Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevroittifoq jurnalistlar o‘limi ko‘payganidan xavotir bildirdi

Yevroittifoq jurnalistlar o‘limi ko‘payganidan xavotir bildirdi

So‘nggi yillarda jurnalistlarning o‘ldirilishi misli ko‘rilmagan darajada ko‘payib borayotgani qabul qilib bo‘lmas holatdir. Bu haqda Yevropa komissiyasi vitse-prezidentlari Jozep Borrel hamda Vera Yourova tomonidan 2 noyabr – Xalqaro jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishiga barham berish kuni munosabati bilan berilgan bayonotda ta’kidlangan.

«G‘azo sektorida jurnalistlar orasida misli ko‘rilmagan qurbonlarni ko‘rmoqdamiz. Ular munosib himoya yo‘q bo‘lgan va xorij OAV faoliyatiga asossiz cheklovlar joriy etilgan sharoitda o‘z hayotini favqulodda xavfga qo‘yib bo‘lsa-da, jahon ahliga ishonchli axborot yetkazishga intilmoqda. Ukraina jurnalistlari ham Rossiya hamda rossiyaparast kuchlar tomonidan zo‘rlik, ta’qib va asossiz hibslarga nishon bo‘lmoqda.  Livan, Myanma, Yaman va boshqa mamlakatlarda jurnalistlar kurashuvchi tomonlarning olovli halqasi ichida qolgan millionlab tinch aholi vakillarining dardu iztiroblarini jasorat ila yoritmoqdalar», – deyiladi bayonotda.

Yevropa komissiyasi vitse-prezidentlari urush, bo‘hron va favqulodda holatlarni yoritayotgan qo‘rqmas muxbir va jurnalistlarga hurmat bildirar ekan, OAV xodimlariga hujumlarni keskin qoralagan.

«Yevropa Ittifoqi jurnalistlarga hujumlarni qat’iy ravishda qoralaydi va jurnalistlar hamda OAV xodimlarini himoya qilish bo‘yicha tezkor va samarador chora-tadbirlarni ko‘rishga chaqiradi. Xalqaro gumanitar huquq o‘zgarmasdir: jurnalistlar va OAV xodimlari tinch fuqarolar sifatida har qanday vaqtda himoya qilinishi kerak. Xalqaro gumanitar huquqqa binoan jurnalistlarga qasddan hujum qilish harbiy jinoyat deb malakalanadi», – deydi Jozep Borrel hamda Vera Yourova.

Jurnalistlarga nisbatan qo‘llangan zo‘ravonlik, ta’qib, tahdidlarning jazosiz qolishi qo‘rquv va senzura muhitini yuzaga keltiradi. Shunga ko‘ra YeI rahbariyati erkin va mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning axborot olish huquqini himoya qilish uchun barcha davlatlarni jurnalistlarga qarshi jinoyatlar muqarrar ravishda jazolanishini ta’minlashga da’vat etgan.

Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh assambleyasi 2013 yilda 68/163-sonli rezolyusiya asosida 2 noyabr sanasini Xalqaro jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishiga barham berish kuni deb e’lon qilgan. Mazkur sana tanlangani bejiz emas. 2013 yilning 2 noyabrida Malidagi qurolli mojarolarni yoritayotgan fransiyalik jurnalistlar – Gislen Dyupon va Klod Verlon jangarilar tomonidan o‘ldirilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring