Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kitob — qalbni yoritar

Kitob — qalbni yoritar

Samarqand shahridagi 14-tayanch maktabida «Kitob — qalbni yoritar» mavzusida kitob taqdimoti o‘tkazildi.

Kitobxonlik insonni ma’naviy boyitib, uni ma’rifiy kamolot sari yetaklaydi. Kitob o‘qimagan jamiyatning kelajagi yo‘q, kitob o‘qimagan bola fikrlashdan to‘xtaydi. Shu maqsadda 14-tayanch maktabida boshlang‘ich sinflar uchun kitobxonlik kechasi o‘tkazildi. Tadbirda 4-F sinfi o‘quvchilari faol qatnashishdi. Maqsadimiz, o‘quvchilarni turli gadjetlar ta’siridan kitobxonlikka qaytarish. Tadbir bolajonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Xalqimizda «Qush uyasida ko‘rganini qiladi», degan maqol bor. Bolalar ota-onasining qo‘lida kitob ko‘rsa, ularda ham kitobga, mutolaaga bo‘lgan qiziqish, mehr oshadi.

Kitob yosh avlodga ta’sir etishning eng qulay vositasidir, u dunyoqarashiga ta’sir etadi, ayniqsa, o‘quvchi yoshida, ya’ni uning shakllanish davrida alohida mavqega ega. Badiiy adabiyot, turli fanlarga doir qiziqarli kitoblar bolalar ma’naviyatini shakllantirishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Kitobxonlik o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishidagina emas, umuman shaxs sifatida shakllanishida ham katta ahamiyatga ega. Ota-ona kitobdan foydalanishda ayrim omillarga e’tibor berishlari lozim.

O‘quvchilarda kitob o‘qish ishtiyoqini hosil qilish nihoyatda murakkab bo‘lib, ularning kitobxonlikka bo‘lgan munosabatini belgilaydi. Maktabda o‘qituvchi, uyda ota-ona bolada kitob o‘qish ko‘nikmasini hosil qilishi kerak. Bunda oddiydan murakkablikka, ya’ni murakkabligi jihatidan normal, bolaning kamolot darajasiga mos bo‘lgan kitoblar tanlash qo‘l keladi. Sharq mutafakkirlarining tajribasiga ko‘ra, kitobxon (o‘quvchi) qaysi mavzuga qiziqsa shu mavzudagi kitobni taqdim qilish kerak. U kitob o‘qishga ko‘nikma hosil qilgach, asta-sekin unga ixtisoslashgan kitoblar taqdim qilib boriladi.

Yozuvchi Xudoybergan To‘xtaboyevning shunday gapi bor: «Taraqqiy etgan xorijiy mamlakatlarda – kitobxonlik fan darajasiga ko‘tarilgan. Kitobxonlik kitobni targ‘ib qilishgina emas, balki kitob o‘qishni, o‘qiladigan kitobni tanlay olishni, mag‘zini chaqishni, ya’ni kitob yordamida o‘zini anglashni o‘rgatish hamdir».

Shahnoza Eshonqulova, o‘qituvchi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring