Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Antoniu Guterrish: BMT tarixida bunday holat avval kuzatilmagan...

Antoniu Guterrish: BMT tarixida bunday holat avval kuzatilmagan...

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azodagi halokatli vaziyat yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Xalqaro tashkilot yetakchisi G‘azoda Isroil tomonidan HAMASning hujumiga javoban olib borilayotgan harbiy harakatlarda 20 mingdan ziyod falastinlik – asosan begunoh bolalar va ayollar halok bo‘lgani, 1,9 million aholi o‘z uyini tark etganini qayd etdi.

«G‘azoda sog‘liqni saqlash tizimi izdan chiqqan. Janubdagi shifoxonalar uch baravar ko‘p bemorlarga to‘lgan. Shimolda shifoxonalar deyarli ishlamayapti. Hamkasblarimizdan biri bemorlarni davolash uchun dori-darmon va imkon qolmagan shifoxonalardagi vaziyatni qabriston sukunatiga o‘xshatdi. Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotiga qaraganda, G‘azoda ommaviy ocharlik yuzaga kelmoqda. Yarim milliondan ziyod odam – chorak qism aholi dahshatli ochlik domida qolmoqda», – deydi BMT bosh kotibi.

Guterrish muttasil davom etayotgan harbiy harakatlar sharoitida gumanitar ko‘mak yetkazish amri mahol bo‘lib qolayotgani, insonparvarlik yuklarini tarqatishga Isroil to‘sqinlik qilayotganini aytgan.

Isroil bombardimonlarida BMTning turli tuzilmalari xodimlari ham halok bo‘lmoqda.

«G‘azodagi urushning 75 kuni mobaynida 136 nafar hamkasbimiz halok bo‘ldi. BMTning butun tarixida bunday holat kuzatilmagan edi. G‘azoda bir qarich ham xavfsiz joy qolmadi», – deydi A.Guterrish.

Isroil ma’muriyati G‘azoda joriy qilgan tijoriy cheklovlar vaziyatni battar og‘irlashtirmoqda.

«Do‘kon peshtaxtalari bo‘m-bo‘sh, cho‘ntaklar bo‘m-bo‘sh, oshqozonlar bo‘m-bo‘sh! Butun G‘azo bo‘yicha bittagina novvoyxona ishlab turibdi. Men Isroil hukumatini tijoriy faoliyat bo‘yicha cheklovni zudlik bilan bekor qilishga chaqiraman», – deydi u.

Siyosiy yetakchi Isroil tomoniga tinch aholini bombardimon qilish va G‘azo ahlini jamoaviy jazolash orqali xalqar gumanitar huquqni poymol etayotgani, har qanday vaj-korson javobgarlikdan xalos etmasligini yana bir karra eslatgan. Gumanitar falokatni bartaraf etish uchun o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish lozimligini uqtirgan.

Bosh kotib ta’kidicha, istiqbolda bundan-da halokatli ixtiloflarning oldini olish uchun mustaqil Falastin davlati tashkil etilishi kerak.

«Qanchalik mushkul tuyulmasin, barqaror tinchlikka erishishning yagona yo‘li bu – BMT rezolyusiyalari, xalqaro huquq va muqaddam imzolangan bitimlarga muvofiq ikki davlat qarorining ro‘yobga chiqarilishidir. Boshqa har qanday taklif-tashabbus Falastin xalqining haq-huquqlari, qadr-qimmati va umidlarini poymol etadi. (Falastin davlati ta’sis etilmasligi) G‘azo sektoridan tashqaridagi hududlarni ham o‘z domiga oluvchi g‘azab o‘tining alangalanishiga olib keladi. Bu hol Isroilning istiqboldagi xavfsizligiga ham tahdid tug‘diradi», – deydi Antoniu Guterrish.

BMT rahbari avvalroq G‘azo bolalar qabristoniga aylangani haqida bong urgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring