OTM va ilmiy muassasalar muassisligida «spin-off» korxonalar ochiladi
Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish va ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi mexanizm joriy etilmoqda. Hujjatga ko‘ra, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar muassisligida «spin-off» korxonalari tashkil etiladi.
Farmonda belgilanishicha, ushbu korxonalar innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va ularni real iqtisodiyotga joriy etishda muhim vosita sifatida qaraladi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-maydan boshlab korxonalar ustav fondidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi muassislarga ishonchnoma asosida beriladi. Davlat ulushini 5 yil davomida xususiylashtirish taqiqlanadi.
Yangi tartibga ko‘ra, «spin-off» korxonalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni sezilarli darajada soddalashtiriladi. Xususan, davlat aktivlarini boshqarish agentligi qarori yoki raqobat qo‘mitasining oldindan roziligini olish talab etilmaydi.
Shuningdek, agar korxonalar muassislar tomonidan innovatsion jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tashkil etilsa, ular venchur moliyalashtirish shakliga tenglashtiriladi. Farmonga ko‘ra, korxona jamoasi tarkibida professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar yoki talabalar ishtirok etishi shart.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter