O‘zbekistonda xususiy maktablar soni 500 tadan oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshiga kelib O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 551 taga yetgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 96 taga yoki 21,1 foizga oshgan. Statistika xususiy ta’lim muassasalariga talab yuqoriligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Hududlar kesimida eng ko‘p nodavlat maktab Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, ular soni 145 taga yetgan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 121 ta va Samarqand viloyati — 43 ta bilan qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyati va Namangan viloyatida 37 tadan xususiy maktab faoliyat yuritmoqda. Buxoro viloyatida ular soni 32 taga yetgan.
Qashqadaryo viloyatida 31 ta, Toshkent viloyatida 30 ta hamda Xorazm viloyatida 26 ta nodavlat ta’lim muassasasi qayd etilgan.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatida 17 ta, Jizzax viloyatida 12 ta va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 10 ta xususiy maktab faoliyat ko‘rsatmoqda.
Statistikaga ko‘ra, xususiy maktablar soni eng kam hududlar Navoiy viloyati va Surxondaryo viloyati bo‘ldi. Har ikki hududda beshtadan nodavlat umumta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter