Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston prezidenti parlament islohotini taklif qildi

Qozog‘iston prezidenti parlament islohotini taklif qildi

Qozog‘istondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun parlament islohotlari o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 8 sentyabr kuni parlament palatalarining qo‘shma yig‘ilishida mamlakat xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida gapirdi.

“Oliy vakillik hokimiyatining ushbu islohoti avvalgi barcha o‘zgarishlar, jumladan, prezident hokimiyatini isloh etish bo‘yicha sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ladi. 2022 yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan umummilliy referendumda ko‘pchilik fuqarolar davlatni “Kuchli prezident – nufuzli parlament – hisobdor hukumat” konsepsiyasi asosida tubdan modernizatsiyalash strategiyasini qo‘llab-quvvatladi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz va hatto xorijda ro‘y bergan hodisalar ushbu siyosiy kursning to‘g‘riligini tasdiqladi. Ammo bir joyda turg‘un qolib bo‘lmaydi, mamlakat va kelajak avlod haqida o‘ylashimiz kerak”, – dedi Qozog‘iston prezidenti.

Qayd etilishicha, 1995 yilda tuzilgan Qozog‘iston parlamentining yuqori palatasi (Senat) murakkab siyosiy sharoitda davlat qurilishi barqarorligiga xizmat qilib kelmoqda.

Q.To‘qayev yaqin kelajakda mamlakatda bir palatali parlamentni tashkil etish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

“Avvaldan ogohlantirmoqchiman: bu juda jiddiy masala va uni hal etishda shoshma-shosharlik ketmaydi. Ushbu islohot fuqarolik sektori, ekspertlar doirasi va albatta amaldagi parlamentda har tomonlama to‘liq muhokama etilishi kerak”, – dedi siyosatchi.

Tegishli bahs, muhokamalardan keyin, 2027 yilda bu borada referendum o‘tkazish va Konstitutsiyaga kerakli o‘zgarishlarni kiritish mumkin.

“Ko‘p bora aytganimdek, davlat uchun muhim ahamiyatga ega masalalar faqat xalq roziligi bilangina hal etilishi kerak. Agar bir palatali parlament zarurati bo‘yicha mushtarak qarorga kelsak, nazarimda, bunday parlamentni partiyalar ro‘yxati asosida saylash lozim bo‘ladi”, – dedi Q.To‘qayev.

Notiqning fikricha, ushbu siyosiy islohot dunyoda keng tarqalgan parlamentchilik an’analariga mos keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring