Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bishkekdagi tungi voqealarda 29 kishi tan jarohati oldi

Bishkekdagi tungi voqealarda 29 kishi tan jarohati oldi

Bishkekda 17 maydan 18 mayga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan voqealarda 29 kishi jabrlandi. Bu haqda «Kabar» nashri xabar bermoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 17 maydan 18 mayga o‘tar kechasi tez tibbiy yordam brigadalariga 29 kishi murojaat qilgan, ulardan 15 nafari shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi va Milliy gospitalga yetkazilgan, qolganlariga joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

18 may kuni ertalab shahar tez tibbiy yordam shifoxonasida ikki nafar bemor bo‘lgan. Tashxis: yopiq bosh-miya jarohati, miya chayqalishi. Bemorlarning ahvoli nisbatan qoniqarli deb baholanmoqda. Bir jabrlanuvchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgach, ambulator davolanishga jo‘nab ketgan.

Bishkekdagi tungi voqealarga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ham o‘z munosabatini bildirdi.

Unga ko‘ra, poytaxtda yig‘ilgan 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan 700 nafarga yaqin yoshlar Pokiston, Bangladesh, Hindiston, Misr va boshqa davlatlardan kelayotgan muhojirlar soni ortib borayotganidan xavotir bildirishgan.

Tashiyev bu talablar ma’lum darajada to‘g‘ri ekanini ta’kidladi.

«Bizda migrantlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha statistika mavjud. Buni asosan Pokiston va Bangladesh fuqarolari qiladi. Shu tariqa, 1500 dan ortiq pokistonlik va 1000 dan ortiq Bangladesh fuqarosi mamlakatdan chiqarib yuborildi. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 5 mingga yaqin xorijlik qonunlarimizni buzgan, shundan 1360 nafari pokistonlik, 1300 nafari bangladeshlik, qolganlari esa boshqa davlatlardan», — dedi u.

Tashiyev, shuningdek, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chet ellik qonunbuzarlarni aniqlash va ularni respublikadan chiqarib yuborishda davom etishini ta’kidladi.

«Kecha huquq-tartibot idoralari yig‘ilganlarga nisbatan hech qanday chora ko‘rmadi, xarakterni kuzatdik, ishtirokchilarning yomon niyatlari yo‘q, ammo ular orasida messenjerlar orqali hokimiyat va davlat tizimiga qarshi norozilikni qo‘zg‘atuvchi provakatorlar ham bor edi. Ularning shaxsi aniqlangan va barchasi javobgarlikka tortiladi. To‘planganlar orasida qurolli odamlar ham bor edi. Davlat organlari mamlakatning har bir fuqarosi xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha o‘z vazifalarini aniq bajaradi. Bizda barcha masalalar siyosiy yo‘nalishga o‘tsa, ularni hal qilish uchun kuch va imkoniyat bor», — dedi u.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati Bishkek shahrida vaziyat barqaror va politsiya to‘liq nazoratida ekanini ma’lum qildi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Chuy va Karmanjon Datki ko‘chalari chorrahasida o‘tkazilgan miting chog‘ida noma’lum shaxslar messenjer guruhlari orqali mushtlashuvda qurbonlar borligi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgan. Fuqarolarni chet ellik talabalarning yashash joylarida (yotoqxonalarida) to‘planishlari ham faol targ‘ib qilingan.

Poytaxt politsiyasi kuchaytirilgan rejimda ishladi.

 

Ayni damda mitingning barcha ishtirokchilari tarqab ketishgan, Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolari va xorijliklar orasida halok bo‘lganlar yo‘q.                                                                                                                              

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring