Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya ta’lim granti uchun hujjat qabul qilish boshlandi

Turkiya ta’lim granti uchun hujjat qabul qilish boshlandi

Joriy yil 10 yanvardan Turkiya hukumatining ta’lim grantlari dasturi (Türkiye Bursları) bo‘yicha hujjat qabul qilish jarayoni boshlandi. 20 fevralga qadar o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar ham nufuzli universitetlarning bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichida bepul tahsil uchun hujjat topshirishi mumkin.

Grant g‘oliblari, shuningdek, turarjoy,  oylik stipendiya, tibbiy sug‘urta, bir martalik aviachipta bilan ta’minlanadi. Turk tilini o‘rganish istagida bo‘lgan nomzodlar esa bir yillik kursda o‘qiydi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, arizalar faqat rasmiy sayt orqali qabul qilinadi.

Grant dasturlarida tahsil bo‘yicha yosh cheklovi mavjud. Bakalavriat uchun – 21, magistratura uchun – 30 va doktorantura uchun esa 35 yoshdan oshmagan nomzodlar ariza topshirishi mumkin.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha talabgorning ilmiy natijalari va akademik salohiyati ko‘rib chiqiladi. Bakalavriat uchun kamida 70 foiz, magistratura va doktorantura uchun kamida 75 foiz akademik muvaffaqiyatga erishgan bo‘lish talab etiladi.

Hujjatlar bahor davomida ko‘rib chiqiladi. Tegishli talablarga javob bergan nomzodlar iyun va iyul oylarida suhbatga chaqiriladi.

Turkiya hukumati o‘tgan asrning 60-yillarida boshlab ikki tomonlama bitimlarga ko‘ra, muayyan davlatlar talabalariga grantlar ajrata boshlagan. 1992 yildan esa keng miqyosda grantlar taqdim etilmoqda. Hukumat grantlar dasturi 2012 yildan buyon «Türkiye Bursları» deb ataladi. Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi (YTB) mazkur stipendiyalar dasturini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Turkiya oliy ta’lim kengashi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 198 davlatdan 300 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda. YuNESKO Turkiyani eng ko‘p xorijlik talaba tahsil olayotgan o‘n davlat safiga kiritgan. 2022 yilda grant dasturlari uchun 165 mingdan ziyod nomzod hujjat topshirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring