Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil «do‘zax darvozasi»ni ochdi

Isroil «do‘zax darvozasi»ni ochdi

Foto: Reuters

Isroil armiyasi G‘azo sektorida harbiy hujumlarni yanada kuchaytirdi. 5-sentyabr kuni G‘azo shahridagi 22 oylik bombardimonlardan omon qolgan sanoqli binolardan biri — 12 qavatli «Mushtaha» aholi turarjoy majmuasi portlatildi.

Yahudiy davlati 12 qavatli turarjoydan HAMAS harakati foydalanganini da’vo qilgan. Falastin tomoni bu iddaoni rad etdi.

G‘azo bo‘lgasi bo‘ylab juma kuni uyushtirilgan hujumlarda kamida 51 falastinlik, jumladan, 7 nafar bola o‘ldirilgan.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats G‘azo sektorida «do‘zax darvozasi» ochilayotgani haqida bayonot bergan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 8-avgust kuni Isroil xavfsizlik kengashi G‘azo sektoridagi yuz minglab falastinlik jon saqlayotgan G‘azo shahrini nazoratga olish haqida qaror qabul qildi. Ushbu bahsli qaror G‘azo shahridagi yuz minglab odamni yana majburiy ko‘chirish hamda butun G‘azo bo‘lgasini bosib olishni anglatadi. Jahon yetakchilari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ushbu qarorini keskin qoralamoqda.

Isroil armiyasi G‘azo shahrining qariyb 40 foizi nazoratga olingani haqida axborot bergan.  

Xalqaro tashkilotlar qirg‘inbarot davom etar ekan, falastinlik tinch aholi vakillari orasida qurbonlar soni shiddat bilan oshib borayotgani, g‘azoliklar ochlik, tashnalik va xastaliklar tufayli ham vafot etayotgani haqida bong urmoqda.

Rasmiy raqamlarga qaraganda, Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan buyon davom etayotgan noteng urushda 64 231 nafar falastinlik halok bo‘ldi, yana 161 583 nafari jarohatlandi.

UNISEFga ko‘ra, so‘nggi 22 oy ichida halok bo‘lgan bolalar soni 18 mingdan ortib ketdi.

Avvalroq London universiteti huzuridagi Hollouey qirollik kolleji olimlari G‘azodagi urushda hudud aholisining 4 foizi yoki 80 mingdan ziyodi o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Ekspertlar «XXI asrdagi boshqa biror urushda bunday holat kuzatilmagan» degan xulosaga kelgan.

Isroildagi ikki yetakchi inson huquqlari tashkiloti — B’Tselem hamda Physicians for Human Rights ham Netanyahu hukumatini falastinliklarga nisbatan genotsid sodir etishda ayblamoqda. Hisobotda Isroil armiyasi sodir etgan jinoyatlar, jumladan, minglab bolalar, ayollar va keksalarning o‘ldirilishi, majburiy ko‘chirishlar, uy va turarjoylarning yo‘q qilinishi, shifoxonalarning vayron etilishi, ocharchilikning yuzaga keltirilishi batafsil tasvirlangan.

2023-yil oktyabrdan buyon davom etayotgan urush mobaynida Isroil armiyasi G‘azo sektoriga 125 ming tonnadan ziyod bomba va portlovchi modda tashlagan. Shu tariqa bo‘lgadagi binolarning 88 foizi vayron qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring