Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Marmaris - ikki dengizni bog‘lagan port shahar (foto)

Marmaris - ikki dengizni bog‘lagan port shahar (foto)

Marmaris Egey dengizi va O‘rta yer dengizining tutashgan joyida joylashgan bo‘lib, o‘zining tabiiy go‘zalliklari, uzun qirg‘oq chizig‘i, qarag‘ay daraxtlari bilan qoplangan tepaliklardan ajoyib manzaralari, sohillari, qadimiy shaharlari, kema portlari bilan Mug‘laning eng mashhur sayyohlik kurortlaridan biridir. U shuningdek, o‘zining geografik joylashuvi bilan mintaqada asosiy port vazifasini bajarib kelgan.

Shahar Mug‘la markazidan 1 soat uzoqlikda joylashgan. Marmarisga samolyotda borish uchun 1 soatlik masofada joylashgan Dalaman aeroportini tanlash kerak. Parvozdan keyin borish kerak bo‘lgan Dalaman va Marmaris o‘rtasidagi masofa 90 kilometrni tashkil etadi va bu masofa shaxsiy transport vositasida o‘rtacha 1,5 soat vaqtni taqazo etadi.

Marmaris dam olishni, tabiiy go‘zalliklardan zavqlanishni va mintaqaning boy tarixini kashf qilishni xohlaydiganlar, shuningdek, feruza rangli dengiz va oltindek sariq qumlardan bahra olib, suv va quruqlikdagi sport turlarini sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar uchun mukammal manzildir.

Marmarisni qayiqlar bilan sayohat qilishingiz mumkin bo‘lgan betakror qo‘ltiqlardan biri Kumlubukdir.Ushbu maskan, ayniqsa, baliq restoranlari bilan mashhur.

Bo‘zburun o‘zining toza tabiati, tiniq dengizi va musaffo havosi bilan shahar gavjumligi va shovqinidan qochganlarga mukammal imkoniyat. Marmarisga sayohat qilib, Serche porti, Uch tosh, Akvaryum, Bozukkale va Direkbuku kabi Bo‘zburun qo‘ltiqlarini kashf qilmasdan qaytish imkonsiz.

«Oltin» qumli plyaji va firuza dengizi bilan mashhur bo‘lgan Kleopatra orolida Ellinistik va Rim davriga oid tarixiy ashyolarni ko‘rish mumkin.

Injequm sayyohlarni nafis qum bilan qoplangan plyaji va moviy dengizi bilan maftun qiladi. Kleopatra plyaji (Sedir oroli) qarshisida joylashgan Injequmga borish biroz qiyin, ammo bu joy sayohlarga ma’qul kelishi aniq.

Qarag‘ay daraxtlari bilan qoplangan yana bir ko‘rfaz Bo‘rdubetdir. Bu maxsus muhofaza qilinadigan hudud bo‘lib, bu yerda yashash imkoniyati yo‘q. Ko‘rfazda kanoeda sayohat, velosipedda uchish va o‘rmonda sayr qilish mumkin.

Turunch archa daraxtlari va baland tepaliklar bilan o‘ralgan qishloq. Marmarisga qayiq sayohati uchun boradiganlarning sevimli maskani.

Selimiye moviy kruiz marshrutlarining ajralmas qismiga aylangan. Ushbu maskan turfa xil taomxonalari bilan ham e’tiborni tortadi. Selimiye qayiqlari bilan Kamellia, Sevgi va Tavshan orollari hamda Benjik ko‘rfazini tomosha qilish mumkin.

Jannat ko‘rfazining landshafti quyosh botishini kuzatadiganlar va ushbu onlarni fotoapparatga muhrlaydiganlar uchun unutilmas manzarani taqdim etadi.

Marmarisdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda, Orxaniye qishlog‘idagi noyob joy – Kizkumudir. Kizkumuda orollar o‘rtasini bog‘lab turuvchi «qum yo‘lak» bor. Va bu haqda mahalliy aholining o‘z afsonasi ham…

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring