Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Makron: AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumi xalqaro huquq doirasida emas

Makron: AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumi xalqaro huquq doirasida emas

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 3 mart kuni mamlakat xalqiga murojaat qilib, Yaqin va O‘rta Sharqdagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mintaqada boshlangan harbiy qarama-qarshilik butun dunyo xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Makronning aytishicha, hozirgi inqiroz uchun asosiy mas’uliyat Eron Islom Respublikasi zimmasiga tushadi. U Tehronni yadroviy dasturni rivojlantirish, ballistik raketalar imkoniyatlarini kengaytirish hamda mintaqadagi qurollangan guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda aybladi.

Shu bilan birga, Fransiya rahbari AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy operatsiyalari xalqaro huquq doirasida amalga oshirilmaganini ta’kidladi va vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarurligini bildirdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya hozir mintaqadagi harbiy bazalari, diplomatik vakolatxonalari va fuqarolari xavfsizligini kuchaytirgan. Ayni paytda Yaqin Sharq mamlakatlarida bo‘lib turgan taxminan 400 ming nafar fransuz fuqarosini evakuatsiya qilish ishlari boshlangan.

Makron Fransiya o‘z ittifoqchilari — Qatar, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya va Iroq xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ham choralar ko‘rayotganini aytdi. Shu maqsadda mintaqada qo‘shimcha harbiy kuchlar, jumladan havo mudofaa tizimlari va qiruvchi samolyotlar joylashtirilmoqda.

Fransiya prezidenti, shuningdek, «Sharl de Goll» aviatashuvchisi boshchiligidagi harbiy-dengiz guruhi O‘rta yer dengizi tomon yo‘l olganini ma’lum qildi.

Makronning ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda asosiy maqsad — vaziyatni yanada keskinlashtirmaslik va mintaqada diplomatik muzokaralarni qayta tiklash orqali barqaror tinchlikka erishishdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring