Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Nikolas Maduroni qo‘lga olishda maxfiy qurol ishlatgan

AQSh Nikolas Maduroni qo‘lga olishda maxfiy qurol ishlatgan

Nikolas Maduroning hibsdagi ilk surati.

Foto: AQSh rasmiy idoralari

AQSh joriy yil boshida Venesuela rahbari Nikolas Maduroni qo‘lga olish uchun Karakasda o‘tkazgan amaliyotida yangi turdagi qurolni qo‘llagan. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp The New York Post gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

Tramp yangi qurolni “diskombobulyator” (discombobulator) deb atagan. Ushbu qurol haqda gapirish mumkin emasligini ta’kidlagani holda, siyosatchi unga doir ayrim tafsilotlarni ochiqlagan.

Trampga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar diskombobulyator tizimini ishga tushirgach, Venesuelaning mudofaa uskunalari ishdan chiqqan. Venesuela Rossiya hamda Xitoy qurol-aslahalariga ega ekaniga qaramay, AQSh harbiy texnikasiga qarshi bitta ham raketa ota olmagan.

Tahlilchilar diskombobulyator mudofaa uskunalarini bo‘g‘uvchi keng qamrovli tizim yoki elektromagnit impulsi texnologiyasining so‘nggi avlodi ekanini taxmin qilmoqda. Manbalarga ko‘ra, tizim avvalo raqibning raketalarni boshqarish signallarini to‘sib, radioaloqa tarmog‘ini ishdan chiqaradi. Raqib mudofaa tizimi falajlangach, qurol egasi erkin harakatlanish imkoniga ega bo‘ladi.

AQSh harbiy amaliyotiga guvoh bo‘lgan venesuelalik askarlarning shohidligi yangi qurolning ta’siri kuchli ekanidan dalolat beradi. Sobiq prezident Maduroning xavfsizlik xizmati xodimi hikoya qilishicha, o‘sha kechasi Venesuela radar tizimi birdaniga o‘chib qolgan va buning ortidan AQSh vertolyotlari hamda dronlari yopirilib kelgan.

Boshqa bir askarning aytishicha, Amerika kuchli ovoz to‘lqinini yo‘llagach, Venesuela harbiylarining burni qonab, oyoqda tik tura olmay qolishgan. To‘lqin kuchliligidan askarlarning boshi yorilib ketgudek og‘rigan. Shu tariqa falaj holatiga tushib qolgan askarlar va xavfsizlik xodimlari amerikaliklarga qarshilik ko‘rsata olmagan.

Yangi akustik qurolning asoratlari bir  necha yil oldin keng muhokamalarga sabab bo‘lgan “Havana cindromi”ni yodga solmoqda.

Avval xabar berganimizdek, ilk bor 2016 yili AQShning Kuba poytaxti Havana shahridagi elchixonasida faoliyat yuritgan 40 nafar xodimda noodatiy kasallik asoratlari namoyon bo‘lgan.

Ayrim diplomatlarning qulog‘i ostida kuchli shovqin eshitila boshlagan, ayrimlarining qon bosimi ko‘tarilib, boshi og‘rigan, yana ayrimlarining ko‘rish va aqliy qobiliyatida buzilishlar, uyqusizlik qayd etilgan.

AQShning Xitoy, Avstriya, Rossiya kabi mamlakatlardagi elchixonalari xodimlarida ham ayni shunday ko‘ngilsiz holatlar kuzatilgan.

Diplomatlarning sirli ravishda kasallanishi yuzasidan turli sabab va taxminlar aytilgan. AQSh olimlari bir yillik tadqiqotlardan keyin bu nurlanish oqibati degan xulosaga kelgan. Mamlakat maxsus xizmati esa Moskva tomonidan akustik hujum uyushtirilgan degan taxminni ilgari surgan. Rasmiy Moskva akustik hujumga aloqadorligini rad etgan.

Tramp diskombobulyator deb atagan yangi qurol ham akustik ta’sirga ega ekani taxmin etilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: 3 yanvarga o‘tar kechasi AQSh Venesuela poytaxti Karakas hamda mamlakatning boshqa hududlariga harbiy hujum uyushtirdi.

Harbiy amaliyot davomida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Karakasdagi saroyidan o‘g‘irlab AQShga keltirildi. Qo‘shma Shtatlar rasmiy idoralari Maduroga nisbatan narkoterrorizm, giyohvandlik moddalari kontrabandasi, noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi kabi moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilgan.

5 yanvar kuni Nyu-York federal sudida bo‘lib o‘tgan ilk mahkama majlisida Nikolas Maduro o‘zining aybsiz ekanini aytgan. Sudya Maduro va Floresni hibsda saqlashni buyurgan va keyingi sud majlisini 17 martga belgilagan.

Venesuela mudofaa vaziri Padrino Lopes 16 yanvar kuni AQSh hujumi oqibatida 47 nafar venesuelalik, 32 nafar kubalik askar halok bo‘lganini ma’lum qilar ekan, Qo‘shma Shtatlar ilgari jang maydonida ishlatilmagan yangi qurolni qo‘llaganini aytgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring