Kim Chen In taxt vorisi borasida yakuniy to‘xtamga keldi
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘z qizi Kim Chju Eni o‘zidan keyin davlat rahbari sifatida qoldirishga qat’iy ravishda qaror qildi. Bu haqda G‘arb matbuoti Janubiy Koreya milliy razvedka xizmatiga (NIS) tayanib xabar bermoqda.
Janubiy Koreya maxsus xizmati xulosasiga qaraganda, Kim Chen In qizini voris sifatida tayinlash va uning mavqeini mustahkamlash uchun allaqachon amaliy choralar ko‘rmoqda.
“Kim Chju E turli tadbirlarda qatnashib kelgan va u ayrim davlat ishlari yuzasidan o‘z fikrini bildirgan. NIS endilikda u voris sifatida tayinlanish bosqichiga o‘tmoqda deb hisoblaydi”, – degan Janubiy Koreya parlamenti deputati Li Son Kvon razvedka xizmati bilan uchrashuvdan keyin.
Ayni paytda 13 yoshda ekani taxmin qilinayotgan Kim Chju E 2022 yildan buyon muhim siyosiy va harbiy tadbirlarda otasiga hamrohlik qila boshladi. U goh rahbar otasi bilan birinchi harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishga tayyorgarlikni ko‘zdan kechirgan bo‘lsa, goh armiyaning jangovar shayligini tekshirishda qatnashgan.
O‘tgan yil sentyabr oyida esa u otasi bilan Pekinga keldi va Xitoy tomonidan o‘tkazilgan katta paradda ishtirok etdi.
Shimoliy Koreya patriarxal qarashdagi davlat sanaladi. Bu jihatdan hukumat tepasiga ayol kishining kelishini jamiyat birdaniga qabul qila olmasligi mumkin. Tahlillarga ko‘ra, qizini muntazam ravishda yonida olib yurish orqali Kim Chen In, avvalo, qizaloqqa shohona boshqaruv rasm-rusumlarini o‘rgatmoqda. Qolaversa, u jamoatchilikni ham ayol yetakchi timsolini qabul qilishga ruhan hozirlayotir.
Bunga qadar “dohiy”ning singlisi, hozirda Shimoliy Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasining targ‘ibot va tashviqot bo‘limi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan Kim Yo Chjon ehtimoliy voris o‘laroq ko‘rilgan edi. 2020 yilda ham Kim Chen In yurak jarrohligi operatsiyasidan keyin o‘lim to‘shagida yotgani, uning o‘rnini singlisi egallashi haqida ovoza tarqalgandi.
Shimoliy Koreya Xalq Demokratik Respublikasi ta’sis etilgan 1948 yildan buyon o‘lkani Kimlar sulolasi idora etib keladi. Kim Ir Sen 1948–1994, Kim Chen Ir 1994–2011 yillarda rahbarlik qilgan. Bobosi va otasidan qolgan “taxt”ni 2011 yilda Kim Chen In egallagan.
Shimoliy Koreya aholisi ongiga Kim sulolasi vakillari tomirida muqaddas qon oqishi, ular mamlakat boshqaruviga ilohiy kuchlar tomonidan yo‘llangani haqidagi cho‘pchaklar singdiriladi. Shunga ko‘ra aksar tahlilchilar mazkur sulolaning to‘rtinchi avlodi ham oliy hokimiyatni egallashiga shubha qilmaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter