Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buyuk Britaniya Ukrainaga dronlarni himoya qilish texnologiyasini beradi

Buyuk Britaniya Ukrainaga dronlarni himoya qilish texnologiyasini beradi

Buyuk Britaniya Ukrainaga harbiy-texnikaviy yordamni yanada kengaytirmoqda. Mamlakatning yangi Bosh vaziri Endi Byornem Kiyevga Stone Cloak radioelektron himoya tizimini ishlab chiqarish texnologiyasi topshirilishini e’lon qildi.

Bu haqda u Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Portsmut shahridagi Britaniya harbiy-dengiz bazasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi. Zelenskiy Byornem bosh vazirlik lavozimiga kirishganidan keyin qabul qilgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi.

Uchrashuv Britaniyaning Queen Elizabeth aviatashuvchisida bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Ukraina uchun ballistik raketalarni tutib qoluvchi vositalar yetkazib berish, dronlar ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlik va mudofaa sanoatida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Endi Byornemning ta’kidlashicha, London Ukraina bilan zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni to‘liq bajaradi.

«Siz lavozimga kirishganimdan keyin qabul qilgan birinchi xorijiy yetakchisiz. Bu tasodif emas. Bu Buyuk Britaniya Ukraina tomonida ekanining aniq belgisidir», – dedi u.

Stone Cloak tizimi dushmanning radioelektron kurash vositalari ta’sirini kamaytirishga qaratilgan bo‘lib, dronlarning jangovar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Vladimir Zelenskiy esa Ukraina va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar «hech qachon bugungidek mustahkam bo‘lmaganini» ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar mudofaa sohasida qo‘shma ishlab chiqarishni kengaytirishni ham muhokama qilgan.

Ukraina rahbari Buyuk Britaniya hududida yirik dronlar ishlab chiqarish zavodini tashkil etish rejasi borligini ham ma’lum qildi.

Zelenskiyning Londonga tashrifi AQShga safaridan oldin amalga oshdi. U Vashingtonda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishi kutilmoqda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring