeksiya ishorasi bilan hal bo‘lmoqda. Eng qizig‘i, qaysidir binolar qoldirilib, yonidagi, undan pastroq binolar buzilmoqda.

Mutasaddilar nima deydi?

Men ushbu masala yuzasidan Madaniyat vaziri, shahar hokimi va Inspeksiya boshlig‘i, shuningdek, buzilayotgan uylarning yashovchilari, shu munosabat bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan insonlar bilan gaplashdim. Rahbarlarning har biri mening gaplarimni tasdiqlab, Samarqanddagi MMO muhofazasi, uylar qurilishi va buzilishi borasida juda ko‘p tartibsizliklar bo‘lganini aytishdi. Ammo har biri Samarqandning tarixiy qismini qadimiy holida saqlab qolish shartligini, binolar tarixiy obidalardan baland bo‘lmasligi lozimligini ta’kidladilar. Ularning barchasi xorijiy sayyohlar Samarqandga ko‘p qavatli imoratlarni emas, aynan qadimiy binolarni ko‘rgani kelishini, biz ularning ko‘ngliga qarab ish tutishimiz, ularni xursand qilishga intilishimiz lozimligini aytdilar.

Bugun ko‘p aholi uylari va o‘z taqdirlarini o‘ylab, sarosimada. O‘z uyini ta’mirlagani uchun jinoyatchiga chiqqanlarning esa, fig‘oni falakda...

Shaxsiy xulosalarim

Avvaldan aytib qo‘yay, bular mening shaxsiy fikrlarim va birovni aniq bir jinoyatda ayblash fikridan yiroqman. «YuNESKO tomonidan qo‘riqlanadi», «YuNESKO tasarrufiga olingan hudud», degan gaplar, mening nazarimda, Inspeksiya va u bilan bir manfaatni ko‘zlagan mahalliy hokimiyat rahbarlari tomonidan sodir qilingan moliyaviy jinoyatlar va ta’magirliklarni niqoblash uchun o‘ylab topilgan. Bu uydirmalar, eng kamida, qurilish firmalaridan ularga yer berishda pora olish uchun o‘ylab topilgani viloyatning sobiq hokimi pora olib qo‘lga tushgani bilan isbotini topdi, deb hisoblayman.

Inspeksiya «ixtiyoriga berilgan» binolarda bugun korxonalar, do‘konlar, oshxonalar, turli katta-kichik firmalar faoliyat yuritayotganligi ham sir emas.

– Mahallamizda joylashgan, bir zamonlar mahalla ahli hashar yo‘li bilan qurgan, hech qanaqa MMO bo‘lmagan «Ko‘kmasjid»  ko‘p yillardan beri qarovsiz bo‘lib, yarim vayrona holiga kelib qolgan edi, – deydi Ko‘kmasjid MFY raisi T.Xalilov. – Mahalla ahlining kuchi, homiylarning ko‘magi bilan masjidni, hovlisini, hujralarni chiroyli qilib ta’mirladik va mahallaning ma’naviyat markaziga aylantirmoqchi bo‘ldik. Hamma ish bitganida bu joyga ega chiqib qoldi. Qo‘lida Samarqand shahar hokimining qarori bilan kelgan Inspeksiya rahbari bu joy o‘z tasarrufiga o‘tkazilganini aytdi va bu joyga ... avtomobil maktabini joylashtirdi. Maktab odamlardan pul olib, ishlab yotibdi. Ammo davlatga soliq to‘lamaydi. Inspeksiyaga ijara puli to‘laydi, xolos.

2016 yilda Samarqand viloyat IIB rahbariyati taqdimnomasi bilan Madaniyat vazirligi Inspeksiya o‘z xizmat vakolatini suiste’mol qilgani, ekspertizalarni noqonuniy o‘kazgani, o‘zboshimchaliklar qilinganini aniqlagan edi. Ammo Inspeksiya qarorlari noqonuniy ekanligini aniqlagan sud unga jazo tayinlashgacha yetib bormadi...

Mening nazarimda, Inspeksiya rahbari muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan odilona siyosatni obro‘sizlantirayotganga o‘xshaydi. Eng yomoni, Inspeksiya Samarqand xalqida hukumat va Respublika rahbariga nisbatan norozilik kayfiyati uyg‘onishi ehtimolini yuzaga keltirmoqda.

So‘nggi so‘z

Menimcha, Samarqandda bo‘layotgan tartibsizliklar, shubha-gumonlarni tarqatish maqsadida, xalqning fikrini eshitib ko‘radigan, bu ishlarga sabab bo‘layotgan MMO va muhofaza hududlari haqida aql bilan bir to‘xtamga keladigan, bu boradagi hukumatning, Madaniyat vazirligi, mahalliy hokimiyat qarorlari qanchalar to‘g‘ri ekanini baholaydigan, xullas, masalani bir yoqli qiladigan  payt keldi. Aks holda kech bo‘ladi.

Adolatli bir komissiya tuzilib, bo‘layotgan ishlar xolisona tekshirilsa,  bahsli ayblov bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan, haligacha turmada o‘tirgan  kishilarning taqdiri ijobiy hal qilingan bo‘lardi. Bundan tashqari, xalqimizning madaniy boyligi bo‘lmagan, zarracha tarixiy, madaniy, me’moriy qimmati bo‘lmay turib, MMO martabasiga ega bo‘lgan yuzlab binolar oddiy bino maqomiga tushar, bundan keyin yuz beradigan qonun buzilishlari bartaraf qilingan bo‘lardi.

Bu tekshirish MMOning haqiqiy muhofaza hududini ham aniqlab, Samarqand shahrida qancha ko‘p qavatli uylarni qurish uchun hokimiyat qarorlari noqonuniy chiqarilganiga ham oydinlik kiritardi. Birovlarning mol-mulkini g‘ayriqonuniy tarzda o‘zlashtirib olgan kimsalarning ham sirlari fosh bo‘lardi. Qancha «soxta ishbilarmon» davlatga soliq to‘lamay, qonunni chetlab o‘tib,  buning evaziga kimlarnidir «rozi qilib», gullab-yashnab yurgani ham ayon bo‘lardi. Necha kishiga masjidlar va boshqa binolar ijaraga berib qo‘yilgani ochilardi. Qancha inshootlar yuzasidan noqonuniy tarixiy-madaniy ekspertiza xulosalari berilgani fosh bo‘ladi. Mahalliy hokimiyat rahbarlarining bu boradagi o‘zboshimchaliklariga barham beriladi... Yo, nasib!..

P.S.: Maqola tayyorlanayotgan kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Unda 2018 yil 1 dekabrdan boshlab barcha qurilish ob’yektlari loyihalarining smeta qismi majburiy tartibda ekspertizadan o‘tkazilishi, shuningdek, qurilish uchun yer uchastkalarini vaqtida ajratmaslik yoki noto‘g‘ri ajratish natijasida yuzaga kelgan xarajatlar mahalliy budjetlar mablag‘i hisobidan qoplanishi aytilgan. Qurilish vazirligiga Shaharsozlik kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi ham yuklangan.

Bu farmon maqolada ko‘tarilgan muammolarning ham yechilishini tezlashtiradi, hech bo‘lmaganda, bundan keyin shaharlarda bo‘ladigan qurilish ishlarida qonunbuzarliklar, poraxo‘rliklar bo‘lmaydi, deb umid qilamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring