Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon TIV Lochin yo‘li yopilganiga doir ayblovni rad etdi

Ozarbayjon TIV Lochin yo‘li yopilganiga doir ayblovni rad etdi

Rasmiy Boku Shusha–Lochin yo‘li Ozarbayjon tomonidan qasddan yopilgani haqidagi ayblovni rad etdi. Bu haqda mazkur mamlakat tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Oyxon Hojizoda bayonot bergan.

Qayd etilishicha, Ozarbayjon tomoni zimmasidagi majburiyatga ko‘ra so‘nggi ikki yil davomida Lochin yo‘lini tiklash va gumanitar maqsadlarda istifoda etish choralarini ko‘rmoqda.

O.Hojizodaga ko‘ra, Yerevan Lochin yo‘lidan noqonuniy iqtisodiy faoliyat va ekologik huquqbuzarlik maqsadida foydalanmoqda.

Gap shundaki, bir necha kundan beri Qorabog‘ning Rossiya tinchlikparvar kontingenti nazoratidagi qismida Ozarbayjon nodavlat tashkilotlari vakillari norozilik namoyishi o‘tkazmoqda. Rasmiy Bokuga ko‘ra, hududning rus qo‘shini joylashgan qismida Ozarbayjonga tegishli tabiiy boyliklar noqonuniy ravishda qazib olinmoqda. Bu o‘rinda gap Qizilbuloq oltin koni va Temirli mis-molibden koni haqida ketmoqda. Ozarbayjon iqtisodiyot, ekologiya, tabiiy resurslar idoralari ekspertlari hududga monitoring uchun  qo‘yilmagan. Ozarbayjon tashqi siyosat mahkamasi ushbu holat bo‘yicha rasmiy Moskvaga norozilik notasi ham topshirgan. Pirovardida mahalliy faollar e’tiroz ramzi sifatida norozilik namoyishi boshlagan.

Armaniston tomoni Lochin koridori masalasida ko‘mak so‘rab Rossiyaga murojaat qilgani aytilmoqda. Rasmiy Yerevan Bokuni norozilik namoyishi vositasida hududda gumanitar inqiroz yuzaga keltirishda ham ayblagan. Mazkur ayblovni rad etgan Ozarbayjon TIV vakili norozilik aksiyasiga xayrixohlik bildirgan.

«Shusha–Lochin yo‘lida Ozarbayjon fuqarolik jamiyati vakillari va ekofaollarning norozilik aksiyasini noqonuniy xatti-harakatlarga nisbatan Ozarbayjon jamoatchiligining e’tirozi deb qabul qilish maqsadga muvofiqdir. Fuqarolik jamiyatining ushbu pozitsiyasini hurmat qilish kerak», – degan O.Hojizoda.

Eslatib o‘tamiz, Qorabog‘da 2020-yil 27-sentyabrda boshlangan 44 kunlik urush yakunida Ozarbayjon ishg‘ol ostida bo‘lgan yerlarini qaytarib olgan. 2020-yil 10-noyabrda Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya tomonidan imzolangan uch tomonlama kelishuvga binoan mintaqaga Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring