«Alvido, Maxsa Amini!» – qizning o‘limidan so‘ng Eronda nimalar bo‘lyapti?
22 yoshli eronlik Maxsa Aminining o‘limi ortidan paydo bo‘lgan norozilik amallari Eronning turli hududlarida hamon davom etmoqda.
Namoyishlar to‘lqini Maxsa Amini 16 sentyabrda dafn etilgan kunning o‘zidayoq boshlangandi. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan Sekkez shahrida yerga qo‘yilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarga ko‘ra, janoza kunida mahalliy aholi erta tongdan to‘planishgan. Ular xavfsizlik xizmati qizni imi-jimida ko‘mdirib, namoyishlarga qarshilik qilishi mumkinligi xavotiridan juda barvaqt hozir bo‘lishgan. Marosimga kelgan bir qator xotin-qizlar shu yerning o‘zida norozilik belgisi sifatida boshlaridan hijoblarini yechib tashlab «diktatorga o‘lim» deb xitob qilishgan. Tarmoqlarda sizdirilgan videoda aksiya ishtirokchilari mahalliy ma’muriyat binosi tomon ketayotgani ko‘rinadi.
Videolavhada kuch ishlatar tizimi namoyishchilarga qarata o‘t ochganini ko‘rish mumkin. Jarohatlangan va qo‘lga olinganlar haqida ma’lumotlar bor.
Shunga qaramay, uch kundan buyon har kuni Tehronda, Sekkezda va boshqa mintaqalarda erkak-ayol norozi kayfiyatni bildirish uchun ko‘chaga chiqmoqda.
Aslida nima bo‘lgan edi?
22 yoshli Maxsa Amini Tehronga qarindoshlarini ko‘rish uchun Eronning Kurdistonidan oilasi bilan kelgandi. 13 sentyabr kuni metrodan chiqaverishida uni axloq politsiyasi hijobni noto‘g‘ri kiyishda ayblab to‘xtatadi. Qizning yonida bo‘lgan ukasi Kiarashga opasini politsiya idorasiga olib borishlari va u yerda «tarbiyalab» keyin qo‘yib keyin yuborishlarini aytishgan.
Ikki soatdan so‘ng Maxsa shifoxonaga jo‘natilgan. Shifokorlar qiz komaga tushganini aytishgan.
Kiarashning IranWire nashriga aytishicha, u politsiya idorasiga kelganida bino oldida taxminan 60-70 kishi bo‘lgan. Ular qo‘lga olingan boshqa ayollar uchun kiyim-kechak keltirishgan. Bir muddatdan keyin ichkaridan chiy-chuv eshitilgan. Tashqaridagilar nima bo‘lganini bilish uchun bino eshiklarini qoqishgan. Shunda politsiya qo‘lga olinganlar yaqinlarini dubinka va ko‘zni achituvchi gaz bilan haydagan.
Keyin «tez yordam» mashinasi chaqirilgan. O‘sha kuni ozod etilgan ayollar chiqib ichkarida kimnidir o‘lganini aytishganini Kiarash eshitgan. Shifoxonada esa unga opasida yurak xuruji – insult qayd etilgani bildirilgan.
Qizning qarindoshlari rasmiy xulosani savol ostiga olishadi va Maxsada hech qachon yurak yetishmovchiligi kuzatilmaganini ta’kidlashadi. Shifoxonada tushirilgan suratda qizning o‘ng chakkasida jarohat izi ko‘ringan. Jurnalistlar bu jarohatni Maxsa yo‘lda, politsiya mashinasida olgan bo‘lishi ehtimolini ilgari surishadi. Ammo politsiya mashinasi ichida aslida nima bo‘lganligini ayta oladigan birorta guvoh topilmadi.
Maxsa Amini 16 sentyabr kuni shifoxonada olamdan o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter