AQSh Oliy sudi yuz minglab muhojir taqdiriga daxl etuvchi qaror qabul qildi
AQSh Oliy sudi prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan mamlakatda qonuniy tarzda yashayotgan 350 ming haitilik va 6 ming suriyalik gumanitar himoyadan zudlik bilan mahrum qilinishiga izn beruvchi qarorni qabul qildi.
Avvalroq quyi bo‘g‘in sudlari prezidentning migrantlarni muvaqqat himoya maqomidan (Temporary Protected Status, TPS) mahrum etishga doir farmonini bloklagan edi. Kongress tomonidan 1990-yilda joriy etilgan mazkur dastur vataniga qaytish xatarli bo‘lgan muhojirlarni himoya qilishni ko‘zda tutadi.
Oliy sud qarori immigratsiya idoralariga katta vakolatlar beradi. Bu jihatdan ushbu qaror Trampning migratsiya bo‘yicha navbatdagi g‘alabasi deb baholanmoqda.
Hozirda muvaqqat himoya maqomi 17 ta davlatdan kelgan qariyb 1,3 million kishiga tatbiq etiladi. Haiti aholisiga bu maqom ilk bor 2010 yilda, vayronkor zilziladan keyin berilgan edi. Keyinchalik mamlakatdagi qurolli to‘dalar zo‘ravonligi tufayli bir milliondan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgach, ushbu himoya muddati bir necha bor uzaytirildi.
Suriyaliklar esa bu maqomni fuqarolar urushi sabab 2012-yilda olishgan.
Tramp 2025 yil yanvarda Oq uyga qaytganidan beri 17 ta davlatdan 13 tasini TPS maqomidan mahrum qilishga urinmoqda. Oliy sudning so‘nggi qarori bu sa’y-harakatlarni davom ettirish uchun huquqiy asos yaratadi.
Bu qaror TPS maqomi hozircha saqlanib qolgan to‘rt davlat – Salvador, Livan, Sudan va Ukraina vakillariga ham daxldordir, chunki ularning himoya choralari muddati shu yil tugaydi.
Avval xabar berganimizdek, AQSh endilikda siyosiy boshpana so‘ragan xorijiy fuqarolarni qabul qilishni ham to‘xtatmoqda.
Joriy yil boshida Qo‘shma Shtatlar 75 mamlakat fuqarolari uchun immigratsion vizalar rasmiylashtirishni to‘xtatib qo‘ygan edi.
2025-yil sentyabr oyida Tramp ma’muriyati xorij fuqarolariga noimmigratsion vizalar, jumladan, B1/B2 sayyohlik vizalarini berish tartibini qattiqlashtirdi.
2025-yil may oyida Oq uy AQShda o‘qish uchun ariza topshirgan barcha xorijlik talabalar ijtimoiy tarmoqlarda tekshiruvdan o‘tishini ma’lum qildi. Vashington mazkur majburiy tekshiruvga tayyorgarlik ko‘rish uchun dunyo bo‘ylab AQSh elchixonalariga talaba vizasi uchun yangi suhbatlarni rejalashtirishni to‘xtatishni buyurgan.
Tramp ma’muriyati 2025-yil 4-iyun kuni Afg‘oniston, Chad, Kongo, Ekvator Gvineyasi, Haiti, Somali, Eron kabi 12 davlat fuqarolariga AQShga kirish eshigini yopgan bo‘lsa, oradan ikki hafta o‘tib, Qo‘shma Shtatlarga kirishi taqiqlangan mamlakatlar ro‘yxatiga yana 36 davlat qo‘shildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter