Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ta’limga taklif: Maktablar bir xil qolipdan voz kechishi kerak

Ta’limga taklif: Maktablar bir xil qolipdan voz kechishi kerak

Foto:«Xabar.uz»

Kecha Kanada ta’lim tizimidan 20 yil orqada qolayotganmiz haqida yozganimdan so‘ng do‘stlarimdan biri shu postimga munosabat bildirib «Siz maktablarni ahvoli yomonligini yozibsiz, ammo, muammolar yechimini bermabsiz»  deb yozib qoldi. 

Kollejlar tugatilib maktablar 11 yillik bo‘lganidan keyin ko‘p maktablarda sinf xonalari yetishmayapti. Hukumat tomonidan dastur qabul qilinib, maktablarda qo‘shimcha binolar qurish kerak. Ayrim joylarda kollejlar bo‘shadi, maktablarni kollej binolariga ko‘chirish kerak.

Darsliklar qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Aksariyat darsliklarda yuklama ko‘p, masalan geografiya fanida karta bo‘yash kabi yoki eski ma’lumotlar yozilgan kitoblar orqali dars o‘tilayapti, masalan 5- sinf Mehnat kitobida randalar turini o‘rgatgani kabi. Shuningdek ana shu Mehnat darsi, yuqori sinflarda Ma’naviyat soati degan fanlarni yo‘q qilib ularni o‘rniga kompyuter texnologiyalarini o‘rgatadigan darslarni ko‘paytirish kerak.

Maktablarni moddiy-texnik bazasini kuchaytirish uchun budjetdan salmoqli mablag‘ ajratilishi kerak va o‘sha mablag‘ni ximiya, biologiya, fizika laborotoriyalari, maktab kutubxonasi, kompyuter xonalarini mukammal jihozlash uchun ishlatish kerak.

Hozir ko‘p joylarda chiroq o‘chmayapti. Shunday ekan barcha maktablarda istitish tizimini elektr energiyasiga moslab chiqish kerak va joylarda sinfxonalarni o‘rtasiga hammayoqni tutatib pechka yoqishdan batamom qutilish kerak.

Har bir maktabda sport zallari, maydonchalari albatta bo‘lishi kerak. Maktablarda ota-onalarni homiy sifatida taklif etib, sovrinlar qo‘yib turli sport musobaqalari o‘tkazilishi kerak. Masalan, shaxmat-shashka, stol tennisi, voleybol va hokazolaridan. Bu sport turlaridan musobaqalarni sport zali va sport maydonchasi yo‘q maktablarda ham o‘tkazaversa bo‘ladi.

Maktablarda 2019-yil 1-sentyabrdan joriy bo‘ladigan umumiy majburiy maktab formasidan batamom voz kechish kerak. Forma qilish qilmaslikni har bir maktab o‘zi hal qilishi kerak. Forma joriy qilish-qilmaslik har bir maktabda ota-onalarni roziligi bilan qilinadi.

Endi formasiz maktab kiyimi masalasiga kelsak mentalitetimizdan kelib chiqib faqat o‘ta tor, o‘ta ochiq, etagi o‘ta kalta kiyimlarni qaytarish kerak. 

Shuningdek maktabdagi dars jarayonini ham qolipga tiqishdan voz kechish kerak. Partalarni sinfxonaga joylashtirishni va darsni qanday o‘tishni. Hozir chet ellarda bir xillikdan qochish uchun turli usullarni qo‘llashayapti: Partalarni aylana shaklida, to‘rtburchak qilib devor ostida terib chiqilayapti. Ana shu usulni biz ham qo‘llab ko‘rishimiz kerak.

Umuman olganda bu masalada bolalarni fikri ham inobatga olinishi kerak. Partalarni qanday joylashtirishda, darsni qanday o‘tishda ba’zan bolalar hozirgi qolip tizimidan ko‘ra yaxshiroq taklif bera oladilar. Ishonavering.

Xalqimiz xayr-saxovatni yaxshi ko‘radigan xalq. Ota-onalardan qaydaydir xayr-ehsonni o‘quvchilarga bosim o‘tkazib emas, balki qandaydir qiziq bir tadbirlar orqali yig‘ib (undayam yilda bir martadan oshiq emas, aks holda ota-onalar bezib qolishadi) olish kerak.

Eng muhimi maktablar turli yangiliklar, turli tadbirlar o‘tkazishda tuman XTBning ta’siridan chiqib erkin bo‘lishlari kerak.

Umuman olganda maktablarda o‘qituvchilar, direktorlar eski qolipdan chiqaverishlari kerak. Tuman XTB ham, XTV ham buni cheklash o‘rniga ana shunday tashabbus ko‘rsatgan maktablarni qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Shuningdek o‘qituvchilar maoshi salmoqli oshirilishi kerak. O‘qituvchida ro‘zg‘orni qanday yuritish muammosi bo‘lmasagina u xotirjam dars o‘ta oladi.

Yana bir muammo, oxirgi yillarda ko‘p joylarda maktab hududi aholi tomonidan egallab olinayapti yoki hokimlar tomonidan qandaydir tadbirkorga berib yuborilayotgan holatlar uchrayapti. Bu ishga mutlaqo chek qo‘yilishi kerak.

Agar qaysidir maktab hududi katta bo‘lsa bu hokimlarni ko‘zini o‘ynatmasligi kerak. Biz tez ko‘payyapmiz. Bugun keng joy, kelajakda torlik qilib qolishi mumkin. Shunday ekan joylarda hokimlar ham, boshqasi ham maktablarning hududiga ko‘z olaytirmasligi kerak.

G‘ayrat Yo‘ldosh

(Muallifning «Telegram» kanalidan olindi.)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring