Fransiya hukumati namoyishchilarga yon bosmoqda: Ta’limga milliardlab mablag‘ ajratiladi
Oktyabr oyida Fransiya shaharlarida minglab yoshlar ko‘chalarga chiqdi. Ta’lim tizimini isloh qilish talabi bilan boshlangan ushbu norozilik namoyishlari keyinchalik tartibsizliklarga aylanib ketdi.
Oxir-oqibat Fransiya hukumati katta moliyaviy xarajatlar talab qiluvchi yon bosishlar bilan vaziyatni o‘nglashga urinib ko‘rmoqchi. Xususan, e’tirozlarga sabab bo‘layotgan OTMga o‘qishga kirish tizimini bekor qilish hamda maktab va universitetlarga ko‘proq sarmoya kiritish rejalashtirilyapti. Bundan tashqari, yuzlab yangi o‘qituvchilik o‘rinlarini yaratish va avval ko‘zda tutilgan qisqartirishlardan voz kechish ko‘zda tutilmoqda. Biroq bu choralar ko‘chalarga osoyishtalikni qaytaradimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum.
Gap milliardlab yevro haqida bormoqda. Eskirgan maktablarni ta’mirlash uchun 2030-yilgacha imtiyozli kreditlar shaklida to‘rt milliard yevro ajratish rejalashtirilgan. Universitetlarga esa 2029-yilgacha qo‘shimcha bir milliard yevro yo‘naltiriladi. Shuningdek, hukumat ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lgan «Parcoursup» oliygohlarga qabul tizimini bekor qiladi — 2028-yil kuzigacha uning o‘rniga yangi tizim joriy etilishi kerak. Xususan, bundan buyon abituriyentlarga ularning o‘qishga qabul qilinmagani sabablarini tushuntirish majburiy tus oladi.
Maktab o‘quvchilari va talabalarning vakillari bu yon bosishlarni mamnuniyat bilan qarshilashsa-da, norozilik chiqishlarini to‘xtatmaslikka chorlashmoqda. Shu bois, tartibsizliklar yuzaga kelish xavfi saqlanib qolmoqda. Eslatib o‘tamiz, maktab o‘quvchilari va talabalarning namoyishlari davom etayotgan bir pallada tartibbuzarlar Parij, Marsel, Lion, Bordo va mamlakatning boshqa shaharlarida o‘t qo‘yishlar uyushtirib, do‘konlarni talagan edi.


Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting
Kiriş
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter