Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Belgiya Falastin davlatini rasman tan oladi

Belgiya Falastin davlatini rasman tan oladi

Belgiya hukumati shu yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Maksim Prevo e’lon qildi.

Prevoning so‘zlariga ko‘ra, Belgiya ushbu qadam bilan Buyuk Britaniya,  Fransiya, Kanada va Avstraliya qatoriga qo‘shiladi. Shuningdek, Isroil hukumatiga nisbatan «qat’iy sanksiyalar» joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Ular orasida G‘arbiy sohildagi yahudiy posyolkalaridan importni taqiqlash va sud jarayonlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati ham bor.

Isroil TIV va Belgiyadagi elchixona hozircha bu bayonotga munosabat bildirmagan. Biroq oldinroq Isroil tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniyaning Falastinni tan olish rejasi «HAMAS uchun mukofot» ekanini bildirgan edi.

Iyul oyida Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer shunday qaror qabul qilish shartlarini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra:

  • Isroil G‘azodagi «jiddiy holat»ni to‘xtatish yo‘lida amaliy qadam tashlashi kerak;
  • otashkesimga rozi bo‘lishi lozim;
  • ikki davlatli yechim imkoniyatini qayta jonlantirish orqali barqaror tinchlikka sodiq qolishi shart;
  • BMTning gumanitar yordam yetkazishiga yo‘l berilishi kerak;
  • G‘arbiy sohilda yangi anneksiyalarga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.

Shu masala yuzasidan Isroil tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniyaning pozitsiyasi «ichki siyosiy bosimlar tufayli o‘zgarganini» va bu qadam G‘azoda otashkesim hamda garovdagilarni ozod qilish harakatlariga zarar yetkazishini aytdi.

BMT Bosh Assambleyasi Nyu-Yorkda 9 sentyabrdan boshlanadi. Irlandiya, Ispaniya va Norvegiya o‘tgan yiliyoq Falastinni davlat sifatida tan olgan edi. Joriy yil mart holatiga ko‘ra, BMTning 193 a’zosidan 147 tasi Falastinni rasman davlat deb e’tirof etgan.

Shu orada, Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich G‘arbiy sohilda yangi turar-joy posyolkasi qurish rejasini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, bu reja «Falastin davlati g‘oyasini butunlay ko‘madi».

Bundan tashqari, AQSh davlat kotibi Marko Rubio Falastin ma’muriyati va Falastin Ozodlik Tashkiloti (FOT)ning 81 vakilining vizasini bekor qildi. Bu ularning Bosh Assambleyaga qatnashish imkonini cheklaydi.

Qayd etish joizki, 1947 yilgi BMT kelishuviga ko‘ra, AQSh xorijiy diplomatlarni Nyu-Yorkdagi BMT yig‘ilishlariga kirishini ta’minlashi lozim. Biroq Vashington xavfsizlik, ekstremizm va tashqi siyosat sabablarini ko‘rsatib, vizani rad etish huquqiga ega.

Manba: news.sky.com

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring