Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

Stipendiya hammaga berilsin yoki hech kimga berilmasin. Yaxshisi hammaga berilsin!

Stipendiya hammaga berilsin yoki hech kimga berilmasin. Yaxshisi hammaga berilsin!

Foto: «Nuz.uz»

Toshkentda universitetga o‘qishga kirganimda 5000 so‘m atrofida stipendiya olar edim. «Buxanka» nonning narxi yanglishmasam 25 so‘m, bitta gummaning narxi 10 so‘m edi. Yana qanchadiram pulga «proyezdnoy» olardim, qolganini yeb-ichishga va o‘quv qurollari olishga ishlatar edim.

Xullas, 5000 so‘m mening bir oylik xarajatlarim uchun yetarli emas edi, lekin 1000 kilometr uzoqda yashaydigan ota-onamni bezovta qilib, pul so‘ramaslik uchun shu pulni yetkazib yashashga harakat qilar edim. Ammo baribir, uydan pul so‘rab olish uyat bo‘lsa ham, onda-sonda yotoqxonamizning tanga tashlanadigan eski telefon apparatidan uyga qo‘ng‘iroq qilib, pul so‘rab turishimga to‘g‘ri kelar edi.

Men «istisno» emas edim. Men bilan birga turadigan va men bilgan talabalarning aksariyati uylaridan oz-moz pul olib tursalar ham ular asosan stipendiyalariga yashar edilar.

Kvartiralarda yashab, «boyvachcha» bo‘lib yashaydigan talabalar ham bor edi-yu, undaylar oz edi. Bir kuni pedagogika universitetida o‘qiydigan talaba do‘stimiznikiga «mehmon»ga borsak, non olishga ham pullari qolmaganligi sababli, xom piyozga tuz sepib yeb o‘tirishgan ekan. Mehmonga borib, ularga o‘zimizning stipendiyamizdan oz-moz xarajat qilib berib kelgan edik o‘shanda.

Universitetda davomat degan narsa bo‘lgani va har kuni darslarimiz borligi sababli darslardan qolib yoki bo‘sh kunlarda ishlashimning imkoni yo‘q edi. Shunga qaramasdan, ikkinchi yoki uchinchi kursdaligimda tunda ishlash uchun qorovulxonadan ish topganimda dadam «O‘qishingni o‘qi, pul kerak bo‘lsa menga ayt», — deb urishib bergan edi. Men «xo‘p» deb o‘qishimni o‘qishda, lekin shu bilan birga pul so‘rashga uyalganligim uchun yana stipendiyaga yashashda davom etdim. Men bilgan boshqa bitta talaba darslarga kelmasdan har doim qurilish ishlarida yurar, bilimi ham shunga yarasha edi. U o‘qishni ham shunday qilib bitirdi.

Avvalo pul berib baho olishga prinsipial qarshi bo‘lganligim va qolaversa, stipendiyamning puli o‘zimga yashashim uchun kerak bo‘lganligi sababli baholarimni o‘zim o‘qib olishga harakat qilar edim. Pulsiz baho qo‘ymaydigan domlalardan baho olish men uchun  alohida mashaqqatli mashg‘ulot edi.

Menimcha, agar stipendiyam bo‘lmaganida, taqdirim boshqacha bo‘lardi. Balki  stipendiyasiz ham, ota-onamning yordami bilan, o‘qishni bir amallab tugatardim ehtimol. Chunki ular meni tashlab qo‘yishmasdi. Lekin ota-onalari xohlasalar ham yordam bera olmaydigan juda ko‘plab do‘stlarimiz o‘qishlarini tugata olmagan bo‘lar edilar.

Dunyoning turli davlatlarida talabalarga beriladigan stipendiyalarga nisbatan turlicha munosabatlar mavjud. Ayrim davlatlarda faqat yaxshi o‘qiydiganlarga stipendiya beriladi, yana birlarida ota-onalarining daromadlariga qarab bolalariga stipendiyalar beriladi yoki berilmaydi. Ayrim davlatlarda, masalan, Daniyada istisnosiz barcha talabalarga stipendiyalar beriladi. Daniyaning o‘ziga hosligi shundaki, ularda «uchlik», «beshlik» degan stipendiyalar mavjud emas. Barcha talabalarga bir xil miqdorda stipendiyalar to‘lanadi. Yagona farq, ota-onasi bilan turadiganlarga kamroq, ularsiz o‘zlari yashaydiganlarga ko‘proq stipendiyalar beriladi.

Aslida qaysi davlatda bo‘lishidan qat’i nazar stipendiyaning maqsadi — talabaga ta’lim olish va samarali natijalarga erishish imkonini berishdir.

Davomat qattiq tutiladigan ta’lim tizimlarida talabalar ishlay olmaydilar va ular kun ko‘rishlari uchun  ota-onalaridan yordam olishlariga to‘g‘ri keladi. Davomatga emas, balki faqat yakuniy natijaga e’tibor beradigan davlatlarda esa talabalar o‘qishdan tashqari qo‘shimcha ishlarda ishlab, o‘z kunlarini ko‘radilar. Chunki davlatlar rivojlangan, rivojlanayotgan yoki kambag‘al bo‘lsin, ularning hech birida barcha ota-onalar yoppasiga boy bo‘lmaydilar va ular balog‘at yoshidan keyin (oliy ta’lim asosan 18 yoshdan keyin bo‘ladi) farzandlarining  o‘qish va yashash xarajatlarini ko‘tara olmaydilar.

Muammoning shunday mujmal ekanligini hisobga olgan holda dunyo mamlakatlari talabalarning ta’lim xarajatlariga ko‘mak sohasini o‘z qo‘llariga olganlar va ular stipendiyalarning o‘zlariga ma’qul deb topgan turini o‘zlarida qo‘llaydilar. Har holda talabalarning samarali ta’lim olishlari faqat ularning ota-onalari emas, balki mamlakatning kelajagi uchun ham birday muhim hisoblanadi...

Dunyoda stipendiyani o‘z maqsadlaridan burib, uning samaradorligini yo‘qqa chiqaruvchi holatlar ham mavjud. Bunday holatlar, ayniqsa, poraxo‘rlik avj olgan va qonunlarning amal qilishida muammolar mavjud davlatlarda kuzatiladi. Shuning uchun men qonunlarga deyarli va butkul amal qilinadigan va stipendiya borasida poraxo‘rlik qilinmaydigan davlatlardagi holatlarga to‘xtalmay qo‘ya qolaman. Bu maqolada men faqat rivojlanish yo‘lida bo‘lgan va poraxo‘rlik davlatning taraqqiyotiga to‘siq bo‘lib turgan davlatlardagi misollargagina to‘xtalaman.

Poraxo‘rlik mavjud bo‘lgan davlatlarda agar stipendiyalar faqatgina yaxshi o‘qiydigan talabalarga beriladigan qilib belgilangan bo‘lsa, ushbu davlatlardagi odamlar o‘z farzandlariga stipendiya beriladigan o‘rinlarni pora bilan sotib olib berishga intiladilar. Agar bunday davlatlarda talabalarni yaxshi baholarga undash uchun yaxshi baholarga yaxshiroq stipendiyalar to‘lanadigan bo‘lsa, bu talabalarning yaxshi baholarni pora yordamida «sotib olishlari»ga sababchi bo‘ladi.

Ayrim mutaassib davlatlarda oliygohlarning mutasaddilari stipendiyalarni ayollardan ko‘ra ko‘proq erkaklarga beradilar. Ayrim davlatlarda esa stipendiya berishda millatiga, irqiga, diniga va ijtimoiy kelib chiqishlariga qarab ajratish holatlari kuzatiladi.

Shundan kelib chiqib, agar qaysi davlatda qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa, u yerda stipendiyani qisman joriy etish noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki unday davlatlarda stipendiyani qo‘lga kiritishning shartlari qanday bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha davlatlarning odamlari o‘shanday shartlarni pul bilan sotib olishga intiladilar. Natijada stipendiya talabaning ta’lim olishi va samarali natijalarga erishishiga xizmat qilishning o‘rniga poraxo‘rlik mashinasiga benzin bo‘lib quyiladi...

«O‘zbekistonda talabalarga stipendiya berish kerakmi yoki yo‘qmi?» degan savollar paydo bo‘lyapti. Bu borada har xil fikrlar bildirilib, tomonlar o‘zlarining nuqtai nazarlarini bayon etmoqdalar. Shunday fikrlardan birida «stipendiya poraxo‘rlikka sababchi bo‘ladi, shuning uchun stipendiya berilmasa poraxo‘rlik ham yo‘qoladi» deganday xulosalar bildirilgan. Menimcha, stipendiya sababli poraxo‘rlik mavjud emas, aksincha poraxo‘rlik mavjud bo‘lganligi sababli u talabalarning stipendiyalarini ham o‘z domiga tortib ketmoqda.

Men Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan paytlarimda talabalar «Domla, hamma fanlardan «5» qilib kelyapman, siz ham «5» qo‘yib bera qoling», deb iltimos qilar edilar. Mana shunday iltimoslardan keyin domlalar pora olish yoki tanish-bilishchilik qilish evaziga baho qo‘yib beraverganliklari sababli talabalar «5 baho»ni o‘qib olishga emas, balki «iltimos» bilan olishga o‘rganib qolganlar.

Boshqa tomondan esa, rahbarlar bu muammoga qarshi kurashishning «ajoyib» yo‘lini o‘ylab topganlar. Ular kafedra mudirlariga «Bitta sinfda ikkitadan ortiq «5 baho bo‘lmasin» deb buyruq berib qo‘yadilar. Aks holda hamma talabalar «5 baho»ga to‘g‘rilab olaverib, davlatning bor puli «beshchilar»ga stipendiya to‘lashga ketib qoladi. Xullas, «cho‘pon» va «qo‘ylar» bir-birlariga loppa-loyiq. Na unisi xolis, na bunisi xolis. O‘rtada stipendiya aybdor bo‘lib qolyapti.

Agar stipendiyalar har xil qilib qo‘yilsa, bu poraxo‘rlikka xizmat qiladigan bo‘lsa, stipendiyalarni butkul yo‘q qilish haqiqatan ham bir chora bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Lekin bunday qilinadigan bo‘lsa, burgaga achchiq qilib ko‘rpaga o‘t qo‘yilgan bo‘ladi. Bizning ta’lim tizimimiz sobiq sovet davridan bizga meros bo‘lib qolgan ijobiy sohalardan biri hisoblanadi. Bizda o‘rta va o‘rta-maxsus ta’lim xarajatlarini davlat 100 foiz o‘z zimmasiga oladi va farzandlarimizning kamida o‘rta ta’lim olishlaridan barchamizning ko‘ngillarimiz xotirjam. Bundan tashqari, oliy ta’lim bosqichida ham barcha talabalar stipendiya olganliklari sababli ota-onalar farzandlarini qo‘rqmasdan oliygohlarga yuboradilar. «O‘g‘lim yoki qizim, o‘qimay qo‘yaqol, seni o‘qitishga bizning qurbimiz yetmaydi», deb bolalarini o‘qishdan qoldirmaydilar. Ya’ni stipendiyaning mavjudligi tufayli O‘zbekistonda oliy ta’lim faqat boylarning bolalari uchungina emas, balki barcha uchun ochiqdir.

Shundan kelib chiqib, xulosa qiladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda muammo stipendiyaning mavjudligida emas, balki poraxo‘rlikning mavjudligidadir. Poraxo‘rlik mavjud bo‘lganligi sababli, talabalarni yaxshi o‘qishga ilhomlantirishi kerak bo‘lgan «Bahoga qarab stipendiya berish» tizimi samarasizlikka yuz tutmoqda.

Qisqa muddatlarda poraxo‘rlikning yo‘qolishi qiyin masala ekanligini hisobga olib, hozirgi «Stipendiya tizimi»ni saqlab qolmaslik kerak deb o‘ylayman. Xohlashsa, talab qilinganiday uni butunlay yo‘q qilishsin. Yoki undan ham yaxshisi, barchaga bir xil miqdorda stipendiya belgilashsin. Asosiysi, hozirgi o‘zini oqlamayotgan tizim o‘zgarsin.

To‘g‘ri, kimlargadir o‘qigan va o‘qimagan talabalarning barchasi bir xil stipendiya olishlari adolatsizlikday tuyulishi mumkin. Stipendiyaga boshqacha, ya’ni «raqobatning xamirturushi» emas, balki talabaning o‘qishini davom ettira olishi uchun zarur ijtimoiy to‘lov deb qaralsa, chindan ham u hayotiy zarur ahamiyatga ega ekanligi ma’lum bo‘ladi. Mayli, u «beshlik» stipendiya miqdoridan baland bo‘lmasin. Lekin bitta talabaning o‘z kunini ko‘rib, o‘qishini davom ettira olishi uchun zarur bo‘lgan minimal summadan sal ko‘proq qiymat hisoblab chiqilib, o‘sha summa barcha talabalarga birday (hatto boy va kambag‘alga va yaxshi va yomon o‘qiganlarga ham) berilsa, stipendiya poraxo‘rlikning qurboniga aylanmaydi. Shunda ta’lim tizimidagi poraxo‘rlik masalasini yechish stipendiyaga daxlsiz alohida mavzuga aylanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring