AQSh Xitoyga texnologiya sohasida «urush ochdi»
AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Xitoyga sun’iy intellekt yo‘nalishidagi tadqiqotlar uchun chiplar sotishni taqiqladi. Ushbu sanksiya nafaqat Amerikada ishlab chiqarilgan mahsulotlar, balki dunyo bo‘ylab amerikancha texnologiya asosida tayyorlangan barcha mahsulotlarga tatbiq etiladi.
Tahlilchilar rasmiy Vashington Pekinga nisbatan bu ko‘lamdagi cheklovlarni 1990-yillardan buyon ilk bor joriy etayotganiga e’tibor qaratmoqda. Ayrim siyosatshunoslar Bayden ma’muriyatining bu qadamini Xitoyga texnologiya sohasida urush e’lon qilish deya baholayotir.
AQSh savdo vazirligi joriy etadigan cheklov birinchi navbatda superkompyuterlar, xususan, sun’iy intellekt yo‘nalishidagi dasturlarga tegishlidir. Endilikda Xitoy shirkatlari bilan hamkorlik qiluvchi ishlab chiqaruvchilar AQSh ma’muriy idoralaridan eksport uchun maxsus litsenziya olishi talab etiladi. Qayd etilishicha, litsenziya so‘rovi bo‘yicha arizalarning aksari rad etilishi ko‘zda tutilgan.
Ayni choqda, amerikalik olim va tadqiqotchilarga yarimo‘tkazkichlar sohasida Xitoy shirkatlariga ko‘mak berish taqiqlanmoqda.
Oq uydagi manbalar mazkur cheklovdan ko‘zlangan maqsad Xitoyning sun’iy intellekt sohasida yutuqlarga erishishining oldini olish ekanini ma’lum qilgan. Rasmiy Vashington Pekin sun’iy intellekt va yuqori texnologiyalar yordamida yadro portlashlarini modellashtirishi, gipertovushli raketalar tizimini takomillashtirishidan xavotirda. Bayden ma’muriyati boshqa rivojlangan mamlakatlarda ham Xitoyga nisbatan shunday cheklov joriy etilishiga erishishni ko‘zlamoqda.
Joriy yil sentyabr oyida Oq uy tomonidan federal budjetdan moliyalashtiriluvchi shirkatlarga o‘n yil davomida Xitoyda yuqori texnologiyalarga asoslangan ob’yektlarni barpo etish taqiqlangan edi. Mamlakat savdo vazirligi bu cheklovni ham milliy xavfsizlikni ta’minlash maqsadi bilan izohlagan.
Tahlilchilar Bayden ma’muriyatining Xitoyga nisbatan qo‘llagan yangi sanksiyasini Donald Tramp davrida Chin o‘lkasining ishongan tog‘laridan biri – Huawei shirkati qora ro‘yxatga kiritilishi bilan muqoyasa etmoqdalar. Shunga ko‘ra, yaqin fursatda Xitoy ham javob choralari qo‘llashi istisno etilmayotir. Sayyoramizning ikki yirik davlati o‘rtasidagi savdo-moliyaviy urush esa dunyodagi tartib-nizomlarga kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Aslida, Pekin hamda Vashington o‘rtasidagi munosabatlar prezident Tramp boshqaruvi davrida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy ziddiyatlar, Honkongda inson huquqlari buzilishi va COVID-19 pandemiyasi sabab sovuqlashdi. Xususan, COVID-19 vaksinasini o‘g‘irlashga urinish vajidan jiddiy diplomatik ziddiyat yuzaga keldi.
Xitoy josuslarining prezident Bayden ma’muriyatiga ta’sir ko‘rsatish uchun qat’iy suratda sa’y-harakat qilayotgani haqidagi xabarlar ham tutab turgan olovga moy sepgandek ta’sir ko‘rsatdi.
Pirovardida AQSh davlat kotibi Xitoyni ochiq-oshkora o‘rta va yaqin istiqbolda mamlakat uchun asosiy tashqi tahdid deb atadi.
Amerikalik taniqli siyosatshunos, professor Kristofer Leyn esa «Foreign Affairs» nashrida chop etilgan maqolasida Qo‘shma Shtatlar hamda Xitoy o‘rtasida qurolli to‘qnashuv ro‘y berishi muqarrarligi, bu urush Vetnam, Afg‘oniston va Iroqdagi harbiy kampaniyalardan xatarliroq oqibatlarga olib kelishini bashorat qildi.
Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida beayov iqtisodiy raqobat kechishi kutilmoqda. «The Economist» nashri tahlillariga qaraganda, Xitoy 2030-yillar o‘rtalariga borib, YaIM hajmi bo‘yicha AQShni quvib o‘tib, dunyoning birinchi davlatiga aylanadi. Ammo demografik tanglik – ishchi kuchining yetishmasligi, aholining qarishi sabab birinchilikni topshirishga majbur bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter