Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jeffri Epshteyn: pul, hokimiyat va irkit sirlar

Jeffri Epshteyn: pul, hokimiyat va irkit sirlar

Jeffri Epshteyn – rasman moliyachi, amalda esa XX–XXI asrning eng dahshatli shaxslaridan biri. Uning nomi bolalarga qarshi jinoyatlar, elita uchun yaratilgan yashirin «qullik tizimi», siyosatchilar, milliarderlar va qirollik oilalariga bog‘liq shubhali aloqalar bilan tarixga muhrlandi. Epshteyn – pul orqali qonunni, axloqni va odamlar taqdirini sotib olish mumkinligini amalda isbotlab bergan iblis edi.

Olis bolalikdan elitagacha

Jeffri Edvard Epshteyn 1953-yil 20-yanvarda AQShning Bruklin shahrida tug‘ilgan. Oilasi yahudiy, oddiy o‘rta tabaqaga mansub edi. Otasi – bog‘bon, onasi – maktab xodimasi bo‘lib ishlardi. Bu oilaning hech qanday boylik, nufuz yoki siyosiy tayanchi yo‘q edi.

Jeffri yoshligidanoq yolg‘onga mohir, manipulyasiyaga moyil, odamlarni psixologiya orqali ermak qilishni yaxshi ko‘rgan bola bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, Epshteyn hech qachon to‘liq oliy ma’lumot olmagan. Universitetni tugatmagan holda ham o‘zini «iqtidorli matematik» va «moliyaviy daho» sifatida ko‘rsata olgan.

Shubhali sabablar va millionlar sari

1970-yillarda Epshteyn xususiy maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Ammo bu dargohdan shubhali sabablar bilan haydaldi. Rasmiy farazlar turlicha, lekin o‘sha paytdayoq uning yosh qizlarga nisbatan nosog‘lom qiziqishlari haqida gap-so‘zlar yura boshlagan.

Jeffri Epshteyn hech qachon rasman oliy ma’lumot olmagan bo‘lsa-da, o‘zini jamiyatga noyob aql egasi, moliyaviy strateg va sarmoya dunyosida sirli iste’dod sohibi sifatida taqdim eta olgandi. U bu timsolni yillar davomida puxta qurdi – sekin, hisob-kitob bilan va odamlar psixologiyasini chuqur his etgan holda.

Epshteyn qisqa vaqt ichida Uoll-stritga o‘tib oladi. U Bear Stearns investitsiya bankida ish boshlaydi. Qanday qilib? Bu savolga hozirgacha javob yo‘q. Axir, u diplomsiz bo‘lishi bilan birga tajribasiz ham edi. Lekin shunga qaramay, yuqori lavozimlarga ko‘tarildi. Yirik sarmoyadorlar, banklar va milliarderlar bilan ishlay boshladi. Epshteyn hech qachon o‘z mijozlarining to‘liq ro‘yxatini ochmagan. Lekin bir narsani aniq qilib ko‘rsatgan: u oddiy millionerlar bilan ishlamasdi.

Epshteynning asosiy «ijtimoiy kapitali» – sir saqlash, odamlarni bog‘lab qo‘yish va ularning zaif nuqtalarini bilish edi.

U hech qachon «ommaviy» boy bo‘lmagan. Forbes ro‘yxatlariga kirmagan, ochiq kompaniyalarga egalik qilmagan, biznes imperiya qurmagan. Epshteynning boyligi hamisha mavhum, yopiq va hisob-kitobdan tashqarida edi. Aynan shu holat uning shaxsini yanada sirli va ishonchli qilib ko‘rsatgan.

Epshteyn pulni «yashirib» boshqargan, soliqdan qochish sxemalarini tuzgan, aktivlarni ofshorlarga o‘tkazgan, ayrim hollarda esa shaxsiy muammolarni «hal qilib bergan».

Uning kompaniyalari ochiq hisobot bermas, aksiyalar bozorida yo‘q edi, faoliyati esa «xususiy maslahat» deb yopib qo‘yilardi.

Epshteynning eng xavfli jihati – uning aloqalari bo‘lgan. Bu tovlamachi bilan bog‘liq ismlar orasida siyosatchilar, prezidentlar, shahzodalar, milliarderlar, mashhur olimlar va ishbilarmonlar bor.

Epshteyn shantajchi edi. Kameralar, hujjatlar, maxfiy yozuvlar… U elitani o‘z changalida ushlab turardi.

Shaxsiy orol va yashirin qullik tizimi

Jeffri Epshteynning eng qora ishi – Little Saint James xususiy orolidir. Ommaviy axborot vositalari uni «orzular oroli» deb atagan bo‘lsa, qurbonlar «dahshat oroli» sifatida biladi. Bu maskanga xususiy samolyotlar orqali kirilgan, tashqi nazorat deyarli bo‘lmagan,

Orolga voyaga yetmagan qizlar olib kelinar, ular pul, tahdid yoki aldov orqali tahqirlanar, elita mehmonlarga taqdim etilar edi. Qurbonlarning aksariyati kambag‘al oilalardan chiqqan, huquqiy himoyasiz qizlar edi. Ularga «massaj»,«modellik»,«ish» va’da qilinardi.

Gisleyn Maksvell – Epshteyn tizimining yetakchi figurasi. U britaniyalik, otasi – mediamagnat Robert Maksvell. Elita muhitida o‘sgan. Ayblovlarga ko‘ra, qurbonlarni Maksvell topgan, ularning ishonchiga kirgan va Epshteynga topshirgan (hozirgi kunda 20 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda).

Sud, qamoq va «o‘z joniga suiqasd» 

 Epshteyn ilk bor 2008 yilda jazoga tortildi. Ammo og‘ir jinoyatlariga qaramay, yengil jazo oldi, hatto kunduzlari qamoqdan chiqib ishlash huquqiga ega bo‘ldi. Bu adolat emas, kelishuv edi.

2019 yil 6 iyulda esa Epshteyn tag‘in hibsga olindi. Bu safar vaziyat jiddiy edi. Voyaga yetmagan qizlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish, odam savdosi va jinoiy tarmoqni yaratish ayblari qo‘yildi. Endi u avvalgiday «kelishuv» bilan qutulib keta olmasdi. Jinoyatlar juda ko‘p, guvohlar ham rosa bisyor edi.

Lekin Epshteyn sudgacha yetib bormadi: 9-dan 10 avgustga o‘tar kechasi u qamoqxonada “o‘zini osib” o‘ldirdi. Qarangki, ayni o‘sha paytda videokameralar ishlamagan, qo‘riqchilar uxlab qolgan va hujjatlar yo‘qolgan. Vaholanki, u maxsus nazoratda edi, advokatlari doim kameraga kirib-chiqib turishardi.

Jeffri Epshteyn o‘ldi, lekin savollar ochiq qoldi: u kimlar uchun ishlagan, uni kim himoya qilgan? Nima uchun o‘shanda asosiy mijozlar ochiqlanmadi? Darvoqe, suiqasdgacha – 23 iyul kuni Epshteyn kamerada behush holda topilgandi. Rasmiy faraz: “o‘zini bo‘g‘ishga uringan”. Shundan keyin uni qat’iy nazoratda ushlash kerak edi. Ammo aynan shu yerda eng katta shubhalar boshlanadi. Keyinchalik bu holat “noaniq hodisa” deb qayta tasniflandi.

Xullas, Epshteyn o‘ldi. Vaholanki, u har 30 daqiqada tekshirilishi shart edi, videokameralar ishlashidan tashqari ikki qo‘riqchi navbatda bo‘lishi kerak edi.

Jeffrining akasi, jamoatchilikdan uzoq yashagan Mark Epshteyn ukasining o‘limi “shubhali” ekanini bir necha bor omma oldida aytgan (Mark Jeffrining jinoyatlarini ochiq qoralagan, u bilan munosabati yaxshi emas edi).

Jeffri Epshteyn – yakka shaxs emas, jirkanch tizimning bir bo‘lagi, iflos mexanizmning markaziy vinti edi. Uning tarixi – pul adolatni sotib olishi, elita javobgarlikdan qochishi, qurbonlar ovozi esa eshitilmasligi haqidagi qora hikoyadir.

Epshteynning qo‘lida pullar bilan sirlar ham bor edi. Va aynan shu sirlar uni tirik qoldirmadi.

A.Fathullayev.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring