Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya maktablarida 203 ming ukrainalik bola o‘qimoqda

Germaniya maktablarida 203 ming ukrainalik bola o‘qimoqda

Urush boshlanganidan buyon Germaniya ikki tomonlama ko‘mak doirasida Ukrainaga 12,5 milliard yevro ajratgan.

Foto: Reuters

Germaniya federal ta’lim vaziri Bettina Shtark-Vatsinger Kiyevga tashrifi chog‘i Ukrainaga ta’lim bo‘yicha ko‘mak davom ettirilishini ma’lum qildi.

Olmon vaziri urush tufayli vayron bo‘lgan mamlakatni qayta tiklashda malakali kadrlarga ehtiyoj kuchli bo‘lishi, bu borada maktablar muhim o‘rin tutishiga e’tibor qaratgan. Shunga ko‘ra, u malakali ishchi-xodimlarni tayyorlash bo‘yicha ham ko‘mak ko‘rsatilishiga va’da bergan.

«Ko‘rib turibmizki, Ukrainani qayta tiklash ertaning ishi emas, bu jarayon allaqachon boshlangan. Biz malakali ishchi-xodimlar tayyorlashga ham ko‘mak berish niyatidamiz», – degan Germaniya federal ta’lim vaziri.

Ayni paytda Germaniyadagi maktablarda 203 ming nafar ukrainalik bola o‘qimoqda. Olmon oliy o‘quv muassasalarida tahsil olayotgan ukrainalik talabalar soni esa 7000 nafarni tashkil etadi.

Joriy yil 18 yanvar kuni Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilgan Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Rossiya harbiy bosqiniga qarshi kurashda ko‘mak davom ettirilishini ta’kidlagan.

«Biz Ukrainani siyosiy, gumanitar, moliyaviy va harbiy jihatdan imkonimiz boricha qo‘llab-quvvatlaymiz va ayni choqda, sa’y-harakatlarimizni ittifoqchilarimiz bilan muvofiqlashtiramiz», – degan Frank-Valter Shtaynmayer.

Rasmiy Berlin Ukraina bosqini boshlanganidan buyon mazlum davlatga turli yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Masalan, joriy yil yanvar oyida olmon hukumati «Leopard» tanklarini Kiyevga topshirishga rozilik bergan edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, urush boshlanganidan buyon Germaniya hukumati ikki tomonlama ko‘mak doirasida Ukrainaga 12,5 milliard yevro ajratgan. Bu mablag‘ gumanitar ko‘mak va urush oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan.

Germaniya kansleri Olaf Shols BMT Bosh assambleyasidagi ma’ruzasida ham Rossiyaning Ukrainaga bosqinini keskin qoralagan, Kremlni imperializm siyosati yuritishda ayblagan edi.

Siyosatchining ta’kidlashicha, tish-tirnog‘iga qadar qurollangan, yadro aslahasiga ega, BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zo bo‘lgan mamlakat chegaralarni zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirishga urinayotgan bir paytda mutaraqqiy dunyo qo‘l qovushtirib o‘tirishi yaramaydi. Shunga ko‘ra u xalqaro hamjamiyatni BMTning nizom va qadriyatlarini himoya qilishga da’vat etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring