Bayden AQSh fuqarolarini zudlik bilan Ukrainani tark etishga chaqirdi
AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainada bo‘lib turgan barcha amerikaliklarni mamlakatni tark etishga chaqirdi. Bu haqda NBC News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
«Amerika fuqarolari hozir u yerni tark etishi kerak. Bu butunlay boshqacha vaziyat va hamma narsa tezda ostin-ustun bo‘lishi mumkin», —degan Bayden.
Uning qayd etishicha, AQSh Ukraina atrofidagi vaziyatda «terrorchi tashkilot bilan emas, balki dunyodagi eng yirik armiyalardan biri bilan ish olib bormoqda».
Qo‘shma Shtatlar prezidenti Vashington Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yubormasligini aytdi, chunki bu jahon urushini boshlash uchun bahona bo‘lishi mumkin.
«Yo‘q, qachonki amerikaliklar va ruslar bir-biriga qarata o‘q uzishni boshlasa, bu jahon urushiga aylanadi», — degan Bayden qanday holat uni Ukrainaga qo‘shin yuborishga majbur qilishi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan.
Avvalroq Davlat departamenti Ukrainadagi fuqarolariga zudlik bilan chiqib ketish bo‘yicha tavsiyanoma bergan edi.
«AQSh fuqarolari Ukrainaga sayohat qilmasliklari kerak. Ukrainadagilar endi tijorat yoki jismoniy shaxslar uchun mavjud bo‘lgan boshqa transport vositalaridan foydalangan holda chiqib ketishlari kerak», — deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
AQSh Davlat departamenti «Rossiya Ukrainaning biron bir joyida harbiy harakatlar sodir etsa, AQSh fuqarolarini evakuatsiya qila olmaydi», degan.
AQSh prezidenti, shuningdek, amerikalik fuqarolarning Ukrainadan qaytishi oqilona qaror bo‘lishini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, The Hill nashri Amerika ma’muriyatining nomi oshkor etilmagan vakiliga tayanib, Qo‘shma Shtatlar o‘z fuqarolarini Ukrainadan ommaviy evakuatsiya qilish rejalarini tayyorlamayotgani haqida xabar bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter