Erdo‘g‘on musulmonlar jahonga ustozlik qilgan davrni eslatdi
Ilm-fan va texnologiyalar zamonaviy taraqqiyotning asosiy kaliti hisoblanadi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on TÜBA va TÜBİTAK ilmiy mukofotlarini topshirish marosimidagi nutqida gapirdi.
«Ilm-fanning tamal xususiyati bu uning vorisiyligi va universalligida namoyon bo‘ladi. Dunyoning turli qismlarida inkishof etilgan ilmiy bilimlar qiyos va o‘zaro robita vositasida taraqqiy qiladi, yangilanadi. Biz astronomiyadan tibbiyotga qadar, matematikadan me’morchilikka qadar – insoniyat taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shgan tamaddun mansubi va davomchilarimiz», – dedi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘on turkiylar qo‘lga kiritgan ilmiy yutuqlar ming yillik ildizlarga borib taqalishini ta’kidladi.
«Masalan, astronomiya sohasidagi izlanishlarimiz o‘z davridan o‘zib ketgan usturlob, taqvim, suv soati va boshqa asbob-uskunalarga tayangan edi. G‘arbda ochilgan ilk universitetlar bizning ta’lim uslublarimiz va o‘quv dasturlarimizdan ulgi olgan holda faoliyat boshlagan edi. Allomalarimiz, madaniyat va san’at namoyandalarimiz asrlar mobaynida nafaqat bu zaminga, balki G‘arbga hamda butun insoniyatga nodir ilmiy-ijodiy asarlarni tortiq etib keldi. Tabiblarimiz, olimlarimiz, mutafakkirlarimiz, me’morlarimiz, shoirlarimiz, muxtasar aytganda, tafakkur va ko‘ngil dunyomizni boyitgan yuzlarcha, minglarcha aql sohiblari bugungi tamaddunning tamal toshini qo‘ygandir», – dedi siyosatchi.
Erdo‘g‘on bugungi avlod shonli o‘tmish bilan faxrlanish bilan cheklanmay, porloq kelajak barpo etish yo‘lida jiddi jahd qilishi kerakligini ham urg‘ulagan.
Turkiya ayni shu hayotiy zaruratga ko‘ra ilm-fanni taraqqiy ettirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Qayd etilishicha, so‘nggi 23 yil mobaynida birgina TÜBİTAK dasturlari doirasida 36 mingdan ziyod loyiha uchun 153 milliard lira ajratilgan. Ushbu muddat mobaynida 415 119 nafar olimga 46,6 milliard lira ko‘mak ko‘rsatilgan. Xususiy sektordagi 28 493 ta loyihaga 134 milliard lira yo‘naltirilgan.
Ma’lumot o‘rnida: Turkiya prezidenti an’anaviy ravishda O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ali Qushchi kabi allomalarni ham ehtirom bilan yodga olib keladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter