Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

OAV: Janubiy Koreya TIVning minglab xodimlari ma’lumotlari tarqalib ketdi

OAV: Janubiy Koreya TIVning minglab xodimlari ma’lumotlari tarqalib ketdi

Foto: RIA Novosti

Janubiy Koreyada Tashqi ishlar vazirligining 10 ming nafar xodimi ma’lumotlari sizdirilgani aytilmoqda.

Janubiy Koreya Milliy diplomatiya akademiyasining (KNDA) onlayn ta’lim tizimiga amalga oshirilgan kiberhujum oqibatida amaldagi va nafaqadagi diplomatlarni o‘z ichiga olgan taxminan 10 ming nafar xodimning shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgan bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Yonhap agentligi xabar berishicha, ismi oshkor etilmagan Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi vakili 2026 yil fevral oyida onlayn ta’lim tizimiga shubhali kirish holati aniqlanganidan so‘ng tizim darhol o‘chirilganini bildirgan.

Vakilga ko‘ra, kiberhujum natijasida amaldagi va sobiq diplomatlar hamda boshqa xodimlarga tegishli ma’lumotlar tashqi shaxslar qo‘liga o‘tgan bo‘lishi mumkin. Hujumchilarning shaxsi hali aniqlanmagan. Shaxsni tasdiqlovchi ma’lumotlar, mobil telefon raqamlari yoki uy manzillari kabi maxfiy shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanganini tasdiqlovchi dalillar hozircha aniqlanmagan.

Shu bilan birga, mas’ullar ayni vaqtda kiberhujumni amalga oshirgan shaxs yoki guruhni aniqlash uchun yetarli texnik imkoniyatlarga ega emasliklarini bildirishgan. “Xorijdagi xakerlik guruhlari ishtirok etgan bo‘lishi ehtimolini ham inkor etmayapmiz. Bu holatni milliy xavfsizlikka daxldor masala sifatida baholamoqdamiz”, – dedi Tashqi ishlar vazirligi vakili.

Ayni paytda ushbu kiberhujum yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring