Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

YeOII: birdamlik va tenglik haqidagi gaplar cho‘pchakka aylanmoqda

YeOII: birdamlik va tenglik haqidagi gaplar cho‘pchakka aylanmoqda

Foto: TASS

19 may kuni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo mamlakatlar rahbarlarining noan’anaviy formatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ittifoqning yuqori organi sanalgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ini koronavirus pandemiyasi sababli ilk bor videomuloqot shaklida tashkil etildi.

Onlayn-sammitda Qozog‘iston, Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, shuningdek, Moldova (kuzatuvchi sifatida) prezidentlari ishtirok etdi. Mashvaratda turli masalalar muhokama qilindi, ammo eng yodda qolgan hodisa Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning ma’ruzasi bo‘ldi. Zero, qo‘shni mamlakat rahbari o‘z chiqishida YeOIIga a’zo mamlakatlar, xususan, unga kuzatuvchi sifatida qo‘shilayotgan O‘zbekistonda ko‘pdan buyon xavotir ila muhokama etilayotgan mavzu – milliy suverenitet masalasini ko‘tardi.

Xalqaro tuzilmaning 2025 yilga qadar rivojlanish strategiyasi xususida fikr bildirar ekan, prezident To‘qayev YeOII doirasidagi integratsiya a’zo mamlakatlar suverenitetiga daxl qilmasligi lozimligini ta’kidladi. Qozog‘iston rahbariga ko‘ra, integratsiya yo‘lidagi sa’y-harakatlar, jumladan, taklif etilayotgan taraqqiyot strategiyasi eng avvalo milliy-huquqiy tizimlar ustuvorligiga tayanishi lozim. Aks holda, bu jarayon milliy hukumat va parlamentlarning suveren huquqlari poymol etilishiga olib keladi.

1. So‘nggi virtual sammit beshovlonning munosabati «besh» emasligini ko‘rsatdi. Foto: «TASS»

Qozog‘iston prezidenti diplomatik mulozamatni bir chetga qo‘yib, strategiya borasida tanqidiy munosabat bildirgani bejiz emas. YeOII Rossiyaning imperiya da’volarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida tashkil etilgan, sobiq SSSRni tiklashga qaratilgan xalqaro loyihasi degan qarash mavjud. Tahlilchilarga ko‘ra, YeOIIning yangi strategiyasi ham Kreml siyosiy manfaatlariga xizmat qilishi mumkin. Gap shundaki, ayni paytda ittifoqqa a’zo mamlakatlar siyosatiga aralashuvga olib keluvchi tartib taklif etilmoqda. Moskva taklifiga ko‘ra, YeOIIning muvofiqlashtiruvchi organi – Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga a’zo mamlakatlarning uchinchi davlatlar bilan savdo masalalari bo‘yicha muzokaralarida ishtirok etishi huquqi berilishi lozim. Bu esa a’zo mamlakatlar nafaqat ittifoq doirasida, balki undan tashqarida ham savdo borasida Kremlning qosh-qovog‘iga qarashi lozimligini anglatadi. Bundan tashqari, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga sog‘liqni saqlash, ta’lim va ilm-fan bo‘yicha ham vakolatlar berish ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni xalqaro iqtisodiy tuzilma a’zo davlatlarning boshqa sohalaridagi siyosatiga ham aralashuvi xavfi yuzaga kelmoqda.

Qozog‘istonlik siyosatshunos O‘rozgali Selteyev ham Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi milliy hukumatlar ustidan boshqaruv idorasi ekani, Moskva undan a’zo mamlakatlarga bosim o‘tkazish uchun foydalanishi mumkinligidan ogohlantirdi.

«YeOIIning kelajagi mavhum. U nari borsa bojxona ittifoqi shaklida faoliyat yuritishi mumkin, ammo mazkur formatda ham ishlar xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmayotir. Ittifoqda va’da qilingan ustunlik va iqtisodiy integratsiyadan ko‘ra to‘siq va cheklovlar ko‘proq. Integratsiyaning namoyishkorona chuqurlashuvi faqat Rossiya manfaatlariga xizmat qiladi. Shunday ekan, Qozog‘iston iqtisodiy pragmatizm yo‘lini tutmog‘i lozim», – deb yozadi siyosatshunos.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham ko‘pdan beri YeOII doirasidagi noteng munosabatdan yozg‘irib keladi.

«YeOIIdan ko‘p narsa kutayotganim yo‘q. Sergaklikka undovchi holatlar bisyor, ziddiyatlar bir olam va toqat qilib bo‘lmaydigani – YeOII tobora siyosiylashib bormoqda», – degan edi A.Lukashenko jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Qirg‘iziston ham YeOII doirasida joriy etilgan turli cheklovlardan mamnun emas. Mamlakat parlamenti deputatlari orasida ittifoq doirasidagi barcha bitimlar ijrosini to‘xtatib turish tarafdorlari ham talaygina.

Armaniston esa Moskva tomonidan taklif etilayotgan gaz narx-navosidan norozi.

Sirasini aytganda, Rossiya rasmiy matbuoti YeOIIni bo‘linmas va yakdil birlashma deya tamsil etishga harchand urinmasin, ittifoq ichida ziddiyatlar bisyor. So‘nggi onlayn-sammit ham beshovlonning munosabati «besh» emasligini ko‘rsatmoqda.

2. Oliy darajada o‘tkaziladigan mashvarat koronavirus pandemiyasi sabab bu gal kamtarona tarzda – onlayn shaklda uyushtirildi. Foto: Qozog‘iston prezidenti rasmiy sayti

Eslatib o‘tamiz, YeOII 2015 yilda Rossiya tomonidan Belarus hamda Qozog‘iston ishtirokida ta’sis etilgan. Ko‘p o‘tmay Armaniston va Qirg‘iston ham ittifoqqa qo‘shildi va a’zolar soni beshtaga yetdi. Yana bir sobiq sovet respublikasi – Moldova ayni paytda kuzatuvchi maqomida.

Oliy Majlis qo‘sh palatasi O‘zbekistonning YeOIIda kuzatuvchi sifatida ishtirokini qo‘llab-quvvatlagan. Bu boradagi so‘nggi qaror prezident tomonidan qabul qilinishi kutilmoqda.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring