Moskvada arman bataloni asoschisiga suiqasd uyushtirildi

Rossiya poytaxtida «Arbat» bataloni asoschisi Armen Sarkisyanga suiqasd uyushtirildi.
Bugun, 3 fevral kuni ertalab Moskvadagi elita turar joy majmuasida portlash yuz berdi. Qayd etilishicha, portlovchi qurilma Armen Sarkisyan qo‘riqchilari bilan uyidan chiqqan paytda masofadan ishga tushirilgan.
Voqea joyida tergovchilar ishlamoqda, ular binoda boshqa qo‘lbola bombalar bor-yo‘qligini tekshirmoqda. Guvohlarning xabar berishicha, turar joy majmuasiga tez tibbiy yordam vertolyoti kelgan.
Portlash oqibatida bir necha kishi jarohatlangan. Suiqasd armanlarning «ArBat» bataloni asoschisi, tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi boks federatsiyasi prezidenti Armen Sarkisyanga qaratilgan.
Favqulodda xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, u tirik qolgan va og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgan.
Portlashdan uning qo‘riqchilaridan biri halok bo‘lgan. Yana to‘rt kishi yaralangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash 300-400 gramm trotil kuchiga teng bo‘lgan. Bomba Sarkisyan liftdan chiqayotganida o‘rnatilgan va masofadan turib ishga tushirilgan.
Armen Sarkisyan 46 yoshda. U Armanistonda tug‘ilgan, ammo bolaligida Donetsk viloyatiga ko‘chib o‘tgan.
2022 yil sentyabrida Sarkisyan va uning do‘stlari «ArBat» ko‘ngilli arman bataloniga asos solgan. Jangovar qismga sobiq vagnerchi Ayk Gasparyan rahbarlik qiladi, u Vladimir Putin tomonidan mukofotlangan. Manbalarga ko‘ra, batalonda ko‘plab abxaz armanlari jang qilmoqda.
2023 yilda bo‘linma jangchilari Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaydi. 2024 yil avgust oyidan «ArBat» Kursk viloyatida jang olib bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter
Izohlar mavjud emas