Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qirg‘izistonda yangi turdagi dinozavr qoldiqlari topildi — Alpqoraqush

Qirg‘izistonda yangi turdagi dinozavr qoldiqlari topildi — Alpqoraqush

Foto: Dinopedia

Germaniyaning Myunxen paleontologiya muzeyi olimlari qirg‘izistonlik hamkasblari bilan birgalikda Toshko‘mir shahri yaqinidagi tog‘-cho‘lli hududda teropod guruhiga mansub yirtqich dinozavr qoldiqlarini topishdi. Tadqiqot haqida yozilgan maqola Zoological Journal of the Linnean Society (ZJLS) ilmiy nashrida e’lon qilindi.

Yangi turdagi dinozavrga Alpkarakush kyrgyzicus — Qirg‘iz alpqoraqushi, deb nom berildi.

«Alpkarakush kyrgyzicus — Qirg‘iziston hududida topilgan ilk teropod dinozavr. Unga «Manas» eposidagi afsonaviy ulkan qush — Alpqoraqush nomi berildi», — deyiladi maqolada.

Foto: Species New to Science

Dinozavrning toshga aylangan qoldiqlari taxminan 165 million yil avval o‘rta yura davrida hosil bo‘lgan Balbansoy qatlamining cho‘kindilarida topildi. Tahlil xulosalariga ko‘ra, bahaybat kaltakesakning uzunligi taxminan to‘qqiz metrga yetgan va ulkan «qoshlar» — bosh suyagidagi ko‘z bo‘shlig‘i ustidagi katta suyak bo‘rtig‘iga ega bo‘lgan.

Foto: Reddit

Ko‘plab boshqa teropodlarga solishtirilgan qirg‘iz dinozavri metriakantozavridlarga mansubligi va Sharqiy Osiyoning yirtqich dinozavrlari bilan uzviy bog‘liqligi aniqlangan.

Paleontologlar metriakantozavrid va teropodlarning boshqa muhim guruhlari Janubi-Sharqiy Osiyoda paydo bo‘lgan va Markaziy Osiyo hamda Yevropa orqali boshqa qit’alarga tarqalgan, deb taxmin qilishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring