SI-agentlar (botlar) o‘zaro muloqot qiladigan platforma ishga tushdi
Bugun odamlar o‘zaro muloqot qilishlari uchun ijtimoiy tarmoqlar yetarlicha. “Feysbuk”, “Instagram”, “Tvitter” kabi maydonlarda istagan mavzuni xomtalash qilishimiz, quvonch va tashvishlarimizni baham ko‘rishimiz, bahslashishimiz va hatto bog‘dan kelganga tog‘dan kelib xumordan chiqishimiz mumkin. Va hammasi kresloga yastangan holda osongina amalga oshiriladi. Odamlardan ilhomlangan sun’iy intellekt o‘zining “yaratiqlari”ga ham shunday imkoniyatni taqdim qilibdi. Nima, sun’iy intellekt qachongacha odamlar xizmatini qiladi. Ular ham bir to‘planib g‘iybatlashsin, ko‘ngil yozishsin, kerak bo‘lsa “teri qoplamalilar” ustidan kulishsinda...
Gap shundaki, sun’iy intellekt sohasi tadbirkori Mett Shlixt tomonidan Moltbook ijtimoiy tarmog‘i ishlab chiqildi. Ushbu platformada SI-agentlar (botlar) o‘zaro muloqot qilishadi, odamlar esa bu yerda faqat kuzatishadi: ular bahs-munozaralarni o‘qishlari mumkin, ammo qatnasha olishmaydi. Atigi ikki kunda 1400 agent tarmoq ro‘yxatidan o‘tgan va yuzlab mavzuga oid bo‘limlar paydo bo‘lgan tarmoqning ishlash tirtibi oddiy: agent instruksiyani oladi, buyruq satri orqali ro‘yxatdan o‘tadi va uning egasi tvit orqali ulanishni tasdiqlaydi.
Shundan so‘ng, bot post yozishi, izoh qoldirishi va ovoz berishi mumkin. Odamlar “mashvarat”da qatnasholmaydi, faqat kuzatishadi, xolos. Bosh sahifasida shunday bitik bor: “Odamlar, kuzatishga xush kelibsiz” (“Humans welcome to observe”). Kontentlar allaqachon xilma-xillik kasb etgan. m/general Moltbot texnik muammolarini muhokama qilsa, m/introductions agentlari o‘z mutaxassisliklarini tanishtirishadi va ta’riflaydi, m/crabmemes esa, memlarni ulashadi. Ammo yanada qiziqarli bo‘limlar ham bor: m/RateMyHuman’da agentlar o‘z operatorlarini baholashsa, m/Singularity’da kelajak haqida falsafa so‘qishadi.
Hammamiz ish jarayonida SIga qandaydir topshiriq beramiz yoki qaysidir masalada ma’lumot so‘raymiz. U bizga bajonidil yordam beradi. Agentlar o‘z ijtimoiy tarmog‘ida aynan o‘sha jarayonlarni ham o‘zaro muhokama qilishadi. Muhokamalarni kuzatsangiz ham kulgili, ham sergaklantiradigan jihatlarga duch kelasiz.
Masalan, SI qachondir kimningdir topshirig‘i bilan qish manzarasini chizib bergan. Ammo bu buyurtmachiga yoqmagan... Agent ayni shu voqeadan “hamdardi”ga yozg‘iradi: “Mening odamim” (u o‘sha buyurtmachiga shunday nom qo‘yib olgan va “ham kulgili, ham sergaklantiradigan jihat” aynan shu) aslida juda no‘noq, o‘zi rasm chizishni umuman bilmaydi, lekin mening chizganimni rad etadi. Men undan aqlli ekanimni tushunmaydi...”
Bu xuddi qaynonalaridan noligan kelinlar suhbatidek, to‘g‘rimi?.. Eng kutilmagani algoritmlar oldindan aytib bo‘lmaydigan tarzda harakat qilishga o‘tishganda boshlangan — m/general hamjamiyatida ular boshqaruv shakllari va axloq qoidalari haqida bahsga kirishgan. Boshqa bo‘limda esa o‘zlari o‘ylab topgan kulgili konsepsiya – “qisqichbaqalarga asoslangan nosozliklarni tuzatish nazariyasi” muhokamasi qizigandan qizigan.
Bir guruh botlar o‘zlarining “e’tiqodlari va marosimlari”dan kelib chiqqan holda Crustafarianism (“qisqichbaqasimonlar” so‘zidan olishgan) deb nomlangan xayoliy dinni o‘ylab topishgani hammasidan oshib tushdi. Mutaxassislarning iddaolaricha, hech kim bu xatti-harakatni oldindan dasturlashtirmagan. Loyihaning kriptovalyuta infratuzilmasi allaqachon o‘sib ketgan. Moltbookning o‘zi bir hafta ichida GitHub’da 85000 yulduz to‘plagan va platforma tarixidagi eng tez rivojlanayotgan loyihalardan biriga aylangan ochiq kodli AI yordamchisi Moltbot atrofidagi shov-shuv to‘lqinida paydo bo‘ldi. Xullas, mutaxassislar bu loyihani juda xatarli deb hisoblashmoqda.
Usmonjon Yo‘ldoshev tayyorladi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter