Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir muammo izidan. Zangiotalik bolakayni nega maktabga qabul qilishmayapti?

Bir muammo izidan. Zangiotalik bolakayni nega maktabga qabul qilishmayapti?

Foto: «Oila davrasida» gazetasi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida maktab yoshidagi bolakayni maktabga qabul qilishmayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda «Oila davrasida» gazetasida «Ko‘chada qolgan bola» nomli maqola e’lon qilindi.

Ko‘chada qolgan bola
«Katta bo‘lsam, harbiy bo‘laman. Buning uchun maktabda a’lo baholarga o‘qishim kerak. Lekin meni maktabdan haydashdi. Hozir hech qaysi maktab meni o‘qishga qabul qilmayapti. Onam bilan ko‘chada yuribmiz. Amakim uyimizdan haydab chiqargan. O‘z uyimiz bo‘lishini, maza qilib cho‘milishni, ozoda bo‘lib, issiq o‘rindiqda uxlashni, maktabga borishni juda-juda istayman. Hamma bizga yordam bermoqchi bo‘lishadi-yu keyin aldab ketishadi…»

Bu gaplarni uzoq bir mamlakatdagi bechora emas, sizu bizning yonimizda yashayotgan bola aytmoqda. U to‘qqiz yosh bo‘lishiga qaramay, ba’zi bir sabablarga ko‘ra, garchi aql-hushi joyida, maktabda bilim olish uchun salohiyati yetarli bo‘lsa-da, bironta ham maktab dargohiga sig‘mayapti. Yoshgina Baxtiyor Omonovning orzusi hozircha hech kimni qiziqtirayotgani yo‘q.

Toshkent shahrining Sergeli tumani bilan Toshkent viloyatining Zangiota tumani kesishadigan katta yo‘l yoqasida bir ayol to‘qqiz yoshdagi o‘g‘li bilan mayda-chuyda (pista, qurut, yaxna ichimliklar) sotib o‘tiradi. Savdosidan tushgan daromad o‘g‘li bilan o‘zining qornini arang to‘yg‘azishga yetadi, xolos.

Umumta’lim maktabida tahsil olish davlatimizda majburiy va bepul etib belgilangan bo‘lishiga qaramay, Baxtiyor bunday baxtdan mosuvo. Bepul ta’lim olish majburiy bo‘lgan maktablarning eshigi u uchun yopiq. Sabab bitta — ularning muqim yashaydigan joyi yo‘q.

Maqolamizni bu tarzda boshlaganimizning o‘ziga yarasha sabablari bor, albatta. Gap shundaki, bu ayol birgina farzandini voyaga yetkazish yo‘lida ne-ne azoblarga bardosh berib kelmoqda. Eng achinarlisi, bu ojiza o‘z yaqinlarining «iltifoti» bilan ko‘chaga haydab chiqarilgan. Yaxshilar ko‘magidan umid qilib, bormagan joyi, yordam so‘ramagan tashkiloti qolmagan hisob. To‘qqiz yildan beri farzandi bilan sarson-sargardon, boshpanasiz, ko‘cha-ko‘yda tentirab yurgan ayolga hatto, o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan mahallasi mutasaddilari ham yordam berishni istamagan.

Keling, yaxshisi, bu haqda ayolning o‘zidan tinglasak.

Qimmatga tushgan xato
— Bundan o‘n bir yil avval oilaviy mojaro sabab uydan chiqib (aniqrog‘i haydab chiqarishgan) ketishga majbur bo‘ldim, — deydi Mehriniso Omonova. — Ota-onamdan meros qolgan uy-joydagi o‘z haqqimni undirish uchun advokat yollamoqchi bo‘ldim. Lekin unga mablag‘im yetmadi. Shu sababli tanish ayollar bilan Rossiyaga ishlashga ketdim. U yerda andijonlik Anvar degan yigit bilan tanishib, qonuniy oila qurdik. Ko‘zim yorishidan bir oy ilgari turmush o‘rtog‘im meni o‘z yurtimga kuzatib qo‘ydi. Oradan bir oylar o‘tib, turmush o‘rtog‘imni elektr toki ta’sirida halok bo‘lgani haqida xabar keldi. Bu gap qanchalik rost yoki yolg‘onligini bilmayman. Uning murdasini menga ko‘rsatishmagan. 2008-yil mart oyida o‘g‘il farzand ko‘rdim. Uch-to‘rt oy ko‘cha-ko‘yda yurib, keyin uyga qaytdim. Dastlab, akam bizni yaxshi kutib oldi. Shu paytda bolamga nafaqa puli olish uchun mahallaga murojaat qildim. Bolamning bir oylik pulidan kechish sharti bilan bola pulini oladigan bo‘ldim. Lekin buyam uzoqqa cho‘zilmadi. Menga ma’lum bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, bolam olti oylik bo‘lgach, bu puldan ham mosuvo bo‘ldim. Shundan so‘ng, olti oylik bolam bilan lag‘mon pishirib, bozorda sotib yurdim. Xullas, ota uyimda binoyidek yashay boshlagan ham edimki, akamning men va bolamga munosabati to‘satdan o‘zgara boshladi. Tez-tez ichib kelib, bizni ko‘chaga haydaydigan odat chiqardi. Mast bo‘lgan paytida doim «O‘g‘lingning merosda haqqi yo‘q, agar shu uyga egalik qilmoqchi bo‘lsang, bolangni o‘ldiraman», deb po‘pisa qiladigan bo‘ldi.

Shunday kunlarning birida yarim kechasi akam mast holatda kirib keldi-da, «Ertaga men bilan notariusga borasan-da, ikkita qog‘ozga qo‘l qo‘yasan, agar qo‘l qo‘ymasang, bolangni o‘ldiraman», deb qo‘rqitdi. Ochig‘i, bu uning qo‘lidan keladi. U hech narsadan tap tortmaydi. O‘sha paytlar qamoqdan chiqqan vaqtlari edi. Yakkayu-yagona suyanchig‘im bo‘lgan farzandimni yo‘qotishni istamadim. Undan ko‘ra, uydan kechganim yaxshi dedim-da, akamning shartiga rozi bo‘ldim.

Notariusda menga bir nimalar yozilgan ikkita qog‘oz berishdi. Ko‘zim yaxshi ko‘rmasligi uchun notarius nimaga qo‘l qo‘yayotganimdan xabardor qildi. Men ko‘rsatilgan joyga majburligimdan qo‘l qo‘ydim. Shundan beri ko‘chada yashab yuribman. Menga bu dunyoda bolamdan-da aziz va qadrli inson yo‘q. Hozir mening birdan-bir tilagim va istagim — farzandimni maktabga joylash. Uni o‘qitib odam qilish. Kelajakda menga o‘xshab darbadar, uy-joysiz qiynalib yurishini istamayman.

O‘z yaqinlari, mahallasi bag‘riga sig‘magan ayol go‘dagi bilan o‘z tumanini tark etgan.

Kuzning sovuq va yomg‘irli kunlaridan birida uni yoshi oltmishdan oshgan bir mo‘ysafid Toshkent viloyati Parkent tumaniga olib ketgan. Uni o‘z qizidek ko‘rib, olti yoshli Baxtiyorning sunnat to‘yini o‘tkazgan. Bola yetti yoshga to‘lgach, shu tumandagi 35-umumta’lim maktabiga o‘qishga bergan. Shu otaxonning yordami bilan Baxtiyor o‘qishga qatnay boshlagan. Ammo...

Birinchi sinfni tamomlashiga ikki oylar vaqt qolganda maktab rahbari almashgan. Yangi direktor esa Baxtiyorning hech bo‘lmasa birinchi sinfni tugatishiga ham ruxsat bermay, hujjati yo‘qligini ro‘kach qilib maktabdan chiqarib yuborgan.

Yangi direktorning qilmishidan ranjigan G‘ulom ota o‘zi istiqomat qilayotgan mahalla fuqarolar yig‘iniga yordam so‘rab, murojaat qilgan. Afsuski, mahalla faollari bu masalani ijobiy hal etib bermagan. Aksincha, otaxondan ularni o‘z tumaniga ketkazib yuborishni talab qilgan.

Shundan so‘ng ona bolasini o‘qitish maqsadida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Zangiota tumanidagi 32-umumta’lim maktabiga murojaat qilgan. Maktabning o‘sha paytdagi direktori ayolning muqim yashaydigan uyi yo‘qligini ro‘kach qilib, bolani maktabga qabul qilmagan.

G‘ulom ota Mehrinisoni o‘z qizidek ko‘rib, unga yordam berish choralarini izlagan. Mehriniso Omonova otaxonning maslahati va bevosita yordami bilan 2014-yilda ota-onasidan qolgan uy-joydagi o‘z haqqini talab qilib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangi­ota tumanlararo sudiga murojaat qilgan. O‘sha yilning 4-avgust kuni uning murojaati bo‘yicha sud jarayoni boshlangan. Lekin sud uning murojaatini qanoatlantirmagan. Bir paytlar notariusda imzo chekkan qog‘ozlar o‘z xohishi bilan meros uy-joydan voz kechish to‘g‘risidagi hujjatlar bo‘lib chiqdi.

2016-yil 17-noyabrda Mehriniso Omonova O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga shu masalada yordam so‘rab murojaat qilgan. Afsuski, bu urinishlari ham besamar ketgan. Xullas, hech qanday tashkilot, hech bir mutasaddi rahbar ayolning dodiga quloq solmagan. Unga hech kim yordam berishni istamagan. O‘z qizidek ko‘rgan otaxon ham mahallada gap-so‘z ko‘payavergach, ularni o‘z uyidan ketkazishga majbur bo‘lgan. Shundan beri ayol hech kimga ishonmaydi va hech kimdan yordam kutmaydi. Boshiga nima kun tushmasin, farzandi uchun bariga chidashga tayyor. Farzandi voyaga yetsa, bu kunlarni ko‘rmagandek bo‘lib ketishidan umidvor.

— Balki boshqa davlatda turmush qurganim hayotimdagi katta xatoimdir, — deya so‘zida davom etadi Mehriniso Omonova. — O‘gay akam ham aynan shu sababni ro‘kach qilib, har xil yo‘llar bilan meni merosdan mahrum qildi. To‘qqiz yil davomida o‘g‘lim ikkimiz ko‘rmagan azobimiz qolmadi. Farzandimni ko‘chada katta qilyapman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring