O‘zbek–Turk universiteti qachon ochiladi? Elchi javob berdi
O‘zbek–Turk universitetini tashkil etish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar jadal davom etmoqda. Bu haqda Turkiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar 18 dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.
Toshkentda qo‘shma universitet tashkil etish tashabbusi ikki davlat rahbariga tegishli. Ushbu kelishuvga Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishida erishilgan.
«Turkiya Markaziy Osiyoda oliy o‘quv muassasalari tashkil etish borasida katta tajribaga ega. Qozog‘iston va Qirg‘izistonda turk universitetlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Orttirilgan tajribaga tayanib, O‘zbekistonda peshqadam va nufuzli oliy o‘quv muassasasi tashkil etish ko‘zlangan. Shu bois ham tayyorgarlik jarayoni biroz cho‘zilayotgandek ko‘rinmoqda. Aslida bu puxta va izchil hozirlik talab etadi. Bu borada 2024 yilda aniq qadamlar tashlanadi degan umiddaman», – deydi Olgan Bekar.
Avvalroq Turkiya oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar qo‘shma universitetga doir tafsilotlar bilan o‘rtoqlashgandi.
Turkiya elchisi ikki qardosh davlat ko‘plab sohalar qatori ta’lim jabhasida ham yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidladi.
O‘zbekistondagi ikkita OO‘Mga (Toshkent arxitektura-qurilish instituti – Erjan Kahya, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti – Chidem Janbay Turkyilmaz) turkiyalik mutaxassislik rektorlik qilayotir. Ikki davlat rektorlari mashvaratlari muntazam ravishda o‘tkazilmoqda.
Turkiya hukumatining ta’lim grantlari dasturi (Türkiye Bursları) bo‘yicha o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar nufuzli universitetlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichida tahsil olib kelmoqda.
«2022 yilda «Türkiye Bursları» doirasida qariyb 120 nafar o‘zbekistonliklar Turkiyada o‘qish imkonini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, boshqa jamg‘armalar grantlari ham mavjud. O‘ylaymanki, ta’lim ikki xalq orasidagi qardoshlikni yanada mustahkamlovchi muhim yo‘nalish sanaladi», – deydi diplomat.
2023 yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 3,2 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. O‘zbekiston va Turkiyani bog‘lovchi aviaqatnovlar soni haftasiga 60 taga yetdi.
Elchiga ko‘ra, ikki qardosh o‘lka o‘rtasidagi robitalarni tarixan yangi bosqichga ko‘tarishda davlat rahbarlarining o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan do‘stona munosabati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter