Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh Davlat departamenti Isroilga 151 mln dollarlik aviabombalar sotishni ma’qulladi

AQSh Davlat departamenti Isroilga 151 mln dollarlik aviabombalar sotishni ma’qulladi

AQSh Davlat departamenti Isroilga 151,8 million dollarlik aviatsiya bombalarini sotishni ma’qulladi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Isroil hukumati 12 mingta BLU-110A/B turidagi aviabomba sotib olish bo‘yicha murojaat qilgan. Shartnomaning asosiy pudratchisi Texas shtatida joylashgan Repkon USA kompaniyasi bo‘ladi. Bombalarning bir qismi AQSh harbiy omborlaridan yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

BLU-110A/B — vazni 1000 funt (taxminan 454 kilogramm) bo‘lgan umumiy maqsadli aviabomba hisoblanadi. U AQSh harbiy-dengiz kuchlari va dengiz piyodalari tomonidan keng qo‘llaniladi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio bu qarorni «favqulodda vaziyat» bilan izohladi. Uning ta’kidlashicha, vaziyat Isroilga mudofaa mahsulotlarini shoshilinch tarzda sotishni talab qilgan.

Shu sababli bitim AQShning Qurol eksportini nazorat qilish to‘g‘risidagi qonunidagi odatiy tartib – Kongress ko‘rib chiqishi talabini chetlab o‘tgan holda tasdiqlangan.

2026-yil yanvar oyi oxirida ham AQSh Davlat departamenti Isroilga 6,5 milliard dollardan ortiq qiymatga ega uchta yirik harbiy bitimni ma’qullagan edi.

Ular – JLTV yengil taktik harbiy mashinalari va uskunalari (1,98 mlrd dollar), AH-64E Apache hujum vertolyotlari (3,8 mlrd dollar) hamda qo‘shimcha harbiy ta’minot (740 mln dollar) kabilarni o‘z ichiga olgan.

Bu qaror Yaqin Sharqdagi keskinlik davom etayotgan bir paytda AQShning Isroilga harbiy yordami kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring