AQSh 50 mamlakat fuqarolari uchun 20 ming dollargacha viza garovini joriy etmoqda
AQSh 50 mamlakat fuqarolariga nisbatan qo‘llanadigan dasturni doimiy tartibga aylantirdi. Unga ko‘ra, Amerikaga turistik yoki xizmat safari (biznes) vizasini olish uchun murojaat qiluvchilardan 20 ming AQSh dollarigacha qaytariladigan garov puli talab qilinishi mumkin. AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, yangi tartib 3-avgustdan kuchga kiradi.
Qaytariladigan garov mablag‘i xorijlik fuqaro B-1 (xizmat safari) va B-2 (turistik) vizalari uchun murojaat qilganida, uning noimmigrant maqomiga rioya qilishi hamda belgilangan muddatda AQSh hududini tark etishini kafolatlash maqsadida talab qilinishi mumkin.
Konsullik xodimi garov puli miqdorini mustaqil belgilaydi. Uning eng yuqori miqdori 20 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Agar viza egasi AQShni belgilangan muddatda tark etsa, vizadan foydalanmasa yoki mamlakatga kirishi rad etilsa, garov mablag‘i qaytariladi. Biroq shaxs mamlakatda bo‘lish shartlarini buzsa, ushbu mablag‘ ushlab qolinishi mumkin.
AQShda viza oluvchilar uchun garov dasturi ilk bor 2025-yil avgust oyida sinov tartibida yo‘lga qo‘yilgan edi. Dastur 12 oyga mo‘ljallangan bo‘lib, B-1 (xizmat safari) va B-2 (turistik) vizalariga tatbiq etilgan. Unga ko‘ra, konsulliklar o‘z xohishiga ko‘ra 5 ming, 10 ming yoki 15 ming AQSh dollari miqdorida garov talab qilishi mumkin edi. Bu xorijliklarning AQSh hududini o‘z vaqtida tark etishini ta’minlash chorasi sifatida joriy qilingan. Mablag‘ mamlakatdan chiqib ketilganidan so‘ng qaytariladi.
Dastur 50 davlatni qamrab olgan bo‘lib, ularning 30 tasi Afrika mamlakatlaridir. Shuningdek, ro‘yxatga Gruziya, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ham kiritilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter