Qirg‘iziston TIV chegaradagi vaziyat sabab Tojikistonga norozilik notasini topshirdi
![Qirg‘iziston TIV chegaradagi vaziyat sabab Tojikistonga norozilik notasini topshirdi](https://xabar.uz/static/crop/8/4/920__95_842792833.jpg)
Qirg‘iziston TIV Tojikistonga chegaradagi qurolli mojaro yuzasidan norozilik notasini topshirdi. Bu haqda Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bugun, 16-sentyabrda axborot tarqatdi.
Qayd etilishicha, norozilik notasi «tojik tomonining noqonuniy va buzg‘unchi harakatlari yuzasidan» topshirilgan.
«Qirg‘iziston tomoni 2022-yil 16-sentyabrda Tojikiston tomoni ilgari erishilgan barcha kelishuvlarni buzgan holda, Qirg‘iziston chegarasiga qo‘shinlarini oldindan olib chiqib, qurolli kuchlar, og‘ir harbiy texnikadan foydalangan holda Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Botken va Leylek tumanlaridagi qirg‘iz-tojik davlat chegarasining butun perimetri bo‘ylab chegara va fuqarolik ob’yektlariga hujum qilganini qayd etdi.
Qirg‘iziston tomoni erishilgan barcha kelishuvlarga qat’iy rioya qilishni, o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy qo‘shinlarni olib chiqishni, shuningdek, chegara hududlarida vaziyatning keskinlashuviga olib keladigan vaziyat yaratmaslikni talab qiladi va yana bir bor ta’kidlaydi. Chegarani faqat siyosiy va diplomatik vositalar bilan hal qilish kerak», – deyiladi qirg‘iz tomonining norozilik notasida.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tojik harbiylari Botken tumani Oqsoy qishlog‘idagi maktablarning biriga o‘z bayroqlarini qadagan.
Bir muddat avval esa ayni paytda Samarqandda bo‘lib turgan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning qisqa muddatga ShHT yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan zalni tark etgani xabar qilingan edi.
Shuningdek, Jogorku Kenesh spikeri Talant Mamitov chegaradagi vaziyat sabab parlament binosi oldiga to‘plangan fuqarolar oldiga chiqib, prezident Sadir Japarov bugun kechqurun qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazishini aytgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter