Ona qasosi: qotillikmi yoki adolat uchun kurash?

Siz bu fotosuratni eslay olmasligingiz, ammo uning graffiti yoki futbolkadagi tasvirini ko‘rgan bo‘lishingiz mumkin. Olamshumul voqea esa sud zalida ro‘y bergan. O‘shanda kuchli alam va qahr-g‘azabga to‘lib-toshgan ona o‘zini tutib turolmagan va shov-shuvli jinoyatga qo‘l urgan edi.
Bolalikdan qolgan og‘riq
Marianna Baxmayer 1950-yilda Sharqiy Prussiyadan ko‘chib kelgan oilada tug‘ilgan. Otasi ichkilikka berilgan bo‘lib, ko‘pincha oila a’zolarini kaltaklardi. Keyinroq ota-onasi ajrashdi, ammo Mariannaning o‘gay otasi ham oldingisidan qolishmasdi. To‘g‘ri, u mast-alast bo‘lmas, ammo shafqatsiz edi.
To‘qqiz yoshida Marianna qo‘shnisi tomonidan zo‘rlandi. Ota-onasi mojaroni bosish uchun unga sovg‘alar berib, og‘zini yopishga urinishdi, ammo keyin o‘z qizlarini «buzuq»likda ayblashdi.
Marianna 15 yoshida uydan qochib ketgan yoki haydalgan. U 16 va 18 yoshlarida ikki nafar farzand ko‘rdi, ammo ikkalasi ham boshqa oilalarga berib yuborildi. Ikkinchi homiladorligi oldidan u tag‘in zo‘rlangan, ammo sud aybdorni oqlab, «qizning o‘zi uni vasvasaga solgan» degan hukm chiqardi.
Uchinchi homiladorlik Mariannaning 22 yoshida ro‘y berdi. Qizi Anna 1972-yil 14 noyabrda tug‘ildi. Bu Marianna uchun oxirgi onalik imkoniyati edi, chunki bola ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish uchun tibbiy yo‘l bilan uni homilador bo‘lishdan mosuvo qilishdi.
Anna onasi Marianna ishlaydigan «Tipasa» pivoxonasida unib-o‘sdi. U ko‘p vaqtlarda yolg‘iz qolardi. Qizchaning otasi Kristian Bertold Marianna homiladorligini bilgan zahotiyoq ularni tashlab qochib ketgan edi.
Fojiali kun
1980-yil 7 may kuni odatdagidek boshlandi. Ona-bola tortishib qoldi. Jahli chiqqan Marianna shu kuni qizini maktabga kuzatmadi, Anna maktabga yolg‘iz jo‘nadi. Ammo Anna na darsga bordi, na uyga qaytdi. Onasi qo‘shnilardan so‘rab chiqdi, do‘stlariga qo‘ng‘iroq qildi, keyin politsiyaga murojaat etdi.
Ertasi kuni qizchaning jasadi kanal yoqasidan, quti ichiga ko‘milgan holda topildi. Uni zo‘rlashgan va o‘zining kolgotkasi bilan bo‘g‘ib o‘ldirishgan edi.
Qotil kim?
Jinoyatchi Annaning yon qo‘shnisi 35 yoshli qassob Klaus Grabovski bo‘lib chiqdi. U Annani uyiga chaqirib olgan, «Mushukcha bilan o‘ynaysan» deb aldagan.
Grabovskining bolalarga qarshi sodir etgan jinoyatlari tarixi uzun. Nemis odil sudi qassob yigitga qayta-qayta imkoniyat bergan, ammo u tag‘in qotilga aylanavergan.
Klaus Annani jinoyati haqida aytib qo‘yishidan qo‘rqib, qizchani bo‘g‘ib o‘ldirgan. Jasadni qutiga solib, kanal bo‘yiga tashlagan. Bu tun Marianna uchun avvalgi hayotining yakuni bo‘ldi.
Sud va hal qiluvchi daqiqa
1981 yil mart oyida Grabovski ustidan sud boshlandi. Sud zali odamlarga to‘lib ketdi: katta-katta gazetalarning muxbirlari, huquqshunos talabalar, qiziqish bilan kelgan mahalliy odamlar...
Marianna juda og‘ir ahvolda edi. U qotilning ro‘parasiga o‘tirgan holda eshitardi. Prokurorlar jinoyatni bayon qilar, advokatlar esa javobgarni oqlash uchun turli vaj-korsonlar keltirardi. Marianna anglab yetdi: hech qanday hukm uning Annasini qaytarmaydi.
1981-yil 6 mart, sudning uchinchi kuni edi. Marianna bardosh berolmadi. U sud zaliga keng kul rang plashda keldi, o‘tirmadi, cho‘ntagidan «Beretta-70» to‘pponchasini chiqardi va o‘t ochdi. Yetti marta o‘q uzdi. Oltitasi Grabovskiga tegdi, u yerga qulaganida allaqachon joni uzilib bo‘lgan edi.
Hammasi sanoqli soniyalarda – sudyalar, himoyachilar, jurnalistlarning ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Ammo video va foto yo‘q edi. Fotosurat esa – rekonstruksiya mahsuli. Masalan, ba’zi tasvirlarda u to‘pponchani sumkasida olib kirgani aytiladi – aslida shunday bo‘lishi ham mumkin.
Shov-shuv
Bu voqea Germaniyada chinakam shov-shuvga aylandi. Ertasi kuni «Bild» gazetasida katta sarlavha bilan maqola chiqdi: «Ona sud zalida o‘z qizining qotiliga o‘t ochdi».
«Der Spiegel» nashri bu voqeaga alohida son bag‘ishlab, shunday savol qo‘ydi: «O‘zboshimchalikmi yoki adolat?» Telekameralar jamoatchilik munosabatini qayd etardi – kimdir chapak chalib qo‘llab-quvvatladi, kimdir esa huquqiy davlatning inqirozi haqida dahshat bilan gapirdi.
Buyuk Britaniyaning «The Times» nashri: «Germaniyada ona o‘z qizining o‘limi uchun qasos olib, qotilni sud zalida otib tashladi», deb yozdi. Amerikadagi «New York Times» esa ehtiyotkorona qayd etishicha, bu yerda insonparvarlik tuyg‘ulari ko‘rinib turibdi, ammo qonun boshqacha yondashuvni talab qiladi.
Germaniyada jamiyat ikkiga bo‘linib ketdi
Ayrimlar uchun Marianna – onalik intiqomining ramzi edi: ayol tizim amalga oshirolmagan ishni qilgan. Boshqalar uchun esa u – adolat tizimiga ishonch yo‘qolishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligining xavfli namunasi edi.
Yangi sud jarayoni... qora kursida Marianna
1983-yilda yana sud jarayoni boshlandi. Zal tag‘in odamlar bilan to‘lib-toshgan, jurnalistlar ham rosa ko‘p edi. Bu safar qora kursida Marianna o‘tirardi. Xuddi teatr sahnasidek edi. Sud binosi oldida «Adolat bor va qonun oldida barcha teng» degan plakatlar ko‘tarilgan edi. Zalda esa Mariannaning qilmishi emas, balki savol muhokama qilindi: ona dardi qotillikni oqlay oladimi?
Sud ayolni odam o‘ldirish va noqonuniy qurol saqlashda aybdor deb topdi. Hukm go‘yo murosaga o‘xshardi: olti yillik qamoq. Aslida esa Marianna turmada uch yilni o‘tkazdi. «Hamdardlik bilan qonun o‘rtasidagi muvozanat» deb atashdi buni muhokamachilar.
Ozodlikdan keyingi hayot
1985-yilda ozodlikka chiqarilgan Marianna Germaniyani tark etdi. Eri bilan avval Nigeriyada, keyin Filippinda yashadi. Ammo oilaviy turmushga darz ketdi va 90-yillarning boshida yana Germaniyaga qaytdi.
Marianna haqida hujjatli filmlar suratga olindi, huquqshunoslar uning ishini auditoriyalarda muhokama qilishdi. Mariannani «imkonsizlikka qo‘l urgan ayol» sifatida tok-shoularga taklif etishardi.
Biroq ommaviy timsol ortida hayotdan charchagan, darddan qutula olmagan ayol yashardi.
Oxirgi yillar
1995-yilda Marianna Baxmayerga umurtqaning bo‘yin qismidagi saraton tashxisi qo‘yildi. Kasallik jadallashdi. Marianna oxirgi oylarini Lyubekdagi shifoxonada o‘tkazdi. U yerda bir nechta intervyu berdi, jumladan, RTL telekanaliga chiqdi. Marianna qilgan ishidan afsusda emasligini ta’kidladi: qonunni buzganini anglasa-da, ammo bu og‘riq va to‘satdan kelgan iztirob iskanjasida boshqa yo‘l yo‘q edi, deb izohladi.
Marianna Baxmayer 1996-yil 17 sentyabrda vafot etdi. U bor-yo‘g‘i 46 yoshda edi. Qizi Annaning yoniga dafn qilishdi.
Xotira
Oradan o‘nlab yillar o‘tdi, ammo Baxmayer tarixi hali ham yashayotir. Kimlar uchundir u – onalik irodasi va bolalarni zo‘ravonlardan himoya qilish ramzi. Boshqalar uchun esa – qonun ustuvorligi buzilganda bosh ko‘taradigan xavfli ogohlantirish.
Huquqshunoslar uchun bu ish – qonun va his-tuyg‘ular to‘qnashuvining sabog‘i. Rasmiylar uchun – shaxsiy fojia butun dunyo shov-shuviga aylangan drama. Jurnalistlar esa hali hamon yozishda davom etmoqdalar.
Marianna Baxmayer tarixi – o‘zboshimchalik xronikasi emas. Bu ayol taqdiri haqida hikoyadir. Farzandiga bo‘lgan muhabbati qonundan ham kuchli bo‘lgan ona haqida. Va jamiyat haqida – u haligacha bu ishga qanday baho berishni hal qilolmadi: qahramonlikmi yoki jinoyatmi?
Marianna Baxmayer o‘zi zarur deb hisoblagan ishga qo‘l urgan edi. Va hech qanday qo‘rquv unga hukmronlik qila olmadi.
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter