Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bayden jamoasida ixtilof: Isroilni qurollantirishga qarshi bo‘lgan mulozim iste’fo berdi

Bayden jamoasida ixtilof: Isroilni qurollantirishga qarshi bo‘lgan mulozim iste’fo berdi

AQSh davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqdi, deb xabar berdi SNN.

Amaldorga ko‘ra, AQSh tomonidan Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari dastaklanishi ham isroilliklar, ham falastinliklarga tuganmas uqubat keltiradi.

11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan Josh Pol HAMASning Isroilga hujumini qoralagani holda, hozirgi vaziyatda yahudiy davlati tutayotgan siyosat va AQSh uni qo‘llab-quvvatlayotgani xato ekanini ta’kidlagan.

«(HAMASning hujumiga AQShning) amaldagi ma’muriyati, shuningdek, Kongressning katta qismi reaksiyasi g‘ayriixtiyoriy xarakterga ega. Ushbu munosabat siyosiy mushohada va dalillarning yuzakiligi, intellekt taqchilligi va byurokratik inersiyaga asoslanadi. O‘n yillar mobaynida aynan bir yil yondashuvning dastaklangani, ya’ni tinchlik uchun xavfsizlik choralarini ko‘rish tamoyili na xavfsizlik, na tinchlikka xizmat qildi. Gap shundaki, uzoq istiqbolda ko‘r-ko‘rona bir tomonni qo‘llab-quvvatlash har ikki tomon manfaatlariga ziyon keltiradi», – deydi u.

Davlat departamenti sobiq rasmiysi Bayden ma’muriyati faqat Isroilni himoya qilish orqali o‘n yillardan buyon davom etib kelayotgan xatoni takrorlayotgani, binobarin, endi bu jarayonda ishtirok etishni o‘ziga ep ko‘rmasligini qayd etgan. Unga ko‘ra, Isroilga oshig‘ich ravishda qirg‘in qurollari berilishi adolatsiz qaror bo‘lib, bu AQSh oliy deb bilgan qadriyatlarga ham zid sanaladi.

Isroil so‘nggi haftalarda 2,3 million nufusli G‘azoni suv, oziq-ovqat, elektr energiya, dori-darmon va tibbiy xizmatdan mahrum qilgan holda bombalamoqda. Josh Pol shu tariqa inson huquqlarini poymol qilayotgan davlatga izchil harbiy ko‘mak ko‘rsatilishini nomaqbul deb atagan.

AQSh har yili Isroilga xavfsizlik yo‘nalishida 3,8 milliard dollar ko‘mak beradi. HAMAS hujumi ortidan Vashington o‘z ittifoqchisiga qo‘shimcha harbiy ko‘mak yubordi.

G‘azoga bostirib kirishni rejalashtirayotgan Isroil Qo‘shma Shtatlardan yana harbiy yordam so‘ragan.

Prezident Bayden 19 oktyabr kungi chiqishida Isroilga «raqiblari ustidan harbiy ustunlikni kafolatlash maqsadida misli ko‘rilmagan ko‘mak berilishi»ni ma’lum qilgan. Bu o‘rinda 100 milliard dollarlik ko‘mak nazarda tutilmoqda. Undan Ukraina va AQShning boshqa ittifoqchilariga ham ulush ajratiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Isroilga harbiy ko‘mak ko‘rsatish borasida AQSh jamiyati ikki lagerga bo‘lingan. Bir toifa yahudiy davlatiga berilayotgan dastakni yoqlaydi. Ikkinchi toifa esa AQSh taqdim etayotgan qurollardan foydalangan Isroil Falastin hududlarida qatliom uyushtirayotganini tanqid qiladi.

Avval xabar berganimizdek, AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Rashida Tolib prezident Baydenning Falastin–Isroil ziddiyatidagi pozitsiyasini tanqid qilgan edi. Demokratik partiya vakiliga ko‘ra, Bayden ma’muriyati Isroilni bir tomonlama dastaklagani holda, bomba yomg‘iri ostida qolayotgan oddiy falastinliklar taqdiriga qayg‘urmayotir.

So‘nggi kunlarda AQShda yashovchi yahudiy jamoasi vakillari ham Oq uydan Isroilning Falastin xalqiga nisbatan yuritayotgan okkupatsiya, genotsid va aparteid siyosatini to‘xtatishni talab qilib namoyishlar o‘tkazgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring