Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Erdo‘g‘on musulmon davlatlarni «Isroil terrori»ga qarshi ittifoq tuzishga chaqirdi

Erdo‘g‘on musulmon davlatlarni «Isroil terrori»ga qarshi ittifoq tuzishga chaqirdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on musulmon davlatlarni Isroilning bosqin, terror va ekspansiya siyosatiga qarshi turish uchun bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishga undadi. Bu haqda u diniy ta’lim muassasalarining Imom Xatib nomli qurultoyida gapirgan.

«Avval ham aytganimdek, Isroil G‘azoda to‘xtamaydi. Agar Isroil shu sur’atda davom etsa, Ramallohni (Falastin prezidenti Mahmud Abbos qarorgohi joylashgan shahar, G‘arbiy Sohil – tahr.) bosib olganidan keyin nigohini  boshqa hududlarga qaratadi... Livan va Suriyaga qadar keladi. U o‘z nigohini Furot va Dajla o‘rtasidagi tuproqlarimizga ham qaratadi. (Isroil rasmiylari) ochiq-oshkora suratini namoyish etayotgan xaritalar shundan dalolat beradi», – degan Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘on 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda davom etayotgan urush mobaynida Isroil harbiylari 40 ming nafar begunoh falastinlik, jumladan, 17 ming bolani o‘ldirganini keskin qoralagan. Shunga ko‘ra, u Tel-Avivning terror siyosatiga qarshi turish axloqiy va insoniy burch ekanini urg‘ulagan.

«Barcha musulmon mamlakatlar qachon tugashi noma’lum bo‘lib qolayotgan Isroil istilosiga qarshi mushtarak pozitsiyani egallashi kerak. Biz avval-boshdanoq shunday chorlov bilan chiqqan edik. Biz Isroil zo‘ravonligi, Isroil bosqini va Isroil davlat terrorini to‘xtatishning yagona chorasi musulmon davlatlar ittifoqi deb bilamiz», – degan siyosatchi.

Turkiya yetakchisi kuchayib borayotgan bosqin siyosatiga qarshi Misr va Suriya bilan birdamlikni kuchaytirish yo‘lida amaliy qadamlar tashlanayotganini aytgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring